«MEHRINGIZDAN AYLANAY»

ONAM SHODLIGIDAN…

Kelajak yolimga nazar solarman,
Ertangi kunimni o‘ylab qolarman.
Bir narsani aniq angladim, bildim,
Onam shodlanganda baxtga to‘larman.

Ko‘z tegmasin aslo tog‘dek baxtimga,
Shijoat qo‘shilar yana shahdimga,
Siz ham quloq soling qat’iy ahdimga:
Onam shodlanganda baxtga to‘larman.

Hech kim o‘z-o‘zidan chinor bo‘lmagay,
Onamsiz bog‘imda bahor bo‘lmagay,
Ko‘rganda ko‘nglimda g‘ubor bo‘lmagay,
Onam shodlanganda baxtga to‘larman.

ERKAM

Dilimdagi nafis tuyg‘ular sendan,
Chiroyli gulzorga o‘xsharsan erkam.
Eng ezgu maqsad-u orzular sendan,
Fasli navbahorga o‘xsharsan, erkam.

Ketsang nigohlarim qoladi muzlab,
Eng avval yuragim qoladi izlab,
Qalbim bo‘stonidan ketma yolg‘izlab,
Fasli navbahorga o‘xsharsan, erkam.

Ko‘klamda porlagan oftob misoli,
Nafasing yoqimli, huzur safoli,
Kelaqol, yashnasin sevgi niholi,
Fasli navbahorga o‘xsharsan, erkam.

UZILMASIN NASIBAM

Baxt-u omad sehridan,
Bu dunyoning mehridan,
Bobolarim zehnidan
Uzilmasin nasibam.

Er yigitning baxtidan,
Toleimning taxtidan,
Vafoli yor ahdidan,
Uzilmasin nasibam.

Hayot berar rizqimni,
Baxt to‘ldirar ilkimni,
Nurga belar ishqimni,
Uzilmasin nasibam.

MENING YONIMDA YIG‘LAMAS ONAM!

Hayoting achchiq dardin totsa ham,
Yomonlar so‘zi og‘ir botsa ham,
Ba’zan yaqinlar sirin sotsa ham,
Mening yonimda yig‘lamas onam!

Ko‘z qarog‘ida yoshlar to‘lsa ham,
Gulzori aro toshlar to‘lsa ham,
Dard-u, fig’oni osmon bo‘lsa ham,
Mening yonimda yig‘lamas onam!

Garchi dardlari tog‘larga qiyos,
Ammo atvori To‘marisga xos,
Men ham ularga o‘g‘lon bo‘lay mos,
Mening yonimda yig‘lamas onam!

DARDINGNI BO‘LISHMA…

Dillingni kuydirib ketsa-da alam,
Fig‘oning osmoni ishg‘ol etsa ham,
Mag‘rur vujudingni egar bo‘lsa g‘am,
Dardingni bo‘lishma bedardlar bilan.

Beparvo tinglaydi bir zum hasrating,
Lekin sira bo‘lmas jonday ulfating,
Zarra qolmasa-da sabr – toqating,
Dardingni bo‘lishma bedardlar bilan.

SOG‘INCHINGGA O‘RGANIB QOLDIM

Yuragimni qiynaydi firoq,
Ketolmayman ko‘changdan yiroq,
Kelgin o‘zing ahvolimga boq,
Firog‘ingda o‘rtanib qoldim,
Sog‘inchingga o‘rganib qoldim.

Shodlik ketdi dilimni tashlab,
Tinch damlarni qaylarga boshlab?
Olovyurak edim quyoshqalb,
Firog‘ingda o‘rtanib qoldim,
Sog‘inchingga o‘rganib qoldim.

Vaslingga menga nasib etsaydi,
Hijron g‘ami olis ketsaydi,
Qismat yo‘li senga yetsaydi,
Firog‘ingda o‘rtanib qoldim,
Sog‘inchingga o‘rganib qoldim.

XAYOLIM O‘ZINGDA…

Sog‘inchda yashayman bir bora ko‘rib,
Tomirlarim ichra sevgi jo‘sh urib,
Umrim o‘tayotir mahzun o‘y surib,
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

Sog‘inchli maktublar bitib o‘tyapman,
Dardimni ichimga yutib o‘tyapman,
Sening muhabbating kutib o‘tyapman,
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

Gul ruxsoring tamom asir ayladi,
Qalbimni o‘ziga ipsiz boyladi,
Yuragim qa’riga ishqni joyladi.
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

YONIMDA BO‘LING

Sizdan doim shuni istardim faqat,
Umrim so‘ngigacha yonimda bo‘ling.
Meni tashlab ketmang hech qachon, hech vaqt,
Umrim so‘ngigacha yonimda bo`ling.

Umrimiz har faslin ko‘raylik birga,
Bu dunyo to‘lmagay shunda hech sirga,
Hayot ham o‘xshaydi bepoyon qirga,
Umrim so‘ngigacha yonimda bo‘ling.

Sizning mehringizdan g‘amlar ham qochsin,
Omad yo‘limizga o‘z nurin sochsin,
Bu dunyo bag‘rini bizga keng ochsin,
Umrim so‘ngigacha yonimda bo`ling.

Onajon, sizsiz men g‘amxonadurman,
Hayotim besamar vayronadirman.
Men faqat bir sizga ishonadirman,
Umrim so‘ngigacha yonimda bo‘ling.

ENG AVVAL…

Kunlarim zulmatga aylanib qolsa,
Shodligim gʻurbatga aylanib qolsa.
Eng avval oʻzimdan topay xatolar,
Doʻstlarim sotishga shaylanib qolsa.

Nogahon tortilsa doʻstlik qoʻllari,
Gʻamlarga tutashsa quvonch yoʻllari.
Eng avval oʻzimdan topay xatolar,
Boshimga yogʻilsa kulfat doʻllari.

Yurishmay qolsa har boshlagan ishim,
Xiyonat aylasa ishongan kishim.
Eng avval oʻzimdan topay xatolar,
Sababini bilsam, tugar tashvishim.

YURAGIM SIZNIKI…

O‘zingiz bilmaysiz beparvo yurib,
Kimlar haqidadir xayollar surib,
Bir narsani bildim sog‘ina turib,
Yuragim sizniki bo‘lib qolibdi.

Men bilan dunyoga kelgan yuragim,
Umrim davomida mudom keragim,
O‘zim ham bilmagan qanday tilagim,
Yuragim sizniki bo‘lib qolibdi.

Bu o‘tli jismimdan uzoqqa ketib,
Aql-u hushim bilan nifoqqa yetib,
Meni bechorahol, sargardon etib,
Yuragim sizniki bo‘lib qolibdi.

AHLI OLAMLAR

Nechun inson gunohga botar,
Gohi qadri poygakda yotar,
Do‘st do‘stini nimaga sotar,
Bu nimaning daxlli odamlar,
O‘ylab ko‘ring ahli olamlar.

Ko‘ngilni ne chulg‘ab olmoqda,
Kimlar kimga sirtmoq solmoqda,
Hasadchilar zimdan kulmoqda,
Bu nimaning daxlli odamlar,
O‘ylab ko‘ring ahli olamlar.

Kim aslida tulki yo chayon,
Yuzlaridan bo‘lmaydi ayon,
Ketmoqdamiz oxiri qayon?
Bu nimaning daxlli odamlar,
O‘ylab ko‘ring ahli olamlar.

SABOT TILAYMAN

Do‘stlaringiz nogoh sotib ketishsa,
Kerakmas buyumdek otib ketishsa,
Yuraklari toshdek qotib ketishsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.

Tinmay boqsa agar xiyonat ko‘zi,
Dilingiz tilsa gar dushmaning so‘zi,
Ishongan kishingiz o‘girsa yuzin,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.

Borgan har eshingiz ochilmay qolsa,
Minnatli oshlardan ko‘nglingiz tolsa,
Har qadam dushmanlar oyoqdan olsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.

Alamlardan yurak otashdek yonsa,
Omadsiz kuningiz yaqinlar tonsa,
Shunda ham qalbingiz umidga qonsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.

Ey do‘stim, hayoting ko‘pdir g‘amlari,
Unda o‘chadi goh shodlik shamlari,
Azob-musibatning og‘ir damlari,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.

KECHIRGIN DO‘STIM

Omadim ko‘zimni yog‘lab qo‘yibdi,
Sen tomon yo‘llarim chohlab qo‘yibdi,
O‘tkinchi mol dunyo bog‘lab qo‘yibdi,
Kechirgin gunohim, kechirgin do‘stim.

Maqtovli so‘zlarga ko‘nglim uchibdi,
Meni faqat soxta do‘stlar quchibdi,
Shu sabab yuraging alam ichibdi,
Kechirgin gunohim, kechirgin do‘stim.

Do‘stliging gohida erish tuyuldi,
Shon-u shuhratimdan hushim suyuldi,
Meni deb ko‘nglinga dardlar quyuldi,
Kechirgin gunohim, kechirgin do‘stim.

NIMA QILSIN AXIR…

Gul umring xazondek so‘lib borsa-yu,
Alamlar yuraging tilib borsa-yu,
Do‘st-u yaqinlaring bilib tursa-yu,
Holingni so‘rashga odam bo‘lmasa,
Nima qilsin axir, alam qilmasa.

Yoningdan o‘tsalar beparvo bo‘lib,
Sen bilmas kimsalar ortingdan kulib,
Kundan kun yuzlaring ketsa-yu so‘lib,
Holingni so‘rashga odam bo‘lmasa,
Nima qilsin axir, alam qilmasa.

Odamning taftini odam oladi,
G‘amgin dillaringga shodlik soladi,
Yolg‘iz inson mudom shundan toladi,
Holingni so‘rashga odam bo‘lmasa,
Nima qilsin axir, alam qilmasa.

