«JANNATIM-ONAM»

BORLIQSIZ ONA…

Jon desam, agar sizni jonimdan ham ortiqsiz, ona,
Bu hayot siylab bergan jon-u jahon tortiqsiz, ona.

Dil ko‘shkingiz beg‘ubor, nozik nihol, lola, g‘unchadek,
Mendan kelar shirin so‘z, e’tiborga intiqsiz, ona.

Sizsiz aхir men hech kim qaydan buncha viqor mag‘rurlik,
Sochdan tоvonimgacha baxt shodlikka bog‘liqsiz, ona.

Ruxsoringiz dilimni hargiz yoritadi nur kabi,
Yuragimni to‘rida o‘chmas muhr, yorliqsiz, ona

Yo‘qdan meni bor qilib jondan oq tarab, oq yuvdingiz,
Dunyo yolg‘on bo‘lsa ham menga chindan borliqsiz, ona.

JUR’ATIMDIRSIZ

Sabr-u matonatga mudom yorligim,
Eng ezgu ishlarda ildam borlig‘im,
Saxovat egasi mag‘rur orligim,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.

Dard cheksam boshimni issiq kaft silar,
Har bir qadamingiz o‘ylab bosilar,
Bo‘yningizda g‘urur durdek osilar,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.

Hech kimga o‘xshamas fikringiz teran,
Yurakdan chiqar so‘z zikringiz teran,
Har bir mushkulotda zehningiz teran,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.

Shashtimni qaytarmas dovul-shamollar,
Siz borki hech kimga kelmay malollar.
Yosh ko‘nglim navqiron qudratidirsiz,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.

Bekpo‘lat Baxtiyor baxti shu erur,
Er yigit istagan taxti shu erur,
Dangal so‘zlarimning naqdi shu erur,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.

JANNATIM – ONAM

Bu dunyoda, ey do‘stlar, shon-u shuhratim – onam.
Kuch ila ruhim birla bitmas qudratim – onam.

Har so‘zidan taralar obi hikmat ifori,
Aziz ne’matlar aro ulug‘ ne’matim – onam.

Mehri bilan ko‘nglimni qordek oppoq o‘stirdi
Suvdek zilol hayotim shirin lazzatim – onam.

Shu yoshimda el ichra balki topdim hurmatim.
Neki bo‘lsa beadad qadr-u qimmatim – onam.

Taskin berar, agar-ki, biron g‘amdan ezilsam,
Irodasi tog‘dek but, mudom hayratim – onam.

Biron ishga qo‘l urmoq uchun gohi o‘ylansam,
Tog‘dek aylar ishonchim shahd-u jur’atim – onam.

Sira menga baxt yo‘qki diydorining baxtidan,
Huzur jo‘shqin qonimda omad, rohatim – onam.

Omad menga qo‘l berib, er yigit baxtin bersa,
Duosidan kelar baxt, buyuk davlatim – onam.

Bekpo‘lat Baxtiyorni Haqning o‘zi siylagan,
Bu dunyo-yu, u dunyo birdek jannatim – onam.

HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDINGIZ

Onajon, sof mehringiz tarovatidan
cheksiz hayotimni o‘zgartirdingiz,
Suyanch-u tayanch bo‘lib yosh ijodimda
qarang bayotimni o‘zgartirdingiz.

So‘zlarim ko‘ngillaring arzidan darak
o‘rgandim o‘zgalar dardin tinglamoq,
Muhabbatning madhida tinmay bong ursam
ahyon dovotimni o‘zgartirdingiz.

Mag‘rur uchmoqdamanki hayot osmonim to‘siqlarim
uchrabon yana yo‘q bo‘lar,
Ko‘zimni dunyolarga teran ocharman
uchar qanotimni o‘zgartirdingiz.

Kimlargadir sir berib jondek do‘st bilib
hushyor bo‘l desangiz parvo qilmadim,
Vaqt ham o‘tib ko‘zimni ochganda taqdir
so‘zsiz isbotimni o‘zgartirdingiz.

Yoshlik qilaman-da gohida shoshib
hissiyot aqlga bo‘ysunmay qolib,
Har ish o‘z fursatida bo‘lmoq darkor deb
sabr-u sabotimni o‘zgartirdingiz.

Ba’zi g‘animlarning jabrin totganda
ko‘zimga dunyo ham tordek ko‘ringan,
Bolam odam asli turfa zot bo‘lar deya
najotimni o‘zgartirdingiz.

Siz mening ham onam, ham otamdirsiz
ko‘nglingiz obi hikmat kitobi erur,
Sizdan barcha zehn-u irodam butun
yoshlik savodimni o‘zgartirdingiz.

GULRUХSORIMSIZ

Dard yutsam dardimga dil nisorimsiz,
Chiroyda tengi yo‘q gulruхsorimsiz.

Mehringiz taftlari ko‘nglim toshirar,
Niholman, yonimda bir chinorimsiz.

Matonat, adolat sizga shiordir,
Ko‘ngli qordek porloq beg‘uborimsiz.

Mug‘ombir hayotda men bir soddaman,
Dunyo bevafodir, vafodorimsiz.

Dunyoda qolmasa ishonmoq kishim,
Faqatki yonimda do‘st-u yorimsiz.

Ba’zida hissiyot aqlga qarshi,
Zabonim titrasa, хokisorimsiz.

Peshonam taqdirning kulgan chehrasi,
Umrimning faslida gulbahorimsiz.

GUNOHIMDAN KECHING, ONAJON!

Men deb ko‘nglingizga tugilgan tugun
iplarini yeching, onajon,
Gohida bag‘ritosh farzand bo‘ldim-ku
gunohimdan keching, onajon!

Ayting, qachongacha hasratga solib,
yuragingiz o‘yib yuraman?
Endi bir umr hayot gashtidan
shodlikning suvin iching, onajon!

Hayotda har nega ko‘nib yashaysiz,
lek ko‘nmaymiz mendan g’am kelsa,
Hasratlar to‘nini endi kiymangiz
shodlik to‘nin biching, onajon!

Besh kunlik hayotda fursat o‘tadi,
g‘animat ekansiz angladim shuni,
Bag‘ringiz taftidan voyaga yetdim
bag‘rimni sovitmay quching, onajon!

Armonlar girdobi tortganda o‘zga
ko‘zingiz yoshlab qo‘yganda taqdir,
Bir umr yonimda bo‘lib sog‘-omon
ko‘nglimga nurlar soching, onajon!

G‘am-anduh ko‘ksingiz tig‘lasa agar
ko‘nglingiz bilmay og‘ritib qo‘ysam,
Hayot yo‘llarida xatolar qilsam
gunohimdan keching, onajon!

MENING BAXTIM

Baxt, boylig-u shuhratda emas,
Bir kun ketar davlatda emas,
O‘zga topgan rag‘batda emas,
Mening baxtim – mehribon onam.

Ko‘zim dunyo ravshan ko‘rgani,
Zabon bordir savol so‘rgani,
Taqdir menga kulib turgani,
Mening baxtim – mehribon onam.

Rizqim bekam duolaridan,
Ko‘zim yashnar ziyolaridan,
Xonish bo‘lay navolaridan,
Mening baxtim – mehribon onam.

Arzim yo‘qdir dunyo ishidan,
Sovuq ko‘rmay uning qishidan,
Farqim yo‘qdir baxtli kishidan,
Mening baxtim – mehribon onam.

Soyam bo‘lib yurar xayoli,
Xato qilsam kelmas maloli,
Hayotimning gulgun iqboli,
Mening baxtim – mehribon onam.

FARZANDLIK AHDIM

Ko‘zim yetmoqdadir oydinlik sari,
G‘amlardan bir umr aylabon nari,
Boshingizga yog‘ib shodliklar zari,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!

Bilaman armonli dunyo yo‘li tor,
Ko‘ksingiz uzra men g‘urur ila or,
Jonim joningizga qiliblar nisor,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!

Shunchalar bo‘larm-u bir ona mehri,
Ko‘ngilni yupatar so‘zlarin sehri,
Shunga yetsa agar o‘g‘lingiz zehni,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!

Ta’na yo‘q so‘zimda takalluf ham yo‘q,
Dilingiz o‘ymagay dushman otgan o‘q,
Meni kelajakdan ishonchim ham to‘q.
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!

ONAM NIGOHI

Onajon, shodliklar sizga yarashar,
Tabassum quvnasa dudog‘ingizda.
Go‘yoki men ila birga qarashar,
Dunyoni ko‘raman nigohingizda.

Aytaman rostini ba’zan soddaman,
Xatolar qilaman guvohingizda.
Ko‘nglingiz qasrida bir shahzodaman,
Dunyoni ko‘raman nigohingizda.

Bu nigoh ichida ming bir sinoat,
Aksini ko‘rsatar ruxsoringizda.
Bu nigoh Allohim yaratgan san’at,
Dunyoni ko‘raman nigohingizda.

