Dil koʻrmagan dard qolmadi,
Ishq soʻzlagan shart qolmadi,
Oxir bunda baxt qolmadi,
Vafo yoʻqdir yuragingda,
Ketding, menga keragingda.

Boshlanmay hali turmushing,
Orti besabab urishing,
Endi viqorli turishing,
Tikon toʻla etagingda,
Ketding, menga keragingda.

Turish, turmish bahonasi,
Pand berdi yo, qiz onasi,
Tinglamading dil nolasin,
Oʻzga ekan tilagingda,
Ketding, menga keragingda.

Sendan faqat vaʼda qoldi,
Ketdim degan zada qoldi,
Ahtu-paymon qayda qoldi?
Oʻzga qoʻli bilagingda,
Ketding, menga keragingda.

Kimda boʻlmas nuqson-u, qusur,
Beayb sira soʻramas uzr,
Illat emas, hikmatda huzur,
Elading koʻp elagingda,
Ketding, menga keragingda.

Qaytar dunyo, qaytib qolar,
Qilmishing soʻz aytib qolar,
Koʻz yosh yuzing artib qolar,
Soʻzim qolsin kuragingda,
Ketding, menga keragingda.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
10-oktabr 2022-yil