Ishongan do‘stlaring oson sotilsa.
Sen tomon ta’nali toshlar otilsa,
Shirin taomingga zahar qotilsa,
Eng og‘ir damingda tirgak qolmasa,
Nima qilsin axir, alam qilmasa.

QILMA JAVOLIQ

Sevgim, qay joyida o‘tdi xatoliq,
Umrim xazon aylar erta jidoliq.
Tunlari hasratim tinglar bolishim,
Yorginam bunchalar qilma javoliq.

Hayollarim ketar go‘yo qaroliq,
Bu qanday masofa bitmas oraliq.
Kunduzi dardlarim ortar birma-bir,
Yorginam bunchalar qilma javoliq.

Ko‘nglimni o‘rtaydi ming bir yaroliq,
Nahotki umrbod bo‘lsa ayroliq.
Ko‘zimga bir boqqin, anglaysan holim,
Yorginam bunchalar qilma javoliq.

Bekpo‘lat qalbida hajring qadoliq,
Bu qandayin qismat bevaqt adoliq,
Ey, sen pariyo‘rim gunohim nedur?
Yorginam bunchalar qilma javoliq.

GUNOHKOR O‘ZING

Gohida aldaydi shu ikki ko‘zing,
G‘iybatli gaplarga aylanar so‘zing.
Musibat mehmoning bo‘lsa agarda,
Aybdor axtarma, gunohkor o‘zing.

Tashvish bir sababchi sening kasringga,
Hech kim bir g‘isht qo‘ymas ko‘ngil qasringga,
Quloq solmasalar o‘tli arzingga,
Aybdor axtarma, gunohkor o‘zing.

O‘ZIMGA

Xatolarim kuzatib zimdan,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.
Onajonim dardin ko‘rmagan,
Xafa bo‘ldim ikki ko‘zimdan.

Xushomadli yo‘llarda yurdim,
Bilganimcha o‘y-xayol surdim,
Yuzingizdan yuzimni burdim,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Gohi qochib kutgan chog‘ingiz,
Xazon bo‘ldi bahor bog‘ingiz,
Ortaverdi ko‘ngil dog‘ingiz,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Faqat yedim tayyor oshingiz,
Balki men deb egik boshingiz,
Yig‘lasangiz artmay yoshingiz,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Kimlar uchun goh ko‘z-u, qoshman,
Aslida men bir bag‘ri toshman,
Bugun afsus og‘zida oshman,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Ertasi yo‘q chiroyga uchib,
Ko‘hna dunyo saroyga uchib,
Ketibman-ku o‘zlikdan kechib,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Ko‘zguda chin aksim ko‘rmabman,
Onajon, deb ahvol so‘rmabman,
Dardingizda darmon bo‘lmabman,
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

Shoirman deb ko‘krak keribman,
Qizlarga gul so‘zlar teribman,
Sizga qachon shodlik beribman?
Nafratlanib ketdim o‘zimdan.

SODDA OSHIQ…

Tunlarni kunlarga ulab kutguvchi,
Sevaman desang bas, jonim tutguvchi,
Sening dardlaringla alam yutguvchi,
Men bir sodda oshiq, hajring adosi.

Senga aytolmagan so‘zlarim she’rda,
Dardlarimni anglab bir imkon ber-da,
Qadrimni ko‘raman gohida yerda,
Men bir sodda oshiq, hajring adosi.

Bir tabassumingga ovunib yashar,
Poyingga ko‘zlarim nigoron toshar,
Har bir ko‘rganida umidi oshar,
Men bir sodda oshiq, hajring adosi.

Ko‘nglingga yetarmi ko‘nglim sadosi?
Mehringni chinakam mushtoq gadosi.
Sevgimga gumonlar ortidan boqma,
Men bir sodda oshiq, hajring adosi.

SEVGINING BIR KAROMATI

Ne o‘tkinchi ishga qo‘llar urmadim,
Do‘st-u yor so‘ziga yuzim burmadim,
Yor vaslidan o‘zga o‘ylar surmadim,
Shu ekan sevgining bir karomati.

Yurish-u turishim o‘zgacha endi,
So‘zlash-u kulishim o‘zgacha endi,
Sog‘inib, kutishim o‘zgacha endi,
Shu ekan sevgining bir karomati.

Saharlab uyg‘onib bedor bemordek,
Hajringdan to‘kildim dona anordek,
Yelkanga qo‘nayin mayli g‘ubordek,
Shu ekan sevgining bir karomati.

Kutishni o‘rgandim yo‘lingni poylab,
Qalbimga shirin o‘y-hislarni joylab,
Sevging ikki ko‘zim qo‘ydi-ku boylab,
Shu ekan sevgining bir karomati.

JAVOBSIZ SEVGINING UVOLI YOMON

Ey, yorim beparvo boʻlma bunchalar,
Koʻngilda soʻnadir umid gʻunchalar,
Ayt, mening gunohim nima shunchalar?
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Sahardan shomgacha diydoring koʻzlab,
Yuribman, sogʻinsam pinhona boʻzlab,
Qatra-qatra dardim suratga soʻzlab,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Chin oshiq bunda ming, xarob boʻlsa-yu,
Orzular birma-bir sarob boʻlsa-yu,
Koʻz yoshim oʻzimga sharob boʻlsa-yu,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Mendan qochib yurma, boʻlib erkatoy,
Yuragim huvullab qolgan boʻsh saroy,
Senga ham qiyindir, bilmam, hoynahoy,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Bekpoʻlat Baxtiyor, kunda dard yutar,
Yoʻlingni poylab intizor kutar,
Javobin oladi kim neki tutar,
Javobsiz sevgining uvoli yomon…

BALKI…

Qovog‘idan qorlar yog‘ar tinmayin,
Ba’zilar yashaydi shunday kulmayin,
Bir so‘z aytish qiyin, dardin bilmayin,
Balki uning sira sirdoshi yo‘qdir.

Hayoti bir tekis o‘tar shundayin,
Har bir kuni go‘yo oddiy kundayin,
Boqsam yurak bag‘ri tamom xundayin,
Balki uning sira qardoshi yo‘qdir.

Dushmanlar dilini qora etmoqda,
Tashvishli damlarga chora etmoqda,
Yurakdagi g‘amni pora etmoqda,
Balki uning sira bardoshi yo‘qdir.

Dunyo g‘amlaridan ho‘ngrab yig‘lashga,
Ishonchsiz do‘stlarni yana sinashga,
Yurakdagi g‘amga pinhon bo‘ylashga,
Balki uning sira bardoshi yo‘qdir.

Bekpo‘lat Baxtiyor, hayot jumboqdir,
Hayotimiz go‘yo daryo qirg‘oqdir,
Har bir onimizda tashvish o‘rtoqdir,
Balki uning sira ko‘zyoshi yo‘qdir.

MEHRINGIZ ISTADIM FAQAT

Qarshimga kuliblar keldingiz do‘stim.
Bildirmay sizlarga boru kam ko‘stim,
Yurakdagi xolis o‘zgarmas rostim,
Men sizdan mehringiz istadim faqat.

Obro‘, sha’ningizga qilmayman da’vo,
Menga bir mehringiz go‘yo suv, havo,
Ig‘voli so‘zlardan topilmas davo,
Men sizdan mehringiz istadim faqat.

Do‘stim deb qarshimga kelganingizda,
Bir og‘iz shirin so‘z deganingizda,
Shu yurak amrini bilganingizda,
Men sizdan mehringiz istadim faqat.

Sog‘ omonligingiz, men uchun bir baxt,
Do‘stlik deganlari suyanchiq daraxt,
Ishoning dilimda yo‘qdir o‘zga ahd,
Men sizdan mehringiz istadim faqat.

SO‘Z HIKMATI

Mendan baxtli odam yo‘q,
Juda ajib ibora.
Bundan bo‘lib ko‘ngil to‘q,
Sevinamiz tobora…

Mendan baxtsiz odam yo‘q,
Qanday mudhish ibora.
Bir aytilib tekkan o‘q,
Shunday bo‘lar nachora…

HAQIQIY DO‘ST…

Haqiqiy do‘st do‘stidan,
Topar o‘zin siyratin.
Har bir aytgan rostidan,
Chizar do‘stlik suratin.

Faqat o‘zin o‘ylagan,
Do‘stin sira o‘ylamas,
Ming bor do‘st deb so‘ylagan,
Haqiqatga yaqinmas.

Chinakam do‘st, hech qachon,
Do‘st sirini sotmaydi.
Kelsa agar ne zamon,
Do‘stga toshlar otmaydi.

QO‘RQAMAN…

Qoʻrqaman, kun kelib baxtsiz qolishdan,
Qoʻrqaman, tun kelib kunsiz qolishdan.
Qoʻrqaman, oyogʻim uzilib yerdan,
Notavon, beburddek ahdsiz boʻlishdan.

Qoʻrqaman, yurakning amridan chiqib,
Shaytonning soʻziga xirom aylashdan.
Qoʻrqaman, boshimni olovga tiqib,
Halol umrimni men harom aylashdan.

Qoʻrqaman, onamni yoʻqotib qoʻyib,
Soʻnggi pushaymondan oʻzimni koyib,
Qoʻrqaman, bugungi kunimga toʻyib,
Ertangi kunimni badnom aylashdan.

Qoʻrqaman, doʻstlarim jabrin tuyishdan,
Qoʻrqaman, manmanlik meni suyishdan.
Qoʻrqaman, laʼnat-u qargʻishlar olib,
Vijdon azobida yonib kuyishdan.