Siz mening bir tan-u bir jonimdirsiz,
Quyoshning tafti bor quchog‘ingizda.
Ruhimda madadkor tanda qonimsiz,
Dunyoni ko‘raman nigohingizda.

MENI UYDA ONAM KUTADI

Ishga shoshib ketaman doim,
Tong otgandan kunim botadi.
Dilda ajib shodlik muloyim,
Meni uyda onam kutadi.

Yigit kishi koʻchanikidir,
Turfa yumish qoʻlin tutadi.
Xoh erta-yu, xoh qoq kechqurun,
Meni uyda onam kutadi.

Kunim oʻtar shu xayol bilan,
Gohi sabr toshib ketadi.
Kelsam hamki ming malol bilan,
Meni uyda onam kutadi.

Koʻzin yoʻlda qaratib qoʻyib,
Ming bir xayol zahrin yutadi,
Kech qolsam-u sogʻinib kuyib,
Meni uyda onam kutadi.

SIZGA O‘XSHAGIM KELAR

O‘zbekiston Qahramoni, buyuk jasorat sohibi,
professor, ustoz Ozod Sharofiddinovning
yorqin xotirasiga

Yurt uchun, xalq uchun yashasa inson,
Ulug‘ zot, men sizga o‘xshagim kelar.
Matonatdan bog‘dek yashnasa inson,
Ulug‘ zot, men sizga o‘xshagim kelar.

Ma’rifat bo‘stonin bog‘bon gulchisi,
Adolat, haqlikning sodiq kuychisi,
Adabiyot nazlin bir kuyinchisi,
Ulug‘ zot, men sizga o‘xshagim kelar.

Ilm-u fan kaftidan tinmay suv ichgan,
Ijod deb tun-u kun oromdan kechgan,
Adabiyotni o‘z naslidek quchgan,
Ulug‘ zot, men sizga o‘xshagim kelar.

Ismingiz dillarda mangu barhayot,
So‘zingiz sog‘inar qalam-u dоvot,
Bu sizga mehrimdan yaralgan bayot,
Ulug‘ zot, men sizga o‘xshagim kelar.

DUNYODA OTAMDEK AZIZ USTOZIM

Men uchun qadrli bo‘lgan inson – ustozim,
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga

Yurakdan armonlar zanjirin uzib,
Ko‘nglimga kirdingiz daryodek suzib,
Ketmoqdaman mana o‘zimdan o‘zib,
Madhingiz kuylashga charchamas sozim,
Dunyoda otamdek aziz ustozim.

So‘zlagan so‘ziniz otash misoli,
Porlagan ko‘zingiz quyosh misoli,
Men uchun sizda bor otam timsoli,
Baralla aytayin jo‘shib ovozim,
Dunyoda otamdek aziz ustozim.

Hayajon, bosadi jism-u jonimni,
So‘zlarga boyitib, ijod konimni,
Siz ila topdim shavkat-shonimni,
Mehringizdan yuksak bugun parvozim,
Dunyoda otamdek aziz ustozim.

O‘g‘lim deb, mehrimni tuygan insonsiz,
Dard yutsam dardimga kuygan insonsiz,
Farzandim deb bu xalq suygan insonsiz,
Ijod bo‘stonida hargiz jonbozim,
Dunyoda otamdek aziz ustozim.

TOG‘AJON

Abdurahmon tog‘amga

Otasiz o‘sdim-da gohi o‘ksinib,
Ming bora sinovga duch keldi, bu jon.
Sizlar bor baxtimga, ketmadim sinib,
Donolar so‘zi bor sizda, tog‘ajon.

Har onda daldasiz biron g‘am kelsa,
Yashayman doimo sizga ergashib.
Bu dunyo jabridan ko‘zga nam kelsa,
Ko‘nglingiz anhordek ketadi toshib.

Mehringiz ko‘nglimning ziynati erur,
Jon qadar azizman ardog‘ingizda.
Borligingiz hayotning rag‘bati erur,
Otalik mehri bor quchog‘ingizda.

Suyanchiq erursiz menga beadad,
Qalbimning to‘rida, aziz jonajon.
Jismimga matonat, ruhimga madad,
Donolar so‘zi bor sizda, tog‘ajon.

DO‘STGINAM

Do‘stim Jahongirga

Shunchalar vazmin-u idrokli do‘stim,
Bu ko‘ngil to‘rida ardoqli do‘stim,
Mehrini ayamas qo‘noqli do‘stim,
Do‘stginam, baxtimga sog‘-omon bo‘lgin.

Menga bergan ishonch g‘urur tog‘imdir,
Ko‘ngil saroyimda chaman bog‘imdir,
Sen-la o‘tgan har dam zavqli chog‘imdir,
Do‘stginam, baxtimga sog‘-omon bo‘lgin.

Ota-onang baxt-u kamoling ko‘rsin,
Qizlaring sochini yorginang o‘rsin,
Senga baxt doimo yuzini bursin,
Do‘stginam, baxtimga sog‘-omon bo‘lgin.

Qariyalik gashtin birga suraylik,
Shunda ham yelkadosh birdam turaylik,
Mustaqil zamoning baxtin ko‘raylik,
Do‘stginam, baxtimga sog‘ omon-bo‘lgin.

HAYRAT

Do‘stim Botirga

Gohida ma’yussan gohida xursand,
Ba’zan hislaring beradi-da pand,
Shunda ham yuraging ajiblikka band,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!

Kimlardir ishonching poymol etsa ham,
Yosh sevgi, ishqingni zavol etsa ham,
Lek hayotga shashting bo‘lmaydi hech kam,
Sen qaydan olasan buncha hislarni?!

Yuraging go‘yoki dunyo misoli,
Oqimga qarshi goh daryo misoli,
Orzularing bir-bir ro‘yo misoli,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!

Yorilmaysan darding o‘zingda qolar,
Yashirib so‘zlagan so‘zingda qolar,
Xiyonat nigohi ko‘zingda qolar,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!

Ko‘ngling shunday nozik g‘uncha loladek,
Sanam zulfidagi mayin toladek,
Hali ham beg‘ubor murg‘ak boladek,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!

KEL, SO‘ZIM BOR, JON DO‘STIM

Do‘stim Akbarxonga

Kel, so‘zim bor, jon do‘stim,
Bu ko‘nglimda shon do‘stim.

Gohi bahor gohi qish,
Tugamas ekan tashvish.

O‘tdi bo‘ydoqlik davri,
Sho‘xliklar qolib nari.

Mas’uliyatdan tog‘ dilim,
Gullab yashnab bog‘ dilim.

Vaqt o‘tmoqda yildayin,
Orzular ham nildayin.

Tarozi bo‘lib chunon,
Chopib endi har qayon.

Bilib hayot qadrini,
Pokla yigit ahdini.

Oila qursang eng avval,
Sabrli bo‘l har mahal.

Oshma sira haddingdan,
Egilma bel qaddingdan.

Avvalo otam degin,
Mehribon onam degin.

Tarqoq bo‘lmay xayolling,
Asra juft-u haloling.

Bir ko‘ngilga ikki dil,
Bo‘linmasin o‘tib yil.

Qorin to‘ymas havasdan,
Dil anglagin nafasdan.

Ro‘zg‘oring – bu baxtingdir,
Er yigitlik taxtingdir.

Bu do‘stona maslahat,
Unutma, do‘stim, faqat.

Dono oila boshi bo‘l,
Ro‘zg‘orning tuz-oshi bo‘l.

SARVARBEK

Jiyanim Sarvarbekka!

Poklikda asrabon omad-baxtingni,
Doimo but qilib yigit ahdingni,
Sulaymoni bo‘lib toj-u taxtingni,
Ismingga munosib bo‘lgin, Sarvarbek!

Ota-onang suyanch tog‘i bo‘l, ukam,
Ko‘ngil ardog‘ining bog‘i bo‘l, ukam,
Hayoting o‘tsin-da bearmon, bekam,
Ismingga munosib bo‘lgin Sarvarbek!

Fayzlar yog‘ilsin gulgun yuzingdan,
Shodliklar quvnasin durdek ko‘zingdan,
Yaxshi nomlar qoldir faqat o‘zingdan,
Ismingga munosib bo‘lgin, Sarvarbek!

O‘zganing haqiga ko‘zingni tushirma,
Rizq yegan joyingga aslo tupurma,
Boylik deb, hech qachon chopib yugurma,
Ismingga munosib bo‘lgin, Sarvarbek!

Eng odil sarbonlar boshi bo‘l doim,
Tiling suxan bo‘lsin, bo‘lgin muloyim,
Shunda seni asrar o‘zi Xudoyim,
Ismingga munosib bo‘lgin, Sarvarbek!