IZHORI DIL

Sizga ko‘ngil qo‘ydim deb,
Hajringizdan to‘ydim deb,
Yurak, bag‘rim o‘ydim deb,
Yuravergan oshiqman.

Sizga kelib goh malol,
Umid topsa gar zavol,
Shundan ham ming bir xayol,
Suravergan oshiqman.

Ishq ko‘zimni namlasa.
Azoblarni jamlasa,
Firoq jonim g‘amlasa,
Yonavergan oshiqman.

Ming bor to‘qlar ursangiz,
Qavoq uyib yursangiz,
Yuzimdan yuz bursangiz,
Ko‘navergan oshiqman.

OMON BO‘LINGLAR!

Hayot hikmatin izlagan paytim,
Xush misralarda gullagan baytim,
Xolis so‘zlarim ko‘ngildan aytdim,
Meni suyganlar, omon bo‘linglar!

She’rlarim ko‘ngil to‘ridan sizga,
Qalbimning aziz qo‘ridan sizga,
Tilagimning eng zo‘ridan sizga,
Meni suyganlar, omon bo‘linglar!

Onam shodondir shoir bolam deb,
Yaxshi ishlarga qodir bolam deb,
Har bir onimda bordir bolam deb,
Meni suyganlar, omon bo‘linglar!

Meni e’zozlab, baxtim kutganlar,
Xush zabon tildan ahdim kutganlar,
Yiqilsam darrov qo‘lin tutganlar,
Meni suyganlar, omon bo‘linglar!

Ko‘rmangiz riyo, bo‘lmangiz xasta,
Baxt qo‘l uzatsin bo‘lib gulsata,
Mehringizga jon bo‘lsin payvasta,
Meni suyganlar, omon bo‘linglar!

SUYANGAN TOG‘IMDIR…

Bir ishga qo‘l bormay gumon qiynasa,
Gumonlar ham tinmay sabrim sinasa,
Ortga qaytisha hech ko‘nglim bo`lmasa,
Suyangan tog‘imdir onam duosi.

Yurakni qamchilar eng og‘ir damda,
Xavotir uyg‘onsa har bitta g‘amda,
Yuragim yonsa gar tinmay alamda,
Suyangan tog‘imdir onam duosi.

Kuchimga kuch bo‘lar quvvat ketganda,
Shodliklar ketib afsus yetganda,
Yuragimni shodlik asir etganda,
Suyangan tog‘imdir onam duosi.

YURIBSANDA…

O‘zga bilan ishing bo‘lmasa,
Yurakda bir ishqing bo‘lmasa,
So‘qir ko‘zda ashking bo‘lmasa,
Yuribsan-da o‘zing odam deb.

So‘zlaringda o‘ynasa ig‘vo,
O‘z qilmishing o‘zingga g‘avg‘o,
Inson demoq mushkuldir ammo,
Yuribsan-da o‘zing odam deb.

Ota onang kutib xor bo‘lsa,
Yo‘laringga intizor bo‘lsa,
Bitta shirin so‘zga zor bo‘lsa,
Yuribsan-da o‘zing odam deb.

Uyda juft-u haloling turib,
Sen o‘zgalar ko‘yida yurib,
Yana taqdir qo‘ymasin urib…
Yuribsan-da o‘zing odam deb.

GULCHEHRANG…

Kelmasin malollar sog‘inib yursam,
Yolg‘iz seni o‘ylab yoniblar tursam,
Hijronlar ketadi o‘zingni ko‘rsam,
Gulchehrang xayolim o‘g‘irlab qo‘ydi,
Yo‘llarim sen tomon to‘g‘rilab qo‘ydi.

Orzular qa’rida seni o‘ylayman,
Sog‘insam ismingni pinhon so‘ylayman,
Surating qo‘limda qarab to‘ymayman,
Gulchehrang xayolim o‘g‘irlab qo‘ydi,
Yo‘llarim sen tomon to‘g‘rilab qo‘ydi.

Seni eslatadi, go‘zal damlarim,
Vaslingga yetkazib arit g‘amlarim,
Sensiz ortaverar dilda kamlarim,
Gulchehrang xayolim o‘g‘irlab qo‘ydi,
Yo‘llarim sen tomon to‘g‘rilab qo‘ydi.

ISHONDIM…

Hech kimga ortiqcha gumon qilmasdan,
Ig‘voli xayoldan ko‘ngil tilmasdan,
Yomon o‘y surmadim bilib bilmasdan,
Ishondim menga ham ishonganlarga.

O‘g‘lim deb e’zozlab kutganlarim bor,
Dard yutsam dardlarim yutganlarim bor,
Mehr istasam jonin tutganlarim bor,
Ishondim menga ham ishonganlarga.

Qo‘limdan kelgancha mehrim ulashay,
Eng baxtli onlarin birga kuylashay,
Bekpo‘lat Baxtiyor, mehringizga shay,
Ishondim menga ham ishonganlarga.

UNUTMANG…

Barcha ham azaldan barobar emas,
Boylikning ortidan sarosar emas,
Ba’zilar savobga da’vogar emas,
Unutmang, dunyoda yaxshi-yomon bor.

Kulgan har chehraning fayzi bo‘lmaydi,
Yaxshining Vatanga arzi bo‘lmaydi,
Xudbining farzandlik farzi bo‘lmaydi,
Unutmang, dunyoda yaxshi-yomon bor.

Ishonmang, har qanday o‘ynoqi ko‘zga,
Ishonmang, hiylakor ig‘voli so‘zga,
Ishoning, onaga va faqat o‘zga,
Unutmang, dunyoda yaxshi-yomon bor.

Oqil-u odillar nurli hayoti,
Sira g‘am chekmasin o‘tli bayoti,
Tutmasin ularni g‘amning sayyodi,
Unutmang, dunyoda yaxshi yomon bor.

BUNCHA MAG‘RUR YURASAN?

Oydek to‘lib yurasan,
Guldek kulib turasan,
Mendan o‘zga kimni sen
Buncha xayol surasan?

Hijroningni soz aylab,
Qadd-u basting g‘oz aylab,
Jabring manga boz aylab,
Buncha mag‘rur yurasan?

Oshiq so‘zim tinglamay,
Meni o‘zga tenglamay,
Yurak bag‘ring kenglamay,
Buncha mag‘rur yurasan?

Qadrim chunon ezildi,
Yolg‘izligim sezildi,
Dard alamlar tizildi,
Buncha mag‘rur yurasan?

Ey, tosh bag‘ir dildorim,
Ko‘nglim senga xumorim,
Kuydirguvchi beorim,
Buncha mag‘rur yurasan?

DO‘STLIK TA’RIFI

Do‘sting bo‘lsa kunlaring shodon,
Chin yurakdan otasan xandon,
Nomardga ish tushmas hech qachon,
Mana senga do‘stlik ta’rifi.

Bilaklaring kuchga to‘ladi,
Armonlaring guli so’ladi,
Kulsa faqat baxting kuladi,
Mana senga do‘stlik ta’rifi.

Nafasingni havosi bo‘lar,
Dardlaringni davosi bo‘lar,
Xonishlaring navosi bo‘lar,
Mana senga do‘stlik ta’rifi.

Yaxshi-yomon kuningda tirgak,
Turli g‘anim kulfatdan sergak,
U hamisha yoningda kerak,
Mana senga do’stlik ta’rifi.

YASHASA YOLG‘IZ

Ko‘zlarida yoshi qotadi,
Yo‘lin topmay boshi qotadi,
Qoshiq yetmay oshi qotadi,
Kimdir agar yashasa yolg‘iz.

Ko‘hna dunyo torlik qiladi,
Taqdir, qismat xorlik qiladi,
Pushaymon-u zorlik qiladi,
Kimdir agar yashasa yolg‘iz.

O‘z-o‘ziga yoqmay ketadi,
Ko‘ngillarga oqmay ketadi,
Sira ortga boqmay ketadi,
Kimdir agar yashasa yolg‘iz.

Hech bir ishga ko‘zi yetmaydi,
Yaqinga ham so‘zi yetmaydi,
Baxt shodlikka o‘zi yetmaydi,
Kimdir agar yashasa yolg‘iz.

Minnat ila kuzatgan oshdan,
Achchiq dardin qo‘zg‘atgan oshdan,
Qo‘lin uzar uzatgan oshdan,
Kimdir agar yashasa yolg‘iz.

O‘TAR KETAR DENG

Yuraklarga kelganda g‘amlar,
Yodga tushsa azobli damlar,
Yorishmasa ko‘ngilda shamlar,
Bu kunlar ham o‘tar, ketar deng.

Tuzoq chiqib oyoq qoqilsa,
Sizga yomon ko‘zlar boqilsa,
Ishonchlar ham suvga oqilsa,
Bu kunlar ham o‘tar, ketar deng.

Iztiroblar jonlardan o‘tsa,
Nomard zotlar toshlarin otsa,
Nurli ko‘ngil quyoshdek botsa,
Bu kunlar ham o‘tar, ketar deng.

Keling do‘stim qiling bir toqat,
So‘ngra sizga yog‘ilsin rohat,
Yomonlardan asrasin faqat,
Bu kunlar ham o‘tar, ketar deng.

CHARCHADIM

Meni sendan ayirgan firoqlardan charchadim,
Tish tirnog‘in qayragan qiynoqlardan charchadim.

Har on senga talpinar lek visolga yor etmas,
Yurak bag‘rimni o‘yar nifoqlardan charchadim.

Tinmay qiynar oh meni sendan ayro kunlarim,
Nega bundayin degan so‘roqlardan charchadim.

Oramizda to‘siq bor ancha uzun davoni,
Umr dengizidagi qirg‘oqlardan charchadim.

Baxtim kuldi deb tursam kimdir kulib ustimdan,
So‘z qo‘shgan so‘zlarimga qo‘rqoqlardan charchadim.

Bekpo‘lat Baxtiyor she’r ash’oridan baxt topar,
Bu baxtimni ko‘rolmas o‘rtoqlardan charchadim.

O‘RGANING

Faqat kulib yurmasdan yig‘lashni ham o‘rganing.
Barchani do‘st bilmasdan sinashni ham o‘rganing.

Hushyor aylab so‘zingiz o‘ylab – o‘ylab so‘zlangiz,
Do‘st-u dushmanga o‘ylab so‘zlashni ham o‘rganing.

Hayotning yo‘llarida doim kulib bo‘lmaydi,
Eng shodlik kunlarda bir o‘ylashni ham o‘rganing.

Bu hayot – ziyraklikdir, ogohlikni sevadi,
Umr yo‘llarin teran ko‘zlashni ham o‘rganing.

Dushman kelib nogahon senga do‘stlik qo‘l tutsa,
Dildan quvib ming nafrat yuzlashni ham o‘rganing.

Hofiz bo‘lsangiz faqat shodlik haqda kuylamang,
El dardini yurakdan kuylashni ham o‘rganing.

Yolg‘on-u rostlar ketar mudom shodlik kelganda,
Haqiqatga bir bora bo‘ylashni ham o‘rganing.

Oldingizga bir maqsad qo‘ying shunday mustahkam,
Vaqtingizni hor etmay yashashni ham o‘rganing.

AYLAB

Vaslingga yetkazgin baxtiyor aylab,
Mayli-da sog‘intir ixtiyor aylab,

Ko‘zlarim nigoron gado oshiqman,
Mehringga cho‘miltir shaxriyor aylab.

Ko‘nglimni cho‘ktirma hajring dardida,
Bir yo‘qlab kelgin, ey sen alyor aylab.

Hijroning yuzimni so‘lginlab qo‘yar,
Ahyon eslab qo‘ygin yo‘g‘-u bor aylab.

G‘am-g‘ussa ketmaydi bu yosh yurakdan,
Mehmonim bo‘l bir bor shodiyor aylab.

HUSHYOR BO‘L

Doʻstim, hayot yoʻlingda odamlardan hushyor boʻl.
Sirli bosar yoningda qadamlardan hushyor boʻl.

Neki boʻlsa taqdirda, bari oʻzing qoʻlingda,
Qalbing aylar bagʻritosh alamlardan hushyor boʻl.

Makkor qizlar har tomon koʻngling yerdek chopqilar,
Yiroq etar qarindosh “sanam”lardan hushyor boʻl.

Baʼzilar bor shaʼningni bilib bilmay loyqalar,
Aziz qadring yer qilar “qalam”lardan hushyor boʻl,

Har kim taqdir yoʻlini chizar feʼl-atvoridan,
Hayoting zulmat aylar olamlardan hushyor boʻl.

BAHORIMSAN BEG‘UBOR

Ko‘nglimning gullagan bog‘ida bahorimsan beg‘ubor,
Har bir fayzli kunim tongida nahorimsan beg‘ubor.

Shunday ta’rif qilayin seni g‘azal dostonga solib,
Ko‘nglimda ziloldek sharqiroq anhorimsan beg‘ubor.

Bir kun hajrim kuydirsa nogoh yomg‘i ryog‘ar ko‘zingdan,
Meni zor sog‘inar tunlari bedorimsan beg‘ubor.

Hayot chunon yig‘latsa agar ko‘ngling to‘lar g‘amlarga,
Mening dard-u kuyimda yorim, bemorimsan beg‘ubor.

Hajring o‘yin boshlasa agar o‘zing bo‘lib xijolat,
Yana bo‘lib erka bemalol, ozorimsan beg‘ubor.

Artirgullar atrini sendan olgan deyman hoynahoy,
Gohi tikoni ham bor nafis gulzorimsan beg‘ubor.

Rashkim seni qiynasa goho, bo‘lib mahzun ko‘ngli xun,
Yuzidan bildirmas hech qachon bezorimsan beg‘ubor.

Yorim ko‘nglimni bezar ishqing, har bir inson havasda,
Yomon ko‘zlardan asrar meni tumorimsan beg‘ubor.

Oshiqing Bekpo‘lat Baxtiyor vasling dilga muhrlar,
Mehrimga intizor har nafas xumorimsan beg‘ubor.

ADASHMANG

Do‘st-u yorim, do‘stingiz vafosidan adashmang,
Mudom makkor dushmaning jafosidan adashmang.

O‘zga yurtni suymangiz, ona Vatan shu tuproq,
Tangi nazar solgan yurt havosidan adashmang.

Yetti iqlim jo‘sh urar xonishu nolasiga,
Allomalar yaratgan navosidan adashmang.

Ona tuproqdir tabib, yantog‘i ham hikmatli,
Ibn Sino yaratgan davosidan adashmang.

Erkin nafas olarmiz, o‘zimizga biz hokim,
Vatanimiz xushifor safosidan adashmang.

OʻZINGSAN

Sirim bilib oʻzgaga sotguvchi ham oʻzingsan,
Gʻanim kelsa poyiga tutguvchi ham oʻzingsan.

Buncha boʻlma “xokisor” yuz-koʻzingdan bilinar,
Bir kun aziz boshimga yetguvchi ham oʻzingsan.

Omad ketsa yonimdan yoʻling topolmay hayron,
Mendan oldin sen tayyor, ketguvchi ham oʻzingsan.

Mendan gumon qilma deb, “doʻstligingni” qilma pesh,
Jon doʻstim, deb ming bora aytguvchi ham oʻzingsan.

Diling boshqa til boshqa, buncha soxta odamsan,
Aytgan soʻzingdan darrov, qaytguvchi ham oʻzingsan.

Ishing bitsa baʼzida, salom bermay oʻtasan,
Soʻng kerakmas buyumdek otguvchi ham oʻzingsan.

Nafim tegib kun ora joningga oro boʻlsam,
Ostonamda itlardek yotguvchi ham oʻzingsan.

Hayot meni suysa gar, hasad senga yor boʻlar,
Iching kuyib zulmatga botguvchi ham oʻzingsan.

INTIZOR

Seni demas ko‘ngilni kutma mushtoq intizor,
Sog‘insang gar joningda ming bir titroq intizor.

Ey, do‘stim qadringni bil, o‘zi izlab keladi,
Yurmagin bo‘lib sarxush dilda qiynoq, intizor.

Xayolingni yig‘ib ol, g‘urur bo‘lsin o‘zlikda,
Sen yigitsan unutma, bo‘lma qirg‘oq intizor.

Mayli sevgin pinhona ko‘ngil arzing tinglamas,
Lek ko‘nglingni do‘stim, qilma bayroq intizor.

Sen sevasan yoniblar, u balki buni bilmas,
Eng yomoni shundaki, qiynar nifoq intizor.

Bilasan qadring bilmas, lekin ko‘ngil uzmaysan,
Darding bilmaslar zimdan deydi ahmoq intizor.

Sevgin Haqning yo‘lida, bir kun bilib qoladi,
Ammo o‘zingni butkul, tutma qarmoq intizor.

SIZ MENIKI

Men baxtiyor vaslingizga to‘yaman,
Yonimda siz go‘yo oydek to‘lsangiz.
O‘zimga bir shodlik ismin qo‘yaman.
Men sizniki, siz meniki bo‘lsangiz!

Birga bog‘lab sof niyatli dillarni,
Baham ko‘rib ko‘ngildagi sirlarni,
Birga kezib gulzor bo‘ston qirlarni,
Men sizniki, siz meniki bo‘lsangiz!

Yashnataylik ko‘ngildagi bog‘larni,
Shodlik yuvsin yurakdagi dog‘larni,
Ortga tashlab shum sayroqi zog‘larni,
Men sizniki, siz meniki bo‘lsangiz!

O‘rnak bo‘lib baxtlilar qatorida,
Xushnavolar bo‘lib hofiz torida,
Rozi bo‘ling ko‘nglim sizda borida,
Men sizniki, siz meniki bo‘lsangiz!

Yuzimizni yuvsin poklik ziloli,
Havas qilsin ming bir olam hiloli,
Men oshiqning soddagina xayoli –
Men sizniki, siz meniki bo‘lsangiz!

ONAJON

Ey, onajon, onajon,
Jon-u jahon jonajon,
Shunday baxtli boʻlaylik
Koʻz tegmasin hech qachon.

Farzand burchim oqlayin,
Mehringizni saqlayin,
Poyingiz – sajdagohim,
Umrbod ardoqlayin.

Ey, onajon, onajon,
Qalbi jahon jonajon,
Xizmatingiz qilayin
Kamarbasta har qachon…

Yoshlik qilsam bilmayin,
Toshlik qilsam bilmayin,
Afv etasiz shunda ham,
Yuzimdan yuz burmayin.

Ey, onajon, onajon,
Mehri jahon, jonajon,
Mehrim sizdan uzilmas
Toki bordir tanda jon…

JIGARLAR…

Jigarlar bir birin urib-so‘karlar,
Janjalga uy-joylar asos bo‘ldimi?
Alhazar! Ba’zilar qon ham to‘karlar…
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

Keng hovli o‘rtasin ikkiga bo‘lib,
Bundan ovsinlar shod, ko‘ngli ham to‘lib,
Vijdon ham boradi tobora so‘lib,
Loyqalangan soylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

Ota – ona go‘rda yotgandir notinch,
Ruhi sargardon-u, sarsona betinch,
Bu qanday zalolat, qandayin o‘tinch?
Qalb ko‘zi ko‘r boylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

Kimga o‘rnak bo‘lding, kelajakkami?
Orzularga bir-bir yetajakkami?
O‘zdan nom qoldirib ketajakkami?
Otga o‘xshar toylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

O‘zicha oqil-u donolar bisyor,
Keng hovliga sig‘mas yurak bag‘ri tor,
Ey do‘stim, hayotda shundaylar ham bor!
Juftin topmas poylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

Bekpo‘lat Baxtiyor, bu illat yomon,
Bu gulgun chehrangni aylaydi somon,
Bundan hayot o‘zi asrasin hamon,
Goho dog‘li oy ham asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?