SHUBHA QILMAGIN

Har tarafdan kelsa turli shum fikr,
Pok nomimni bulg‘ab aylashsa zikr,
Asli suyaksiz til qilichdan o‘tkir,
Do‘stim, do‘stligimga shubha qilmagin.

Qo‘lingni silkitib nari ket dema,
Ey do‘stim, hasadchi nonini yema,
Bu baytim sira ham esmasdir shama,
Do‘stim, do‘stligimga shubha qilmagin.

Balki, yo‘limizga qo‘yishsa tuzoq,
Oramizga tushsa qaydandir nifoq,
Men bilan har o‘tgan o‘tmishingga boq,
Do‘stim, do‘stligimga shubha qilmagin.

MENING OILAM

Bag‘rimda sokinlik havosi kezar,
Dilimda shodlik navosi kezar,
Oilam shu mening siyratim bezar,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.

Ishdan shoshib uyga qaytaman doim,
Onam quyosh erur, yorginam oyim,
Har safar kutishar, kulib muloyim,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.

Unda barcha shodlik kulgilar to‘la,
Sof mehr-u muhabbat tuyg‘ular to‘la,
Yozgan har misramda urg‘ular to‘la,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.

Yelkamga yumushlar g‘aflatin ilsa,
Ko‘cha-ko‘y tashvishi dilimni tilsa,
Og‘ir so‘z demaslar yuzimdan bilsa,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.

Ko‘z ochib birinchi ko‘rganim oilam,
Bolam deb erkalab turganim oilam,
Toj-u taxtim buyuk qo‘rg‘onim oilam,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.

MAFTUN BANDAMAN

Ko‘nglimni qoldirmoq bo‘lmang, ey do‘stlar,
Gohida mahzunman, gohi xandaman.
Umidim so‘ndirmoq bo‘lmang ey do‘stlar,
Men hayotga shunday maftun bandaman.

Undan ko‘p umidim, orzular serob,
Dildan ezgu niyat qo‘ymay kundaman.
Beumidlik bunda aylaydi хarob,
Men hayotga shunday maftun bandaman.

Birda yig‘latir-u birda kuldirar,
Ming shukur sog‘lom tan, sog‘lom jondaman.
Yo‘g‘imni bor etib, kamim to‘ldirar,
Men hayotga shunday maftun bandaman.

Fe’limga yarasha qilaman tama,
Shukrim dilimda toki tandaman.
Sira ham hayotga qilmayman shama,
Men hayotga shunday maftun bandaman.

O‘ZIM BILAN SUHBAT…

Ko‘ngilda turli хil xayollar qolib,
Yurakni ko‘p o‘yar savollar qolib,
Shaytonga o‘xshagan birovlar qolib,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

Oydinlik kiritib ming bir gumonga,
Yanada poydevor qo‘yib imonga,
Mayli o‘xshatingiz telba insonga,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

Nelarni ko‘zlamoq erur orzuyim,
Kimlar shakar qand-u, kimlar og‘uyim,
Beqarorlikga liq to‘ldi dil uyim,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

Sevgimning azobi yurakni nishlar,
Gohida qo‘limni bevafo ushlar,
Ko‘nglimni bir sirli xayollar tishlar,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

Ko‘nglimning ko‘chasi loylanib ketdi,
Ishonchlar sirtmoqqa boylanib ketdi,
Afsus alam dilga joylanib ketdi,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

Хolis sirdosh izlab ko‘ngil ko‘shkimdan,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.
Metin bardosh izlab ko‘ngil ko‘shkimdan,
O‘zim bilan suhbat qilmasam bo‘lmas.

SIZ YAXSHI-YU BIZ YOMON

Mayli bo‘ling siz omon,
Tilamam rangi somon.
Xohlang qiling g‘iybatim,
Siz yaxshi-yu, biz yomon.

Oting barcha o‘qingiz,
Soching zahar do‘qingiz.
Biz bosgan har iz yomon,
Siz yaxshi-yu, biz yomon.

Tengingiz yo‘q jahonda,
Biz so‘zlagan so‘z yomon.
Insof bo‘lsin insonda,
Siz yaxshi-yu, biz yomon.

Suring kelgan davringiz,
Bizga kelgan kez yomon.
Bo‘lsin yengil bag‘ringiz,
Siz yaxshi-yu, biz yomon.

Oling luqma-oshimni,
Keltiring ko‘p g‘ashimni,
Egolmaysiz boshimni,
Siz yaxshi-yu, biz yomon.

ONA KO‘Z YOSHI

Yigitning ham egilar boshi,
G‘am-anduhning botadi toshi,
Dunyo go‘yo zulmatga o‘xshar,
To‘kilsa gar, onang ko‘z yoshi.

Mushtak joning har yonga chopar,
Turli o‘ylar ko‘nglingni qopar,
Tashqi dunyo pardasin yopar,
To‘kilsa gar, onang ko‘z yoshi.

O‘zing bunda ayblab chunon,
Xayollaring bo‘ladi giryon,
Dilni chaqar nafratli chayon,
To‘kilsa gar, onang ko‘z yoshi.

INSONIY HISLAR

Ey do‘stim, e’tibor bersak doimo,
Ko‘ngilni bosmaydi g‘ubor-u islar.
Zulmatli dil uyin aylaydi ziyo,
Har ko‘ngil baxtidir insoniy hislar.

Kimgadir yupanching bersa-yu dalda,
O‘zingga qaytadi baxt bo‘lib galda,
Hasaddan bo‘larmi farog‘at dilda,
Har ko‘ngil baxtidir insoniy hislar.

Havasdan hech kimni bog‘i so‘lmagan,
Navqiron shijoat chog‘i so‘lmagan,
Kalxatlarga to‘lgan tog‘i bo‘lmagan,
Har ko‘ngil baxtidir insoniy hislar.

Duodan yashnasa ko‘ngil chamani,
Osmonlarga uchsa orzu samani,
O‘ylab bosilmoqga bergan qadamni,
Har ko‘ngil baxtidir insoniy hislar.

BUGUNGI IMKON

Asrdan asrga o‘tadi zamon,
Hayot hikmatlarga boydir begumon.
Bugundan doir bo‘l yaxshi ishlarga,
Kechadan paydodir bugungi imkon.

Mehnat ila rohat do‘st-u yor bo‘lar,
Harakat – barakat, yo‘qdan bor bo‘lar,
Mehnatni qo‘lin tut ishing zo‘r bo‘lar,
Kechadan paydodir bugungi imkon.

Omad o‘z-o‘zidan qo‘lin bermaydi,
Bog‘bon ham mehnatsiz hosil termaydi.
Doim shuni talab qilmoqda zamon,
Kechadan paydodir bugungi imkon.

Bugungi yeb turgan osh-tuzing asli,
Kechagi rizqingni davomiy nasli,
Insonga bog‘liqdir umrning fasli,
Kechadan paydodir bugungi imkon.

BEPARVO

Zamonaning zayli deb,
Yursin davron sayli deb,
Endi yoshlik mayli deb,
Ota-ona beparvo.

O‘g‘il bunda notavon,
Qiz yalang‘och bosh tovon,
Ketaverar yo‘l ravon,
Ota-ona beparvo.

Boq to‘qlikka – sho‘xlikni,
Unutarlar o‘zlikni,
Sababi pul – jimlikni,
Ota-ona beparvo.

Kun-u tunlar ish dardi,
Bahor o‘tib qish dardi,
So‘ng ortmasin dilgardi,
Ota-ona beparvo.

Farzand yurar kerilib,
Mol-dunyoga berilib,
Ortga boqmas qayrilib,
Ota-ona beparvo.

Bekpo‘latga bu alam,
Tutqazgandir bir qalam,
Murg‘ak dildan shu nolam,
Ota-ona beparvo.

O‘ZINGDAN QOCHIB…

Aybingni aytsalar, otiblar хanda,
Deysan-da ko‘rolmas dunyoda banda,
Qachon manmanlikni qilasan kanda,
O‘zingdan qochib ham qayga borasan?

Achchiq so‘z dilingni tilsa agarda,
Dushmaning siringni bilsa agarda,
O‘zliging o‘zing fosh qilsa agarda,
O‘zingdan qochib ham qayga borasan?

O‘zingni o‘zingga eslatar so‘zing,
Ko‘zguga boqqanda aksida yuzing,
Boshdan-oyoq guvoh shu ikki ko‘zing,
O‘zingdan qochib ham qayga borasan?

Haqiqat o‘ldirmas inson zotini,
Kel bir bor totib ko‘r uning totini,
O‘zga ko‘ngil eshitmas ko‘ngil dodini,
O‘zingdan qochib ham qayga borasan?

O‘zligin yo‘qotgan necha faromush,
Qaytadi yo‘lidan adashgandek qush,
Ko‘ngildan paydodir har obod turmush,
O‘zingdan qochib ham qayga borasan?

SEN KULSANG…

Ey do‘stim, naqadar nolib yashaysan,
O‘z ko‘nglingni dardga solib yashaysan,
Bilmaysan, hayotdan qolib yashaysan,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!

O‘ylaysan o‘zingcha men bir omadsiz,
Hamma boydir, men-chi g‘o‘r daromadsiz,
Bunchalar nolimoq o‘y ila bandsiz,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!

Besamar, befoyda o‘zga bergan non,
Peshonangga bitmas «nasibadan» ton,
O‘zi izlab kelar sen izlagan shon,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!

Hayotning azaliy hikmatidir bu,
Insonning o‘ziga hurmatidir bu,
Shunchaki berilmas rag‘batidir bu,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!

MUNOJOT

Ey hayot, turfa ish-sinovlaring bor,
Gohida zulmkor qiynovlaring bor,
O‘ttizga kirmagan erkak sochida.
Dunyoni dardicha qirovlaring bor.

Mardni nomardlarga gado aylama,
Tubanlar sozida sado aylama,
Ayni umrining kuz fasli kelganda.
Erkakni yoridan judo aylama.

Belida kuch borki erkak zotini,
Boqgulik qilmasin uning xotini.
To‘rt mucha salomat bo‘lsa agar-ki,
Totmasin minnat osh, tuz-u totini.

Ey hayot, Bekpo‘lat murojaati shu,
Erkakni ayolga muhtoj aylama.
Yosh shoir qalbing munojoti shu,
Erkakni yig‘lashga iloj aylama.

NE BO‘LDI DO‘STLIGIMIZGA?

Holimni so‘rashing shunchalar mushkul,
Daydi xayollarim qiynaydi nuqul,
Bilmayman nelarni aylading ma’qul,
Do‘stginam, ne bo‘ldi do‘stligimizga?

O‘rtaga tushdimi qaydandir nifoq,
G‘animlar so‘ziga yoqdingmi chiroq,
Savollar behisob, javob yo‘q biroq,
Do‘stginam, ne bo‘ldi do‘stligimizga?

O‘zingdan ortmayin qoldingmi yoki,
G‘o‘r ko‘nglimdan gina oldingmi yoki,
Meni qiynar gumon, javob yo‘q toki,
Do‘stginam, ne bo‘ldi do‘stligimizga?

Qaylarga qoldirding do‘stlik ahdini,
Bilmayin tutdingmi nomard taxtini,
Axir do‘st o‘ylaydi do‘stlik baxtini,
Do‘stginam, ne bo‘ldi do‘stligimizga?

Man ham bir aybdor, balki begumon,
Yuzingni qildimu bilmay za’faron,
Ko‘zimga torlik qilmoqda jahon,
Do‘stginam, ne bo‘ldi do‘stligimizga?

SODDA BOLAMAN

Birda yig‘lab birda kulib qolaman,
Hayoting bag‘rida ungan lolaman,
Garchi mag‘rur bo‘lib yursam-da ammo,
Men hali ham g‘o‘r-u sodda bolaman.

Har so‘zga ishonib qolaveraman.
Juda ham osondir tushirmoq laqqa.
G‘animga ham quloq solaveraman,
Gohida aqlimni to‘xtatar taqqa.

Mehr oshuftasiman, mehribon o‘zim,
Yaxshini ko‘rmoqni istaydi ko‘zim.
Sirlarimni pinhon tutmoq istasam,
Ammo-ki, sezdirib qo‘yadi so‘zim.

Gohida xiyonat qo‘lin olaman,
G‘urbatlar jabridan hargiz tolaman,
Balki bunda ham bir bormikan hikmat?
Men hali ham g‘o‘r-u sodda bolaman.

KETMAGIN, OMAD

Ko‘nglimga shodlik ifori bo‘lding,
Orzular bog‘im bahori bo‘lding,
Umrimning eng aziz tumori bo‘lding,
Meni tark etma, ketmagin, omad!

Purviqor aylab mag‘rur boshimni,
Lazzatdan bezab tuz-u oshimni,
Nomard yonida to‘kmay yoshimni,
Meni tark etma, ketmagin, omad!

Qo‘limdan tutding har on har nafas,
Umidsizlik hech bo‘lmadi qafas,
Bugun sen ila yuribman sarmast,
Meni tark etma, ketmagin, omad!

Yo‘lim to‘g‘rilab chin baxtlar sari,
Boshimga sochib shodliklar zari,
Nadomat toshin aylading nari,
Meni tark etma, ketmagin, omad!

Sensiz men kimman, nadir ahvolim?
Balki ko‘payar umid zavolim,
Bo‘lsa kechirgin nohaq uvolim,
Meni tark etma, ketmagin, omad!

O‘Z YURTING BAG‘RIGA SIG‘MADING, UKA!

Suriyadagi qirg‘in-barotlar oqibatida ota-onasi va aka¬si bilan urush o‘choqlaridan qochayotib suvga g‘arq bo‘lib, so‘ng jasadi Turkiya qirg‘oqlaridan topilgan uch yoshli Aylon Kurdiyning vafoti yoshi, irqi va dinidan qat’i nazar butun dunyo ahlining qalbini larzaga soldi. Internet olamida go‘da¬kning yerga bag‘rini berib yotgan suratlari tarqalib, xalqaro OAV, ijtimoyi tarmoqlarda foydalanuvchilar, blogerlar o‘z sa¬hifasi orqali bong urdi. Bu hodisa 2015 yilning eng ayanchli voqeasi sifatida tarixga muhrlandi.

Bag‘ringni suvlarga berib yotibsan,
Sohildagi qumdek erib yotibsan,
O‘zga yurt yeriga kelib yotibsan,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Yoshgina boshingga tushdi bu kunlar,
Zulmatda qaynadi kunduz-u tunlar,
Bag‘ringni tirnadi azob-u xunlar,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Urushdan qochibsan sokinlik istab,
Ayriliq boshlabdi qo‘lini siltab,
Sohilda yotibsan yig‘lab-u, siqtab
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Ajralding bir kunda butun dunyodan,
Bag‘ringni tirnagan tutqun dunyodan,
Zulmatga ko‘milgan tutun dunyodan,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Uch yoshlik yurtdoshing, jo‘rang hoynahoy?
Dilni titratgandi bundan necha oy,
O‘z yurting qabriga kirmading, uka,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Bu dunyo jabridan bezib ketdingm-u?
Murg‘ak yuragingni ezib ketdingm-u?
Dil so‘zing Allohga yozib ketdingm-u?
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Qismating yig‘latdi millat tanlamay,
Duolar qilindi, elat tanlamay,
Dunyoda ne topding yelib yugurmay,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Hayotdan shodumon kulmading, essiz,
Bolalik gashtini surmading, essiz,
O‘zbegim farzandi bo‘lmading, essiz,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka!

Bag‘ringni suvlarga berib yotibsan,
Sohildagi qumdek erib yotibsan,
O‘zga yurt yeriga kelib yotibsan,
O‘z yurting bag‘riga sig‘mading, uka,
O‘z yurting qabriga kirmading, uka!

KO‘ZINGNI OCHGIN…

Sahardan shomgacha nolib yashama,
Dilga ming bir g‘uluv solib yashama,
O‘zingni izingdan qolib yashama,
Ko‘zingni ochgin, ey ahli odamzod!

Tinchlikka shukurni qilasan kanda,
O‘z yurting madhiga otasan хanda,
Shu yurt nonini yeb yuribsan banda,
Ko‘zingni ochgin, ey ahli odamzod!

O‘zing ham aldanib o‘zgani aldab,
Qing‘ir ko‘chalarga qaddingni miхlab,
So‘ngra qolarsan ming yig‘lab-u ohlab,
Ko‘zingni ochgin? ey ahli odamzod!

O‘zga yurt bag‘rida zorlikni totib,
O‘zingni olovga tuhmatga otib,
G‘anim rohatlanar birovga sotib,
Ko‘zingni ochgin, ey ahli odamzod!

Noshukur bir umr tirnaydi ko‘ksin,
Shu sabab anduhdan yoshini to‘ksin,
Badfe’lingdan ana chinakam o‘ksin,
Ko‘zingni ochgin, ey ahli odamzod!

QADRINGNI BILGANGA…

Ba’zilar bilmaydi goho qadringni,
Mayli-da, kuyunma xushzabon bo‘lgin.
Ammo-ki, orttirma dilda dardingni,
Qadringni bilganga qadrdon bo‘lgin.

Fursatlar ko‘rsatar asl niqobni,
Eng avval o‘zingga mehribon bo‘lgin.
Unutgin sitamlar ming bir xitobni,
Qadringni bilganga qadrdon bo‘lgin.