AYIRMANG

Onajonim, mehribon mehringizdan ayirmang,
Meni baxtga yor etar sehringizdan ayirmang.

Charchoq bossa jismimni, ruhim tetik aylaydi,
Haroratda quyoshdek bag‘ringizdan ayirmang.

Mehringizdan shodumon mening ko‘ngil koshonam,
Jannatlardek dilingiz – shahringizdan ayirmang.

Agar xato qilsam men yo‘lim topay adashmay,
Sizdan menga ham o‘tgan sabringizdan ayirmang.

Hayot hali oldinda qancha sinov mushtoqdir,
Shu sinovdan o‘tkazar zehningizdan ayirmang.

Obod sizning ko‘nglingiz nur ziyoga limmo-lim,
Ko‘nglingiz hur serhasham qasringizdan ayirmang.

Sakkson-to‘qson yoshda ham menga bo‘ling mehribon,
Xizmatingiz yo‘lida, amringizdan ayirmang.

YOLG‘ON BO‘LMASIN

Do‘stim sizga do‘stligim sira yolg‘on bo‘lmasin,
O‘rtamizda nadomat otliq armon bo‘lmasin.

Bu ko‘nglimga ishoning chin haqiqatni so‘zlar,
Qalbingizga gumonlar uya solgan bo‘lmasin.

Men rostlik oshuftasi, aslo unutmang shuni,
Yolg‘on so‘zlar ko‘ngildan hech joy olgan bo‘lmasin.

Ko‘ngil orom istabon baxtni da’volar qilsa,
Shu baxtni topolmayin ko‘ngil tolgan bo‘lmasin.

Do‘stlik ulug‘ inoyat, do‘st qadrini bilaylik,
Soxta do‘stlar atrofda tamom to‘lgan bo‘lmasin.

Dil bog‘in yashnataylik, keling do‘stim hamisha,
Do‘stlikka vafo dildan aslo so‘lgan bo‘lmasin.

ESLASAM

Seni sevgan kunlarim qiynar ekan eslasam,
Sabr-u bardosh, ohimni sinar ekan eslasam.

Hijronlaring har kuni yuragimni yondirib,
O‘zim bilmay qalbimni tig‘lar ekan eslasam.

Sevdim deb mamnun bo‘lib o‘z-o‘zimni aldab men,
Bu yuragim gohida yig‘lar ekan eslasam.

Sog‘inchlarim kundan-kun ortgan payti bilmading,
E’tiborsiz mehr dardi dog‘lar ekan eslasam.

Sendan o‘zga ko‘nglimga, xush yoqmasdi bu ne sir?
Meni senga ipsiz ham bog‘lar ekan eslasam.

Ko‘zim ko‘rmas hech kimni visolingni dardida,
Shu ikki dur ko‘zimni yog‘lar ekan eslasam.

Men qadrimni yer qilib, mushtoq bo‘lib intizor,
Bu holim senga huzur bo‘lar ekan eslasam

Hijroning nishlar kabi, yuragimga sanchildi,
Davosi yo‘q dardlardek o‘yar ekan eslasam.

Sen beparvo bo‘libon o‘z dardingda yurarding,
Badfe’lingdan bu jonim to‘yar ekan eslasam.

Bu ahvolim ko‘rib do‘st deydi qadringni bil,
Har on menga shunday deb so‘ylar ekan eslasam.

Hajrida tunlar bedor, cheksam agar ixtirob,
U o‘zga yorni mushtoq o‘ylar ekan eslasam.

BIR QADAM

Savob, gunoh ishlarga yetkizadi bir qadam,
Yaxshi-yomonga birdek tutqizadi bir qadam.

Qancha yaxshi ish qilma shayton yuradi qonda,
Goho baxt eshigidan ketkizadi bir qadam.

Shuncha mag‘rur yursang ham qadding kerib bo‘lib g‘oz,
Yo‘l topolay yo‘lingda yutqizadi bir qadam.

Tuzoq to‘la hayotda do‘stdan ko‘pdir ming dushman,
Siring bilib poyingga yotqizadi bir qadam.

Ishonch dilda zo‘r bo‘lsa yo‘ling bo‘ladi ravon,
Gohi qoqilsang bir zum turg‘izadi bir qadam.

Sinov yo‘li tor kelib, ko‘ngling mahzun aylasa,
Aqlingga qilib xizmat o‘tqizadi bir qadam.

Bu hayotda kim bo‘ldik, bu bizga bir go‘yo sir,
Bo‘ston yoki olovga kirg‘izadi bir qadam.

XIYONAT KO‘CHASI

Hech kimsa bu yo‘ldan baxtini topmas,
Umr davronin surar, taxtini topmas,
Hayot hikmatlarin sharhini topmas,
Xiyonat ko‘chasi – zulmat qorong‘i.

Ko‘ngli cho‘kib borar bebaxtlik sari,
Keyin keta olmas afsusdan nari,
Umrini xazonrez aylaydi bari,
Xiyonat ko‘chasi – zulmat qorong‘i.

Hiyonat balosi do‘stni yo‘q etar,
Yuzingni doimo shuvitib ketar,
Boshing toshga tegsa aytgin, kim netar?!
Xiyonat ko‘chasi – zulmat qorong‘i.

Ishonib o‘tkinchi dunyo mulkiga
Aylanib qolmagin ayyor tulkiga,
Barobar bo‘lasan dushman xulqiga,
Xiyonat ko‘chasi – zulmat qorong‘i.

Sadoqat vafolar, yuzingdan ketar,
Nur-ziyo, sofliklar ko‘zingdan ketar,
Erta nasllaring izingdan ketar,
Xiyonat ko‘chasi – zulmat qorong‘i.

SALOMAT BO‘LAYLIK

Omonat bu tanda jonimiz,
Salomat bo‘laylik, salomat!
Baxtga to‘lsin har bir onimiz,
Salomat bo‘laylik, salomat!

Mehr ko‘zi dillarga xush yoqib,
Dard sirin aylaydi, shu voqif,
Ko‘ngil anhorlardek, sho‘x oqib,
Salomat bo‘laylik, salomat!

Bemorlik ko‘rpasin yopmaylik,
Xastalik gardini o‘pmaylik,
Hayotdan nadomat topmaylik,
Salomat bo‘laylik, salomat!

Yashaylik faqat siz-bizlashib,
Mehrdan muhabbat izlashib,
Muborak yuz bilan yuzlashib,
Salomat bo‘laylik, salomat!

TAQDIR BOG‘LIQ INSON O‘ZIGA

Qismati xorlaring, boqdim ko‘ziga,
Bir tinglab xulosa qildim so‘ziga,
Men bir shior topdim hayot yo‘limda
Taqdir bog‘liq ekan inson o‘ziga.

Harakat – barakat derlar azaldan,
Bir og‘iz shirin so‘z totli asaldan,
Ibrat jo‘sh uradi ko‘hna masaldan –
Taqdir bog‘liq ekan inson o‘ziga.

Qish bo‘lsa, kishining bahoru yozi,
Ulug‘lar insonni sabrning sozi,
Endi bu yog‘iga, hayotdir qozi,
Taqdir bog‘liq ekan inson o‘ziga.

Qondan-qonga o‘tar naslin odati,
Mehnatga bog‘liqdir kishi rohati,
Dard kelsa asraydi bardosh-toqati,
Taqdir bog‘liq ekan inson o‘ziga.

AHLI DURDONA YIG‘LAR

Kuygan ko‘ngling dardida biz deb bir ona yig‘lar,
O‘z yog‘imiz dog‘lasa ming bir hayrona yig‘lar.
Ko‘zda ko‘rib ashkimiz dili bo‘lar shom-xufton,
Chap ko‘ksining tubida joni vayrona yig‘lar.
Madad bo‘lib dardingga o‘z dardini unutar,
Shom-u sahar u bedor ko‘ngli g‘amxona yig‘lar.
Najot bo‘lay deb sho‘rlik qirq jonini tutqazar,
Darding menga o‘tsin deb hushi giryona yig‘lar.
Bolam deb joni nisor biz bilaymiz qadrini,
Bu dunyoda eng aziz, mushfiq yagona yig‘lar.
Boshimizga biron ish tushar bo‘lsa nogahon.
Ona degan mo‘tabar ahli durdona yig‘lar.

QANI

Yuzlardan fayzlar so‘nib bormoqda,
Qilmishlarga ko‘plar ko‘nib bormoqda,
Dil tubini nedir yo‘nib bormoqda,
Qani insonlarning oliyjanobi?

Qo‘lingdan tutmaslar, begonasan deb,
Paymonasi to‘lgan vayronasan deb,
Es-hushin yo‘qotgan hayronasan deb,
Qani insonlarning oliyjanobi?

Yuzingda mavj ursa dardlarning dardi,
Yelkangni qoplasa armonlar gardi,
Do‘stlarim, bu holdan yuzlar bo`zardi,
Qani insonlarning oliyjanobi?

Qarindosh – tug‘ishgan kori bo‘lmasa,
Yurakda iymonli, ori bo‘lmasa,
Yaqinlar dilingga dori bo‘lmasa,
Qani insonlarning oliyjanobi?