Bir yumush tushganda bilinar do‘stlar,
Ming bora yig‘labon har qayon bo‘lgin.
Kimda yolg‘on-yashiq, kimda-yu rostlar,
Qadringni bilganga qadrdon bo‘lgin.

DUNYO

Unda turfa taqdir turfa sinoat,
Unda har bitta jon yashar omonat,
Sadoqat, vafo-yu hiyla xiyonat:
Dunyo – dunyo bo‘lib yaralabdiki…

Sira mezbon yo‘qdir barchasi mehmon,
Kimning yuzi gulgun, kimniki somon,
Kimlar tahlikada kimlardir omon,
Dunyo – dunyo bo‘lib yaralabdiki…

Har kimda o‘zicha qonun-u qoida,
Ba’zilar haqqini olmas joyida,
Umr o‘taverar oqib soyida,
Dunyo – dunyo bo‘lib yaralabdiki…

Kimlardir faqir, kimlardir so‘qir,
Notavon bekorchi! Donolar o‘qir,
Odamzod – odamning ko‘zini cho‘qir,
Dunyo – dunyo bo‘lib yaralabdiki…

So‘zimga хulosa shudir bu dunyo,
Undadir zulmat-u undadir ziyo,
Barchaga tenglik-la boqmaydi qiyo,
Dunyo – dunyo bo‘lib yaralabdiki…

MEROS

Kun o‘tar, kunlarning ortidan quvib,
Murg‘ak yuragimga beraman pardoz.
Yil o‘tar, yillarning ortidan quvib,
Bugunim ertangi kunimga meros.

Balki bugun bir ish qilmadim tayin,
Gohi yelkam g‘aflat bosadi bu rost.
Ammo-ki, anglayman dildan kun sayin,
Bugunim ertangi kunimga meros.

Ro‘zg‘or ham o‘zidan to‘lib qolmaydi,
Darkordir mehnatda bo‘lmoq chavandoz.
Bugundan ertani bilib bo‘lmaydi,
Bugunim ertangi kunimga meros.

Mehnat-u zahmatlar rohatin berar,
Endi bo‘lmoq kerak hayotda jonboz.
Ko‘nglimda faqat shu xayollar yurar,
Bugunim ertangi kunimga meros.

KO‘RPANGIZGA QARAB…

Bugun orzular ham cheksiz bepoyon,
Shum nafsning girdobi tortar har qayon,
Hayotda shundayin naql bor inson,
Teran boqib bir dam dunyo kuzating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

To‘qlikka sho‘xlikni ko‘tarmaydi el,
Ming karra chiranmang, chiqib ketar bel,
Ko‘zlardan ko‘z yoshlar bo‘lmasin-da sel,
Ey, do‘stim dil uyin poklab bezating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

Dabdaba-hashamlar bir kuni o‘tar,
Nafsining girdobi insonni yutar,
Bilingiz isrofning uvoli tutar,
Xatolar zanjirin endi tuzating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

Bugun kim o‘zarlik malomat erur
Bir-biriga qarshi adovat erur,
Yaratganga bizdan nadomat erur,
Bu illatni keling siz ham kesating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

Bugun hayot shunday teskari irmoq,
Nafsining tubiga tashlanar qarmoq,
Topmoq bor, ya’niki bordir yo‘qotmoq,
Yo‘q bo‘lmay el ichra bo‘lsin izzating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

Bu naql bobolar, momodan meros,
Ilmlar egasi donodan meros,
Biz kelib ketar shu dunyodan meros,
Donolar bayotin o‘qib kuzating,
Ko‘rpangizga qarab oyoq uzating.

O‘ZINGDAN XAFA BO‘LIB KO‘R

Do‘stlaring, dushmaning yonin olganda,
Ko‘nglingga gumonlar solganida to‘r.
Bir kunda do‘stlikning ipin uzganda.
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.

Xotira kitobin varaqla bir on,
Dema bunda nolib peshangni sho‘r.
Atrofga bir boqqin yig‘labon giryon,
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.
Qismating yozmoqlik qo‘lingda aхir,

Gohida hissiyot bo‘ladi-da go‘r.
O‘zing bilmay oshing qilsang-u taxir,
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.

Besabab bo‘lmaydi hayotning ishi,
O‘zingga ortiqcha bino berma zo‘r.
Ko‘ksingni tilganda g‘urbatlar nishi,
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.

Hikmatli hayotning, hikmatlari ko‘p,
Qalbingdan gunohlar yantoqlarin o‘r.
O‘zganing ko‘ziga suqmoq oson cho‘p,
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.

Ko‘rinmas insonga o‘zin xatosi,
Ko‘nglingni tinglagin xatolaring so‘r.
Yopilmay bu dunyo kafan matosi,
Eng avval o‘zingdan xafa bo‘lib ko‘r.

XIYONAT QILMANG

Loyqalansa chashma-yu zilol,
Gunohlarim ayting bemalol,
Bir kun sizga kelsam-u malol,
Do‘stim, menga xiyonat qilmang.

Mayli, topib keting yo‘lingiz,
Mayli, uzing do‘stlik qo‘lingiz,
Dilхоhishim shudir bilingiz,
Do‘stim, menga xiyonat qilmang.

Sirlarimni dasturxon qilib,
Xayollarim parishon qilib,
Dilda nafrat, yuzimga kulib,
Do‘stim, menga xiyonat qilmang.

Ichib turib tuz-u oshimni,
Daryo etmang ko‘zda yoshimni,
Egmoq bo‘lmang aziz boshimni,
Do‘stim, menga xiyonat qilmang.

Har to‘kisda bir ayb bo‘lar,
Inson doim xatolar qilar,
Ustimizdan g‘animlar kular,
Do‘stim, menga xiyonat qilmang.

BOG‘IMSIZ, OTA

Bu dunyoim bisotida faqat siz bir yo‘g‘imsiz, ota,
Bog‘bon bo‘lib hayotimda erta so‘ngan bog‘imsiz, ota.

Diydoringiz dardida mushtoq ulg‘aydim mehringizga zor,
Bu ko‘nglimda muhrdek qolgan o‘chmas dard-u dog‘imsiz, ota.

Bolalik o‘tdi-da shunday havas qilib otasi borga,
Qo‘limdan tutmagan qo‘liz mudom yolg‘iz chog‘imsiz, ota.

Yuragimni o‘rtar hargiz otajon sizning armoningiz
Yuzim aytmas, balki holim ammo qalbda ohimsiz, ota.

Bevaqt ketibsiz-ku tashlab farzandingiz diydorin ko‘rmay,
Ko‘nglimni qaro yer desam, ustidagi tog‘imsiz, ota.

Bu dunyoim bisotida faqat siz bir yo‘g‘imsiz, ota,
Bog‘bon bo‘lib hayotimda erta so‘ngan bog‘imsiz, ota.

YARASHAR

Bu ko‘nglimning mulkiga, go‘zal hayot yarashar,
Ko‘ngil xotirjam bo‘lsa, yozsa bayot yarashar.

Nelardandir hadikda yurmoq jonni og‘ritar,
Vayrona ko‘ngil ichra kulsa obod yarashar.

Turfa xayol ziddiyat aql-u hushing uchirar,
Shaytoniy xayollarni qilsa barbod yarashar.

Atrofda ko‘p mayda gap g‘anim ig‘vo dardida,
Ming bir so‘z qolib bunda bo‘lsa isbot yarashar.

Bu dunyoning ustuni go‘yo bardosh matonat,
Besabr betoqatga sabr-u sabot yarashar.

SHIRIN TASHVISH

O‘tib ketdi nihoyat sog‘inch diydor tashvishi,
Хavotir-u hadiklar kutmoq dildor tashvishi.

Muhabbat urug‘lari ko‘nglimizda bog‘ bo‘ldi,
Yiroq bo‘lsin qahraton kelsin bahor tashvishi.

Yelkamga oldim хurjun oilam deya, or deya,
Mas’uliyatdan ko‘nglimga keldi bedor tashvishi.

Tarozi pallasiman g‘urur ila or ila,
Ona-yu yor qalbiga tinmas izhor tashvishi.

Har bir yigit umrida nasib etsin shunday baxt,
Yelkasiga yarashar olsa ro‘zg‘or tashvishi.

DUNYODIRSIZ, AYOLLAR

Ko‘nglimizning to‘rida dunyodirsiz, ayollar,
Shu ikki dur ko‘zimiz ziyosisiz, ayollar.

Sizdan mehr-oqibat, hurmat-izzat topamiz,
Muhabbat ummonida daryodirsiz, ayollar.

Omad ketib gohida aql-u hushdan ayrilsak,
Dardimizga tasalli davodirsiz, ayollar.

Majnunlardek sevsag-u g‘azal bitsak sizlarga,
Ko‘ngillarni titratar navodirsiz, ayollar.

Bir qo‘lida dunyoni, tebratar ham beshikni,
Mehnat-u zahmatlarda jilodirsiz, ayollar.

Uyim-joyim, ro‘zg‘or deb o‘zin sira o‘ylamas,
Mana shunday qirq joni fidodirsiz, ayollar.

Farzand joni og‘risa o‘zin urib ming toshga,
Bolam omon bo‘lsin deb nidodirsiz, ayollar.

Poyingizga jannatni armug‘on etdi Rabbim,
Bizlar uchun dunyoda ma’nodirsiz, ayollar.

UCHRATMA

Ey dunyo! О‘kinch so‘zim yomoningga uchratma,
Ikki dunyo titratar zamoningga uchratma.

Senga nima shoh, gado bari birdek oldingda,
Chumolidek ezib tashlar tovoningga uchratma.

Bahor bo‘lsin har ko‘ngil saratondan asragin,
G‘urbat do‘li to‘xtamas osmoningga uchratma.

Ming bir oqim fitnani o‘z nazlida shior deb,
To‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itar dushmaningga uchratma.

Orzu bisyor har dilda gohi ro‘yob bo‘ladi,
Eng yomoni iltimos armoningga uchratma.

Er yigitning shahdini to‘smasin vatanfurush,
Dilda imoni bukar kamoningga uchratma.

Ko‘ngillarga ko‘ngillar isyon qilsa voajab,
Do‘stni dushman aylagan gumoningga uchratma.

So‘zi soxta, dil soxta ko‘zing o‘ymoq istagan,
Har ko‘ngilda izg‘igan iloningga uchratma.

KERAKMAS

Yuzimga kulib berar minnatli osh kerakmas,
O‘zganing ko‘zyoshidan, rag‘batli osh kerakmas.

Rizq bo‘lsin bir burda non halolidan ayirma,
Dasturxonlarda fayzsiz, shuhratli osh kerakmas.

«Do‘stim» deb ulfatlarim ziyofatiga chorlasa,
Shu oshidan tosh chiqar, tuhmatli osh kerakmas.

Qora qozon qaynamay halovatim buzilsa,
Har tоmonlardan, kelar shafqatli osh kerakmas.

Bu kunlaring o‘tar deb har on meni yupatar,
Zaif tоmonim bilar, qudratli osh kerakmas.

Osh ulashib hotamtoy rost so‘zini yor etmas,
Mendan manfaat ko‘zlar, ulfatli osh kerakmas.

Bekpo‘lat Baxtiyorning ori kuchli jismidan,
O‘zga haqidan kelgan, rohatli osh kerakmas.

CHALG‘ITMA

Hayot degan gulbo‘ston diyonatdan chalg‘itma,
Umrimning fayzi bo‘lgan hidoyatdan chalg‘itma.

Hayot bandam deb suysin har on o‘zi qo‘llasin,
Karami keng olamda inoyatdan chalg‘itma.

Yurak ursin gasht bilan teran boqay dunyoga,
Onam bag‘ridek issiq haroratdan chalg‘itma.

Kindik qonim to‘kilgan, shu muqaddas vatanga,
Shu vatanga munosib sadoqatdan chalg‘itma.

O‘tkinchidir havaslar kelib ketar mehmondir,
Yo‘lim burib teskari shafoatdan chalg‘itma.

Bu hayot bir hikmatdir bosgan izing sarhisob,
Umrim aylar shodumon karomatdan chalg‘itma.

Peshonamda borini ko‘ray umrim yetguncha,
Bugungimas ertangni farog‘atdan chalg‘itma.

Sinovlarga dosh beray nomard zimdan kulmasin,
Ruhim ila jismimda matonatdan chalg‘itma.

Do‘stlar bo‘lsin yonimda mehri bo‘lsin o‘zgacha,
Inson insonga yoqar tarovatdan chalg`itma.

Rizqim bo‘lsin ziyoda yigit baxti omaddir,
Necha yoshda bo‘lsam ham barokatdan chalg‘itma.

HAR QACHON

Endi omad kelganda sinov kelar har qachon,
Pok nomimni darhol tuhmat belar har qachon.

Atrofimda ko‘payar ikir-chikir gaplar ham,
Bir insonga sir bersam gumon yelar har qachon.

Ish boshlasam zavq bilan, balki kimlar ko‘rolmas,
Manzili mudom gumon tosh otilar har qachon.

Tulki qiyos ishiga har tuslarda tovlanar,
Kulib turib yuzimga dil chopqilar har qachon.

Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak, bilsin har kim o‘z yo‘lin,
Shu karvonni ko‘rolmay itlar qopar har qachon.

TOPILMAS

Musibat mehmon bo‘lsa, ketar zamon topilmas,
Sinov kelsa unga bir otar kamon topilmas.

Boshing qotsa sinovdan hech kim dalda bo‘lmas goh,
To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatar yaхshi-yomon topilmas.

Bosh urgan ostonalar o‘z ro‘zg‘orin qilar pesh,
Yordam, хizmat mayliga shirin zabon topilmas.

Qo‘llar yetmay uzoqqa sal kaltalik qilsa gar,
Hatto, bir molxonadan bitta somon topilmas.

Qarindoshlar beg‘amlik to‘nlarini kiyishsa,
Kimga siring aytasan dardga darmon topilmas.

Do‘st-u dushman ajralib o‘z aslini ko‘rsatsa,
Uchib ketay deysan-u qarang, osmon topilmas.

MENING SOXTA DO‘STLARIM

Men o‘z ko‘nglim tubiga gohi armon toshin otgan ekanman.
Qadrim bilmas begonalarga o‘z qadrimni sotgan ekanman.

Darding ne deb so‘rmas ba’zilar kimga nima yonsang kuysang-u,
Qarang, ba’zi bedillar sabab bilsam loyga botgan ekanman.

Ishi tushib kelar nogahon ikki qo‘li ko‘ksida, qarang,
So‘ngra o‘tar bir kun tanimay nomard jabrin totgan ekanman.

Yo‘lim ravon yoshlik gashtida kimga bu xush, kimga noxushlik,
O‘zim bilmay bir-bir g‘animlar yonlaridan o‘tgan ekanman.

Yuzi kular ichida hasad ko‘zlarida makkor rejalar,
Do‘stim desa ishonib men ham qo‘llaridan tutgan ekanman.

Paymonasi to‘lganda arang menga siri fosh bo‘lib gohi,
Nigohida qaynasa nafrat g‘azabimni yutgan ekanman.

Ey Bekpo‘lat, bu hali holva oldingda ko‘p turfa sinoat,
«Mening soxta do‘stlarim» deb, bilib ash’or bitgan ekanman.

ATROFIMIZDA

G‘animni izlamang uzoq-uzoqdan
bildirmay yuradi atofimizda,
So‘zi o‘q, dili yo‘q, manfur kimsalar
qonimiz so‘radi atrofimizda.

Do‘stim deb bir burda noning ulashsang
qo‘yningga kiradi ayyor tulkidek,
Nomingni bulg‘ablar huzur qiladi
ustingdan kuladi atrofimizda.

O‘zicha oqillik to‘nini kiyib boshlaydi
saboqni avvalo dindan,
Boshing berk ko‘chaga suqib oxiri
xokisor turadi atrofimizda.

Uch-to‘rt so‘m domiga tortiblar hushing
qullikka qulluqni qildirar tinmay,
Shundaylar bor tuzing ichib yoningda
rejasin tuzadi atrofimizda.

Ey yurtdosh, bu so‘zlar shunchaki emas
bu baytim ogohlik bayti erurdir,
Agar-ki, beparvo yursak shundayin
tinchlikni buzadi atrofimizda.

O‘ZGARAR

Vaqt o‘tib, fursat o‘tib davr-u davron o‘zgarar,
Kim qaysi yo‘ldan yurur, yurar karvon o‘zgarar.

Hech bir qachon bu hayot to‘xtab qolmas gardishi,
Ming turfa dil bo‘lsa ham yaxshi-yomon o‘zgarar.

Kelajakni avvaldan ko‘rolmaslik haqiqat!
Kir soylar qolib bunda toshqin ummon o‘zgarar.

Deydilar-ki ba’zilar inson sira o‘zgarmas,
O‘z nazdida qarangki, derlar: «zamon o‘zgarar».

Bugun dunyo sharida jaholatdan qon suzar,
Hayrona zamin titrab yer-u osmon o‘zgarar.

Bekpo‘latni bir savol mudom hushin to‘zg‘itar,
Savollar ko‘p, javob yo‘q qachon inson o‘zgarar?!

HAYOT MEZONI

Fikr-u idrok o‘zgarar yillar o‘tgani sari,
Umr o‘tar, vaqt o‘tar quyosh botgani sari.

Hech kim dunyo bag‘riga diydasi qotib kelmas,
Inson bunda toblanar har tosh tekkani sari.