Qo‘llar –qo‘lni tanir savdoda bu dil,
Yaqining noinsof g‘avg‘oda bu dil,
Hech kimsa tinglamas navoda bu dil,
Qani insonlarning oliyjanobi?

Ginalar nafratga aylandi butkul,
Noxush fikr qarordek saylandi butkul,
Qalb ko‘zi gohida boylandi butkul,
Qani insonlarning oliyjanobi?

IZLADIM

Bu dunyodan ko‘ngli shod bo‘lgan mehmon izladim,
Inson kelsa dunyoga, xursand mezbon izladim.

Hech bir ishga dil to‘lmas har bir nigoh o‘zgacha,
Kulib turgan ko‘zni ham, asli nolon izladim.

Yaxshilar ko‘p hayotda uchrar balki kamdan kam,
Har onimda yonimdan bitta yomon izladim.

Orzularim bepoyon qiyos yo‘qdir aytishga,
Eslab ba’zan shularni dildan armon izladim.

Bu jonimning payvandi, onajonim mehridir,
Bemor bo‘lsa giryona dardga darmon izladim.

Rost so‘zlarni xushlamas ba’zi “oqil” odamlar,
Ular ibrat so‘zlagan so‘zdan yolg‘on izladim.

Kim aslida kim erur dil ko‘shkidan bilgaymiz,
Dili bilan tili bir bo‘lar zamon izladim.

Savollarim behisob, javoblari orzudir,
Savollarning javobin o‘ylab har on izladim

YAXSHIDA

G‘am yutmasdan har bir dam kulib yurmoq yaxshi-da,
Bu o‘tkinchi dunyoda baxtga to‘lmoq yaxshi-da.

Ota-onang bag‘rida olam go‘zal,nurafshon,
Shu onlaring baxtidan, davron surmoq yaxshi-da.

Omad qo‘ling tutsa gar yetib orzu-niyatga,
Baxt tojini bir umr boshda tutmoq yaxshi-da.

Kimdir izzat qiladi, kimdir bilmas mehnating,
El ichida hurmating bilib qo‘ymoq yaxshi-da.

Atrofda ko‘p notavon o‘zin dono atarlar,
Ota – onangdan har on ibrat olmoq yaxshi-da.

G‘arib ko‘nglin ko‘tarib sabab bo‘lsang hikmatga,
Bitta shirin so‘z aytib shodlik bermoq yaxshi-da.

Hijron kechasi yonib tunni ulab kunlarga,
Nasib bo‘lsa diydor yorga yetmoq yaxshi-da.

O‘ZBEK XALQIMIZ

Ikki daryo suvini ichgan o‘zbek xalqimiz,
Orzusi samolarni quchgan o‘zbek xalqimiz.

O‘zligimiz anglabon tarix zar bitigidan,
Ozodlik deb jonidan kechgan o‘zbek xalqimiz.

Qancha millat-elatni bag‘rimizda jo etdik,
Mehmon kelsa bag‘rini ochgan o‘zbek xalqimiz.

Ilm-u fandan nurafshon o‘zbek degan nomimiz,
Olam ahliga ziyo, sochgan o‘zbek xalqimiz.

Necha sinov-mashaqqat ko‘rgan azal qismati,
Har qanday mushkul tugun yechgan o‘zbek xalqimiz.

YAXSHI NIYAT

Chinor bo‘lgin ko‘ngil bog‘imda,
Viqor bo‘lgin g‘urur tog‘imda,
Ey do‘stginam, nima bo‘lsa ham..
Aslo kuyma mening dog‘imda.

Sakson-to‘qson yoshda ham birga,
Ko‘ngil to‘lib ming ajib sirga,
Orzu agar bepoyon bo‘lsa
Yetaylik shu bepoyon qirga.

Onamizning ko‘zlari quvnab,
Yursin o‘g‘il-qizimiz o‘ynab,
Qay manzilda bo‘lsak ham biroq
Mehr shoshsin diydorga chorlab.

Lafzi halol do‘stlar bo‘laylik,
Bu dunyoda rostlar bo‘laylik,
Sinashda do‘st, sodiq do‘st degan –
So‘zga mudom moslar bo‘laylik.

UZR SO‘RAYMAN

O‘z-o‘zimdan bezib gohida,
Dilda afsus kezib gohida,
Yurak azob sezib gohida,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

O‘zim goho qo‘lga ololmay,
Taqdirimni yo‘lga sololmay,
Gunohlarga chora topolmay,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

Onam ko‘nglin xufton qilsam gar,
Do‘stim so‘zin yolg‘on bilsam gar,
Yorim qalbin tig‘day tilsam gar,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

So‘zim ig‘vo yo‘llardan yursa,
Gumon har on ko‘nglimda tursa,
Qut-baraka yuzini bursa,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

Qadrin bilmay shodlik kunlarni,
Endi tuymay sokin tunlarni,
Dilda sezsam afsus xunlarni,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

Bugungi kun ermagim bo‘lsa,
Kayf-u safo keragim bo‘lsa,
Agar noxush tilagim bo‘lsa,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

O‘z-o‘zimdan bezib gohida,
Dilni afsus kezib gohida,
Yurak azob sezib gohida,
Vijdonimdan uzr so‘rayman.

DILDOSH BO‘LAYLIK…

Kel, yorginam, bu jonga darmon dildosh bo‘laylik,
Dilni darddan aritib xolis sirdosh bo‘laylik.

Sinovlar ko‘p hayotda, hali bu boshlanishi,
Bir-birimizni qo‘llab, metin bardosh bo‘laylik.

Kundan-kun bog‘lab taqdir ko‘ngil ko‘ngilga payvand,
Ishq rishtasi uzilmas butkul qardosh bo‘laylik.

Mehrimizdan dillarga tushsin soflik nurlari,
Oila degan qo‘rg‘onda biz bir quyosh bo‘laylik.

Zargar bo‘lsa onalar biz ularning ziynati,
Taqdir bizni bog‘lagan uzukka tosh bo‘laylik.

Jon yorginam, dunyoda bordir ming bir mashaqqat,
Ko‘ksimizni tutib tog‘ g‘amga bardosh bo‘laylik.

YIG‘LARMAN

Xatolarim ortganda dilim vayron yig‘larman,
Afsus ko‘nglim tishlasa chekib fig‘on yig‘larman.

Ko‘zlarimni shamg‘alat qilsa necha yo‘lg‘onlar,
Aqlingni yig‘ demaslar, anglab nolon yig‘larman.

Onam ko‘ngli qordek pok, orzulari beg‘ubor,
Agar ko‘nglin ranjitsam, hushim giryon yig‘larman.

Umr hadya emask-u, vaqt boylikka sotilmas,
Besamar o‘tgan vaqtni topmay yomon yig‘larman.

Aybim aytsa do‘stlarim menga bo‘lmaydi erish,
Rost so‘zidan yonida dildan pinhon yig‘larman.

Dard bo‘g‘zimga tiqilsa so‘z kelmaydi tilimga,
O‘zim oqlash xatodir tishlab zabon yig‘larman.

O‘zing ko‘rsatar ko‘zgu, lek aybingni so‘zlamas,
Men o‘zimni anglamas bir notavon yig‘larman.

KELARMAN

Yor, diydoringni mudom dilda o‘ylab kelarman,
Ishq-u muhabbatingni qalbga joylab kelarman.

Balki shirin visollar bizga nasib bo‘lmasdir,
Hijron so‘zin mag‘zini she’rga so‘ylab kelarman.

Har diydoring o‘zgacha osmonlarga uchirar,
Eng sof ezgu tilaklar dilda yo‘llab kelarman.

Ko‘ngling mendan to‘q bo‘lsin, hali iqror bo‘larsan,
Ishq rishtasin ipini senga boylab kelarman.

Masofalar gar uzoq bo‘lsa ko‘ngil yaqin-ku,
Bil, men seni o‘zimga mudom chorlab kelarman.

MEHRINGIZDAN AYLANAY

Onajonim, jonajon o‘zingizdan aylanay,
Bolam deb erkalagan so‘zingizdan aylanay.

Xato qilsam hamisha to‘g‘ri yo‘lga solarsiz,
Ortingizdan borarman izingizdan aylanay.

Farishtalar fayzini, sizga qo‘shib berganmi,
To‘lin oydek porlagan yuzingizdan aylanay.

Ko‘nglingiz ziyolari quyoshga taft berguday,
Mehr to‘la nigoh-u ko‘zingizdan aylanay.

Matonatga tog`daysiz g‘am-tashvishga yengilmang,
Menga bergan halol non-tuzingizdan aylanay.

BIZLARGA

Ota-ona duosi hikmat ekan bizlarga,
Har bir yashar kunimiz ne’mat ekan bizlarga.

Kelajak poydevori mustahkam bo‘lmoq kerak,
Yoshlikdagi mehnatlar rohat ekan bizlarga.

Do‘sti yoring vafosi – el oldida izzating,
Ota-ona borligi shuhrat ekan bizlarga.

Har bir o‘tgan mashaqqat o‘z o‘rnida hisobli,
Sabr ila yashasak rag‘bat ekan bizlarga.

Xayrli ishlar qilsak ko‘ngil bo‘lar beg‘ubor,
So‘ng el qo‘lida duo rahmat ekan bizlarga.

Ajdodlarning izlari o‘chib ketmas hech qachon,
Bosib o‘tgan yo‘llari ibrat ekan bizlarga.

Dunyo siri serjilo anglab olmoq qiyindir,
Tiriklikning o‘zi bir hikmat ekan bizlarga.

KETDIM

Yor, dardimni dilingga, muhrlab yozib ketdim,
Hijroningdan har lahza tinmayin ozib ketdim.

Sen mendan ayrosan-u men sendan ayro bunda,
Firoqlarning tubiga baliqdek suzib ketdim.

Hijron bog‘im daraxti, yuksaklarga shoxladi,
Ich-ichimdan xo‘rlanib shu bog‘ni kezib ketdim.

Jafolaring titratar chap ko‘ksimning tubini,
Men sensiz kimligimni vayrona sezib ketdim.

Chiroq yoqsa yorishmas bu ko‘nglimning chamani,
Dardim ko‘zdan yashirib eplolmay qizib ketdim.

Buncha meni qiynaysan ishqingni qiynog‘ida,
Sabrim sinar nozlaring jabringdan bezib ketdim.

Unut degan so‘zlaring qulog‘imdan ketmaydi,
Shu birgina so‘zingdan yurakni ezib ketdim.

BOYLANIB QOLDIM

Jonim kokillaringga boylanib qoldim,
Visolingga har nafas shaylanib qoldim.

Ko‘ngil qurg‘ur ishqingda tamom adodir,
Hijroningni yo‘lida loylanib qoldim.

Men o‘zimdan begona, hushim giryona,
Go‘yo, Majnun, Farhodga aylanib qoldim.

Visolingni umidi, qo‘lim yetmas oy,
Men gohi azobga saylanib qoldim?

Sen mendan o‘zingni olib qochsang ham,
Kundan-kun o‘zingga bog‘lanib qoldim.

ISTARDIM

Men sevgan yor meni ham sevishini istardim,
U ham meni sog‘inib kutishini istardim.

Ikki ko‘ngil bir bo‘lsa, uzukka ko‘z bo‘lgandek,
Visolimdan shodumon bo‘lishini istardim.

Begim, deya intizor yo‘llarimga ko‘z tikib,
Layli, Shirin, Zuhrodek suyishini istardim.

Xayolidan ketmayin yurak zarbi bo‘lsaydim,
Tun-u kun meni bedor o‘ylashini istardim.

Ishqda ko‘rib baxtini taqdir yo‘lin bog‘lasa,
Kulsa faqat meni deb kulishini istardim.

Sog‘inchimga boylanib sevgini baxt bilsaydi,
Mendan avval talpinib kelishini istardim.

Uzoq ketmay yonimdan davo bo‘lib dardimga,
Yuragimda shamoldek yelishini istardim.

Sog‘inch agar qiynasa mehrim sezib intikib,
Suratimga har lahza qarashini istardim.

Baxtga o‘rab jon-tanim qaddim mag‘rur kerardim,
Meni omad doimo siylashini istardim.

MUBTALO BO‘LDIM

Husn-u jamoling ko‘rib tamoman ado bo‘ldim,
Hajr-u firoq yo‘lida manzilsiz gado bo‘ldim.

Kunlar o‘tgani sari sog‘inch ezar yurakni,
Rostin aytay yorginam aqlimdan judo bo‘ldim.

Ajab ekan bu xislat sabr-u bardosh o‘rgatar,
Bir ko‘rmoqqa intizor yetolmay fido bo‘ldim.

Avjim yetar samoga darddan agar yig‘lasam,
Shodlik emas alamda sozdagi sado bo‘ldim.

Ko‘nglim ezar sitamlar yetishmoq buncha qiyin,
Ishq bozorin yo‘lida tinmayin savdo bo‘ldim.

Endi mayli taqdirda ko‘nmay netarman oxir,
Bilgani shu – tuzalmas dardga mubtalo bo‘ldim.

XATO QILDIM

Yorim, gumon yo‘lida ming bora xato qildim,
Ko‘ngling og‘ritib bunda dil pora xato qildim.

Rashk aylanib gumonga ildiz oti ko‘nglimda,
Murosa mador qilmay tobora xato qildim.

Ishonch qoldi xorlanib mish-mish keldi quloqqa,
Yig‘ib olsaydim hushim nachora, xato qildim.

Yorim ko‘zing yosh to‘la, mening dilim tosh to‘la,
Essiz, ishq-u muhabbat bechora xato qildim.

Afv-u ayla oshig‘ing, ey shafqatli dildorim,
Ko‘nglingni men berahm sadpora xato qildim.

O‘ZGARDI

Bizlar birga yurgan bog‘lar o‘zgardi,
Purviqor-u mag‘rur tog‘lar o‘zgardi.

Yuvilsa yuvilib ketmadi ammo,
Ko‘ngilni g‘ash qilar dog‘lar o‘zgardi,

Biz baxtiyor edik nima ham bo‘ldi,
Shodumon quvnagan chog‘lar o‘zgardi.

Kim nima desa deb, bilganin qildi,
Ortimizda ming bir zog‘lar o‘zgardi.

Yil o‘tib yosh o‘tib ko‘z ham ochilib,
Afsusdan bo‘g‘zimda ohlar o‘zgardi.

MOHITABON EKANSAN

Ko‘zlarim tushdi nogoh mohitobon ekansan,
Ishvang aqlim og‘irlar qosh-u kamon ekansan.

Ohumisan hayronman senga izim yetmaydi,
Dilim seni qo‘lingda go‘zal jonon ekansan.

Atay qiynab ishqingda holim zabun aylarsan,
Vasling menga yor etmas gohi yomon ekansan.

Ko‘zlaring chaqnar hargiz ishqim ko‘zga ilmaysan,
Dardim bilib atayin la’lixandon ekansan.

Sevasanmi yoki yo‘q buni sira bilmayman,
Dil so‘zlaring aytmaysan sirli pinhon ekansan.

Bekpo‘lating kuymoqda gumon, savol ichida,
Yurak senga talpinar aziz inson ekansan.

YAXSHIMI?

Dardimni aytmay, do‘stlar pinhon tutmoq yaxshimi?
Yor meni ham sevishin mushtoq kutmoq yaxshimi?

Yor yursa gar beparvo aql-u hushim o‘g‘irlab,
U bilmagan hijroni bir men totmoq yaxshimi?

Kim biladi ko‘nglimni nelar chulg‘ab olmoqda,
Qadring bilmas dastidan loyga botmoq yaxshimi?

Ey yor nazaring tashla, xulosa qil fikr qil,
Bilib bilmay ko‘nglimga toshlar otmoq yaxshimi?

Yetti qavat osmonda uchib yursam qaniydi,
Armoning bolishida yig‘lab yotmoq yaxshimi?

Jonon, toza dilingdan muhabbatga makon ber,
Ko‘ngil chamanzorda izsiz ketmoq yaxshimi?

OVORAMAN

Janon, sening vaslingga yetolmay ovoraman,
Dil so‘zlarim yana bir aytolmay ovoraman.

Sensiz zulmat taqdirim yurak bunda qon yutar,
Ko‘nglim bo‘lib baxtiyor yasholmay ovoraman.

Sabr-u bardosh kuyingda o‘z kuchini yo‘qotdi,
Sevilmaslar bog‘idan ketolmay ovoraman.

Mayli shuncha firog‘ing jon-jonim yondirdi,
Lekin shunda ham hargiz kecholmay ovoraman.

Xayol senda sargardon hech o‘zimda emasman,
Dilimdagi tuguni yecholmay ovoraman.

O‘zingdadir ixtiyor na qilayin endi man,
Senga ko‘nglimni oshkor ocholmay ovoraman.

Bilmay ko‘ngling og‘ritdim kechir meni dildorim,
Menga bo‘lgan jabringdan qocholmay ovoraman.

Sendan ko‘ngil uzilmas zanjir- zanjir armonim,
Baxt qushini qo‘limga tutolmay ovoraman.

Ko‘ngil qurg‘ur senga zor hech kim o‘rning bosolmas,
O‘zgani sendek sira sevolmay ovoraman.

BO‘LIB QOLSAYDIM

Hech g‘am ko‘rmas beg‘ubor bola bo‘lib qolsaydim,
Uzun qirlar qo‘ynida lola bo‘lib qolsaydim.

Yomg‘ir yerning ozig‘i ko‘z yosh ko‘ngil yupatar,
Mayli yorim ko‘zida jola bo‘lib qolsaydim.

Qadrim poying ostida qachon qadrim bilarsan,
Hech bo‘lmasa zulfingda tola bo‘lib qolsaydim.

Eshitmaysan dardlarim buncha bo‘lma bag‘ri tosh,
Ko‘nglingga bir yo‘l topar nola bo‘lib qolsaydim.

IZ QOLMADI

Ko‘nglingga yo‘l topmoqqa tayinli iz qolmadi,
Atrof to‘la sanamlar lek sendek qiz qolmadi.

Ishq rishtasin bog‘lolmay bunda bo‘ldim notavon,
Imkon ber deb aytishga imkonli so‘z qolmadi.

Yurak yonar otashin bu qandayin oqibat,
Ko‘ksim sovutgali qodir bir muz qolmadi.

Bahor o‘tdi orzuda, his-hajayon avjida,
Keldi darhol qahraton fayziyob kuz qolmadi.

Sendan ayro tushib yor izlaringni izlarman,
Nahot ko‘ngil bog‘ida sevgidan iz qolmadi.

HAYOTNING O‘YININ QARANG

Jonimni poygakdek bosib o‘tarlar,
Yo‘limda g‘animlar qator yotarlar.
Endi do‘stim topdim deganda arang.
Onajon, hayoting o‘yinin qarang.

Bu ne musibatdir g‘amlari cheksiz,
Men unga do‘st edim, chindan shubhasiz,
Ona, bu holimdan mudom yig‘laysiz,
Onajon, hayotning o‘yinin qarang.