Ro‘zg‘or deya kun-u tun chopar ahli odamzod,
Ro‘zg‘or g‘ori yopilmas ming bir to‘kkani sari.

Nolimoqni hayotda shior aylagan qancha,
Hayot qadding bukadi yana bukkani sari.

Harakatda barakat deydi dono xalqimiz,
Baxt-u omad yor bo‘lmas faqat kutgani sari.

KO‘Z YOSHIM

Ming bir alam hasratga guvohdirsan ko‘z yoshim,
Yana to‘kilmay debon ogohdirsan ko‘z yoshim.

Yuragimning dengizi to‘lib toshib ketganda,
Kiprigimning qoshida qirg‘oqdirsan ko‘z yoshim.

Sensiz toshdek yuragim ko‘ngil g‘amga to‘ladi,
Bir ho‘ngrabon yig‘lasam yuzdog‘imsan ko‘z yoshim.

Yigit bo‘lib hayotda yig‘lasam-u dam-badam,
Uvol bo‘lib to‘kilar uvog‘dirsan ko‘z yoshim.

YIG‘LASIN

Kim onasin ranjitsa, chekib fig‘on yig‘lasin,
To‘rt unsur guvoh bo‘lib, titrab osmon yig‘lasin.

Tillariga erk berib ona ko‘nglin og‘ritsa,
Bo‘g‘ziga tiqilib dard tishlab zabon yig‘lasin.

Farzandim deb tun-u kun ona bunda darbadar,
Shular qadrin bilmasa bilmay darmon yig‘lasin.

Onasiga diydorin oh bunchalar zor etgan,
Bir kun afsus qilganda chopib giryon yig‘lasin.

Bir mushfiqning ko‘nglini tog‘ qilolmas g‘o‘r farzand,
Boshiga ish tushganda lol-u hayron yig‘lasin.

Bekpo‘lat Baxtiyorning dil tubida so‘zi shu:
Ona qadrin bilmagan ko‘zida qon yig‘lasin.

O‘RNING BILINSIN

Har fayzli davraning to‘rida doim xushchaqchaq,
xushzabon o‘rning bilinsin.
Suhbatingdan bahra olsin insonlar
yo‘q bo‘lsang har qachon o‘rning bilinsin.

Ortingdan havaslar qilsin xaloyiq
sira ham nomingga toshlar otilmay,
Isming tilga olib eslasa do‘stlar
vaqtlar o‘tmay chunon o‘rning bilinsin.

Qadamning bosganda gurkirab yo‘ling
yuzingdan fayzlar sira tark etmay,
Do‘stlar diyoringga mushtoq bo‘liblar
sog‘insanlar giryon o‘rning bilinsin.

Besh qo‘l ham barobar bo‘lmaydi sira,
bo‘ladi insonda turfa xatolar,
Hech bo‘lmasa birda xatoying aytib
shunda hamki «yomon» o‘rning bilinsin.

Hayotda hech kimsa bo‘lmoq malomat
o‘zimizdan qolsin sof tuyg‘u, nomlar,
Yaqinlar dardiga tasalli bo‘lsang
har dardlarga darmon o‘rning bilinsin.

Hech qachon ostona ortida qolma
doimo izzating bilsin jamiyat,
Bellingdan kuch ketib, yoshing o‘tsa ham
unut bo‘lmay hamon o‘rning bilinsin.

Vaqt kelib bandalik bajo keltirsang
tobuting suzsin go‘yo qo‘llarda,
Shu el-yurt haqqingga duo qilganda
yig‘lab chekib fig‘on o‘rning bilinsin.

AYOL ZOTIGA

Dunyodagi barcha malomat tegar avval ayol zotiga,
Ta’na-dashnom tuhmat-u yolg‘on yetar avval ayol zotiga.

Ayol to‘kkan ko‘z yoshlaridan ne ajabki, Amudaryo lol,
Qirqta jonin qiynoqlik dardni bitar avval ayol zotiga.

Ojiza deb ba’zilar uni gul ko‘nglini хazon aylarlar,
Dunyo turfa sharoblarini tutar avval ayol zotiga.

Bir kunidan qirq kuni g‘amlik lek hech kimga cho‘kmaydilar tiz,
G‘urbatlarning bo‘ronlari ham ketar avval ayol zotiga.

Endi o‘zing o‘yla, ey dunyo, ayollardir ruhimiz kuchi,
Biz ularga qalqon bo‘laylik netar avval ayol zotiga.

O‘XSHAMAS

Ming bir sanam ichra senga hech bir sanam o‘xshamas,
Hatto, ko‘zing yoshiga ey tongi shabnam o‘xshamas.

Oydan olidingmi husn demoqlik ham noo‘rin,
Gulgun yuzingga, yorim, go‘zal oy ham o‘xshamas.

Sen yurarsan viqor ila oshiqlaring o‘ldirib,
Malikalar yursa hamki bunday qadam o‘xshamas.

Ko‘ngilginang serjilodir turfa gullar rangida,
Qiyos aylay deyman, ammo unga chaman o‘xshamas.

Hijroningda tunlarimni o‘tkazarman dard bilan,
Sen dardingni ayla xitob mening nolam o‘xshamas.

Visolingni salobati ko‘ngilginam shoshirar,
Mushkul yozmoq ta’rifingni, yozar qalam, o‘xshamas.

INDAMAS

Yorga sevdim deb so‘ylasam mohi tоbon indamas,
Tinglar so‘zim beparvo-yu lolu zabon indamas.

Oshiqligim hikmatlari ko‘zlarimda mavj ursa,
Ko‘rib turib atay qiynab go‘zal janon indamas.

Shuncha bo‘lurmi noz firoq, bo‘lgan ko‘nglim egasi,
Holim zabun aylar tinmay hajri yomon indamas.

Yo‘llarida paydo bo‘lsam go‘yo hushi uchadi,
Ammo ko‘zin obqochar-u menga bir on indamas.

Men o‘zimdan o‘tganini mudom o‘zim bilarman,
Izim giryon, ko‘zim giryon la’lixandon indamas.

Balki meni sevar u ham ko‘zlarida siri bor,
Meni ko‘rsa aqli shoshar ishqi pinhon indamas.

SOG‘INIB

Har kunim dard ila o‘tadi shunday
yasharman yorginam yuzing sog‘inib,
Bir o‘tli nigohga ko‘zlarim tushmas
men bunda mushtoqman ko‘zing sog‘inib.

Noz-u firoqlaring buncha beg‘ubor
har bir so‘zing dilga najot beradi,
Bu ko‘ngil darbadar diydor dardida
qulog‘im gap uqmas so‘zing sog‘inib.

To‘rt tоmonim qibla, borar yerim yo‘q
qaydan izlay manzil makoning aytgin,
Tutqich bermas fursat diydor baxtiga
xayolan izlarman izing sog‘inib.

Bir kun shodlik berding yana azoblar
yuzimdan shodliklar yana tark etdi,
Qaniydi, shu kuni qumsab qolsayding
men bilan baxtiyor kezing sog‘inib.

Ash’orim yozarman bir seni o‘ylab
sen ham meni bir bor o‘ylab ko‘rsang-chi,
Daqiqa, soatlar sanab charchadim
ko‘zlarim nigoron o‘zing sog‘inib.

NIDOMAN

Ey yor, sening dardingda ham shoh-u ham gadoman,
Izing yurgan izingdan o‘zing topmay adoman.

Tun-u kunlar o‘tadi hajring jangi ostida,
Diydorni istab mushtoq ming bir joni fidoman.

Madhing kuylar baytlarim dildan to‘lib toshiblar,
O‘z ko‘nglimning qasrida g‘amdagi bir sadoman.

Aytgin, visol onlari qachon bizga yor bo‘lar?
Bilmaysan, yoningda ham diydoringdan judoman.

Ko‘zim tushsa ko‘zingga yuragim zo‘r titraydi,
Oh, menga yor bo‘l deya, tinmay kuyar nidoman.

NOMEHRIBON UCHRADI

Sevib qoldim nogahon ming bir hijron uchradi,
Orzularning ortidan tinmay armon uchradi.

Endi yetdim deganda fursat o‘yin boshlaydi,
Turli fikr-u so‘zlardan yo‘lda dоvon uchradi.

Men bunda bir savdoyi baxtning yo‘lin topolmay,
Shu yoshimda na qilay dag‘i zamon uchradi.

Ko‘z birla so‘zi boshqa mudom jonim og‘ritar,
Dil so‘zin qilmas ayon loluzabon uchradi.

Qilib o‘ziga shaydo yuraverdi beparvo,
Dilko‘shkida kim bor deb hargiz gumon uchradi.

Mehrim berdim jon qadar har bir lahza umidvor,
U bo‘lib, lek erkatoy nomehribon uchradi.