Dardimni aytishga topay bir minbar,
Ko‘nglimni og‘ritdi ishongan dilbar,
Bugun yurakkinam yerga barobar,
Onajon, hayoting o‘yinin qarang.

Qulagan tog‘lardan ahvolim so’rang,
Tobora fe’l-atvor tortilar tarang,
Ko‘ksingizga boshim qo‘yib yig‘layin
Onajon, hayotning o‘yinin qarang.

UCHRAGIN

Mendan kechgan mehrning uvoliga uchragin,
Shirin-shirin xayollar zavoliga uchragin.

Kun kelib qadrim anglab balki afsus qilarsan,
Dildan ketmas g‘amlarning savoliga uchragin.

Bu so‘zlarni yozmoqlik menga oson emasdir,
Afsusning gumon degan xayoliga uchragin.

Ko‘nglim yomon ezding eh, mayli hayot charxpalak,
Ko‘zing ochar qismatning shamoliga uchragin.

Firog‘ingda toabad kuyar bo‘ld-u bu jonim,
Norasida ishqimning uvoliga uchragin.

HIJRON

Ko‘zlarim nigoron etib yo‘lingga,
Diydorsiz qiynaydi hijron, muhabbat.
Bir bor gul berolmay nozik qo‘lingga,
Gulyorsiz qiynaydi hijron, muhabbat.

Ko‘ksimga ismingni naqshinkor o‘ydim,
Seni sevib o‘zni o‘ylamay qo‘ydim,
Hijronli kunlarim hikmatga yo‘ydim,
Visolsiz qiynaydi hijron, muhabbat.

O‘zingga yetolmay yo‘lim darbadar,
Hajr-u firog‘ingda bo‘ldim yer qadar,
Sevgingga yetmoqlik mushkul shunchalar,
Dildorsiz qiynaydi hijron, muhabbat.

Armonlar terakdek bo‘yin cho‘zmoqda,
Bilmayman xayollar mendan o‘zmoqda,
Tikanli bog‘lardan ko‘ngil ozmoqda,
Gulzorsiz qiynaydi hijron, muhabbat.

SOG‘INMAGAN KUNIM YO‘Q

Jon bo‘g‘zimda titraydi,
Halovat-u tinim yo‘q.
Sog‘inch yurakni o‘rtaydi,
Sog‘inmagan kunim yo‘q.

Visol degan shahringga,
Kirolmayin jon sarson.
Qolib hijron qahringga,
Yasholsaydim men omon.

Og‘rinarman hijrondan,
Buncha bo‘lma tosh bag‘ir.
Jon qiynalar armonda,
Yasholmayman tinch axir.

Mumkin emas unutmoq.
Ko‘ngil ishim na qilay,
Agar o‘ldirsa firoq,
Keyin mayli dil olay.

BEPARVOLIK – ZAMON ILLATI

Bo‘lsin desa yutida unum,
Birlashadi o‘zbek millati.
G‘animlarda bo‘larmi tinim?
Beparvolik – zamon illati.

Qo’llar qo‘lni tanib ketmoqda,
Dillar dilni yo‘nib bormoqda,
Bunga ko‘plar ko‘nib bormoqda,
Beparvolik – zamon illati.

Dunyo notinch chayqalib turar,
Qay yurtlarda fitna uy qurar,
Aka-uka bir-birin urar,
Beparvolik – zamon illati.

Qornim to‘q deb o‘zgani bilmas,
Odamiylik shartini qilmas,
Yana nelar yurakni tilmas,
Beparvolik – zamon illati.

Ko‘p ellarni kuzatgan paytim,
Yuragimda borni aytdim,
Ogohlikka egiz bu baytim –
Beparvolik – zamon illati.

ONAM TA’RIFI

Ko‘nglimning shodligi, qudratidirsiz,
Hayotning aziz ne’matidirsiz.
Onajon, mehringiz mudom dilimda,
Umrimning charog‘on ziynatidirsiz.

Ko‘zlarim quvnaydi yuzingiz ko‘rsa,
Gulchehrangiz gul kabi ochilib tursa.
Men o‘zimni butkul baxtli sezarman,
Ko‘zingiz nam bo‘lmay shodlanib yursa.

Kun-u tun o‘ylaysiz taqdir yo‘limni,
Mardonavor tutib doim qo‘limni.
Qanday qadringizni bilmayin axir,
Shodlikka o‘raysiz o‘ngu so‘limni.

Ming bitta erkakning jur’ati sizda,
O‘zbekoyimlarning ibrati sizda,
Aziz boshingizni g‘amga bukmaysiz.
Duogo‘y momolar hikmati sizda.

ISTARMAN

Yo‘llaringda paydo bo‘lmoq istarman,
Mehring ila baxtga to‘lmoq istarman.

Dardlaring ulashgin, darmoning bo‘lay,
Ko‘ngildan g‘amlaring olmoq istarman.

Taqdiring bog‘lig‘i bo‘lay o‘zim man,
Sevgimni ko‘nglingga solmoq istarman.

O‘zingdan ayrolar qilma bunchalar,
Qalbingni qa’rida qolmoq istarman.

Shodliklar ulashib nozik qalbingga,
Sen bilan hamisha kulmoq istarman.

HAVAS EMAS

Yetolmay vaslingiz adosidirman,
Sof mehr-u muhabbat gadosidirman,
Madhingiz kuylar tor sadosidirman,
Bu ishqim shunchaki havas emasdir.

Bilmaysiz qandayin yonib sevishim,
Sizsiz hayotdan ham tonib sevishim,
Mehr bulog‘iga qonib sevishim.
Bu ishqim shunchaki havas emasdir.

Soyangiz bo‘lib sarsonadirman,
Ishqingiz yo‘lida mastonadirnan,
Ko‘nglingiz poyida ostonadirman.
Bu ishqim shunchaki havas emasdir.

Soyangiz bo‘liblar yurgim keladi,
Sizni shirin xayol surgim keladi,
Bir umr yonimda ko‘rgim keladi,
Bu ishqim shunchaki havas emasdir.

Bekpo‘lat Baxtiyor, ishqi jonida,
Ismingiz oqadi hatto qonida,
Bir umr hamrohi bo‘ling yonida,
Bu ishqim shunchaki havas emasdir.

BILASIZMI?

Sizga yetolmay yorim mushtoqdirman bilasizmi?
Siz u sohil men bunda qirg‘oqdirman bilasizmi?

Beparvolik qilmangiz yuragimni kuydirib,
Hijron, firoq, azobga o‘rtoqdirman bilasizmi?

Tunlarni ulab kunga diydoringiz istarman,
Ko‘rmagan kunim bedor ingroqdirman bilasizmi!

Siz o‘ylamang sevgisi ko‘zim ko‘ziga tushguncha,
Ishq o‘timda kuydirar chaqmoqdirman bilasizmi?

Baxt nima bilmay o‘tmay firoqlarning dastidan,
Sevdim va sevilmoqqa chanqoqdirman bilasizmi?

BEMOR BO‘LDIM

Yorim senga yetolmay hajringda bemor bo‘ldim,
Hijronli kechalarda dilpora bedor bo‘ldim.

Sochlaringni silay deb shamol bo‘lay izingda,
Sevgim oshkor etolmay ahvoli abgor bo‘ldim.

Bir kunda bir ko‘rmasam, holim o‘zim bilarman,
Bir ko‘rmoqqa intizor, ko‘zingga xumor bo‘ldim.

Bu hayotning bo‘roni ming bir turga solmoqda,
Orzu qilmay baxtlarni armonli chinor bo‘ldim.

Sog‘inch tutqich bermaydi, bu ko‘nglimning hukmiga,
Firoq ezar jonimni qismatdan bezor bo‘ldim.

Yurak seni istasa yolg‘izginam men netay,
Bir iltifotingga bunchalar ham zor bo‘ldim.

O‘RGAT

Menga ham o‘zingdek kulishni o‘rgat,
Yurakni yondirib suyishni o‘rgat.

Shundayin o‘zingga bog‘lab olginki,
Ko‘rmasam xavotir olishni o‘rgat.

Mehringni berginki, shunday sevayin,
Sensizlikda cho‘g‘siz yonishni o‘rgat.

Kun kelib hayotdan noliy boshlasam,
Yorginam bardoshli bo‘lishni o‘rgat.

Sanamlar ko‘p erur ko‘zim shoshirar,
O‘zingdan boshqadan tonishni o‘rgat.

Ayriliq damlari yillar bo‘lsa ham,
Senga sodiq bo‘lib qolishni o‘rgat.

TUN QOLIB KUN YIG‘LAR MANI OHIMGA

Bilmaysan-da sendan ayrolik yomon,
Hijrondan yosh ko‘ngil yarolik yomon,
Ko‘z o‘ngimda ming bir qarolik yomon,
Tun qolib kun yig‘lar mani ohimga.

Shamollar ham senga yetkazmoq istar,
Yomg‘irlar dardlarim ketkazmoq istar,
Fursatlar qo‘limiz tutqazmoq istar,
Tun qolib kun yig‘lar mani ohimga.

Daqiqalar o‘tar diydoring poylab,
Ko‘ngilga eng ajib hislarni joylab,
Ketarsan ipsiz ham o‘zingga boylab,
Tun qolib kun yig‘lar mani ohimga.

Yuragim o‘rgandi azob-qiynoqqa,
Ketarsan ko‘nglimni tashlab firoqqa,
Ayriliq dilimni solar titroqqa,
Tun qolib kun yig‘lar mani ohimga.

Gulgun ruxsoringga ko‘zlarim to‘ymas,
Kimlar chin sevgimni yolg‘onga yo‘ymas,
Bekpo‘lat Baxtiyor shunchaki suymas,
Tun qolib kun yig‘lar mani ohimga.