NOILOJ

Hajringizda men bedor kunim o‘tar noiloj,
Hijronli kechalarda tongim otar noiloj.

Umid gulshanim dildan so‘lmoq istamas birdam,
Lek, taqdirning bitigi asta botar noiloj.

Armon dilga qafasdir qanotimni qayirgan,
Yor vasliga yetolmay dil tosh qotar noiloj.

Xayollarim devona, o‘z yo‘lini topolmay,
Yor diliga ming bora o‘zin otar noiloj.

Yorga yetmoq mushkuldir oh bunchalar kuydirding,
Sezdirmay deyman dardim ko‘zim sotar noiloj.

Ko‘nglim poygak poyingda har kun bosib o‘tarsan,
Lek, bilmaysan qadrimni dardim ortar noiloj.

Bu Bekpo‘lat Baxtiyor buncha orsiz demagin,
Taqdir bitgan baxtini kutib yotar noiloj.

SOG‘INDIM

Yor husni jamolingni bilmaysan-da, sog‘indim,
Men ovora bunda zor kelmaysan-da, sog‘indim.

Sog‘inchingga o‘rnashib sirtmoq bo‘lar hijronlar,
Hech ko‘nglimning ko‘shkida yelmaysan-da, sog‘indim.

Sabr-u ohim orttirar sendan ayro kunlarim,
Bu ko‘nglimga shodlikni solmaysan-da, sog‘indim.

Yo‘lim darvish yo‘lingda ko‘zim giryon o‘zingga,
Yor bo‘lib qo‘limni hech olmaysan-da, sog‘indim.

Men izingda sarsonman bir ruxsoring ko‘ray deb,
Ko‘zlar ko‘zga tushsa lek kulmaysan-da, sog‘indim.

FOSH ERUR

Ey sanam, sening darding bu ko‘nglimda tosh erur,
Yuzim kular va lekin dilim to‘la yosh erur.

Hijron, firoq azoblar hargiz aylar balolik,
Diydor mudom orzudir hijron menga osh erur.

Sabr-u bardosh bunda gir sening izming poylaydi,
Sening vasling qumsagan ham ko‘zi ham qosh erur.

Menda qolmadi toqat kim nima desa desin,
Seni jondan sevishim yuz ko‘zimda fosh erur.

ATAYLAB

Ey pariro‘y, sabrimni sinaysizmu ataylab,
Sizni ming bor chorlasam kelmaysizmu ataylab.

Ko‘zlar ko‘zga tushganda yuragimda chaqinsiz,
Ayting faqat rostini sezmaysizmu ataylab.

Hajringizdan og‘rinib yana tinmay sog‘insam,
Bilib turib makkorlik qilmaysizmu ataylab.

Ko‘nglim toshar soy kabi ko‘nglingizning bog‘iga,
Ishq sharobim ta’mini totmaysizmu ataylab.

Har bir baytim dard bilan yozarman sizni eslab,
Ko‘nglimga javob noma yozmaysizmu ataylab.

Balki so‘zimdan gumon qilsangiz ham sezdirmay,
Bir bora ham dilbog‘im kezmaysizmu ataylab.

Qarshingizda ko‘p uchrab soyangizdek yursam-u,
Bir-bir yoqar so‘ng yana bezmaysizmu ataylab.

Kun kelib taqdirimiz bir-biriga tutashsa,
Bekpo‘lat qo‘lidan qo‘l uzmaysizmu ataylab.

O‘N TO‘QQIZ YOSHIMDA…

O‘n to‘qqiz yoshimda muhabbat mehmon
bunchalar o‘zingga shaydo aylading,
Tilim lol-u, hushim bunda sargardon
hajringni o‘tida gado aylading.

Bir ishga qo‘l bormas xayolim senda
oydek ruxsoringga yetmoq orzuyim,
Yo‘limiz nogahon tutashsa birga
mendan qochib har dam ado aylading.

Dilso‘zlarim qolib yurak tubida
kundan kun dardim orttirding oxir,
Birda kulib qarab birda qaramay
diling oshkor qilmay xato aylading.

Tun-u kun orom yo‘q sog‘inching ezsa
xayolim darbadar qilib qo‘ygan sen.
Bu qandayin holki bilmayman sira
hatto qadrimdan ham judo aylading.

Ko‘zimga inon-u, so‘zimga inon
mushkulmi shunchalar aytgin inonmoq,
O‘zingni negadir olib qocharsan
sabrimni nigoron savdo aylading.

Mayli-da, bunda ham bormikan hikmat
uchrab hayotimda tasodif bo‘lding,
Bekpo‘lat Baxtiyor shunga iqrorki
hayotim nazdida ma’no aylading.

O‘ZIMGA BEK BO‘LGIM KELADI

O‘ylab qolib devona ishim o‘z ustimdan kulgim keladi,
Sevgi degan bedavo dardni bu ko‘ksimdan yulgim keladi.

Qani endi ko‘ksimga shamol tegsa yana bir paytlar kabi,
O‘z qadrimni o‘zgalar emas, o‘zim shuni bilgim keladi.

Bu yurakning amriga ko‘nib takror-takror adashdim essiz,
His-tuyg‘uni endi unutib o‘z bilganim qilgim keladi.

Hayotimni go‘zal aylabon baxt-shodlikka yetib yursaydim,
Endi qo‘yib g‘aflat toshini baxt tumorin ilgim keladi.

Bir yor hajri kuydirdi yomon sarson bo‘lib ayladim afg‘on,
Dardisar g‘amga bo‘lmay tutqun o‘zimga bek bo‘lgim keladi.

YURAGIM

Sevib ming bor hijronning balosida yuragim,
Bag‘ritosh yor dardining jafosida yuragim.

Bir nigohim tushgandi o‘ziga rom ayladi,
Shu ko‘zimning qiri-yu xatosida yuragim.

Yonimdan o‘tar bo‘lsa bosar ming bir hayajon,
Ul yorning ohu ko‘z-u qarosida yuragim.

Ash’orimni bitarman ul parini sog‘inib,
Dardga o‘xshash dardlarning navosida yuragim.

Oshiq baxtin ko‘zlagan faqat ul yor edi-ku,
Chin baxtini topolmas qiyosida yuragim.

Juda qiziq ekan-da turfa ishi hayotning,
Ko‘rki go‘zal, ammo tor libosida yuragim.

Faqat ishq deya yondim do‘st-u yorni xushlamay,
Endi vaqt o‘tib attang jazosida yuragim.

Orzularning ortidan borar mudom hislarim,
Yozgan har bir misramning ma’nosida yuragim.

Bekpo‘lat Baxtiyorni, balki baxti kutmoqda,
Ul yorning men kirmagan dunyosida yuragim.

SEVGI

Hijronning ming bitta jabrin totganda
sen menga shundoq ham guvohsan sevgi,
O‘zga qo‘lin tutib ketsam ham, ammo
pinhona sevsam gar gunohsan sevgi.

Sendan ming bor qochib yana o‘zingga
qaytaman mehr istab bolajon kabi,
Ko‘zingni och desa sira gap uqmas
ammoki nedandir ogohsan sevgi.

Xiyonat qo‘lidan gohi suv ichgan
shunchalar sodda-yu omisan nega?!
Farhod-u Majnunlar qalbida doim
o‘chmas bo‘lib qolgan ardoqsan sevgi.

Inson o‘z siyratin anglolmay qolsa
ko‘rsatib qo‘yasan o‘z kuching bilan,
Ul inson mayli-yu, o‘zgalarga sen
aksini ko‘rsatar nigohsan sevgi.

Osmonga o‘xshaysan bulut ham o‘zing
yomg‘ir-u qorlaring ivitar ko‘nglim,
Yor vasli gar bo‘lsa bir bora nasib
ko‘ksimga sho‘x esar sabohsan sevgi.

Bir ko‘ngil panohi bo‘lmoq mushkulda
yasharsan chiroy-u suratga uchib,
Turfa dil ichidan bir ko‘ngil tanlab
husniga mahliyo sayyohsan sevgi.

Hijronlar isitmamni oshirsa nogoh,
umidlar bo‘ladi yurak dorisi,
O‘zingdan malhamlar topaman men ham
eng tabiiy xushifor giyohsan sevgi.

Armonlar zanjiri uzilmay ketsa hasratim
aritmoq bo‘lasan yana,
Xiyonat yurakni ming nimta qilsa
o‘zing shifokor-u jarrohsan sevgi.

Sendan aziz baxtim topdim ming shukr
yosh umrim niholi yashnagin abad,
Bekpo‘lat Baxtiyor ko‘ngil to‘rida
qadrdon ne’mat-u panohsan sevgi.

QALBING – ZILOLA

Bu ko‘nglimning bog‘ida sen bir nihola,
Qadd-u qomating shamshod, dudog‘ing lola.
Jamoling paripaykar xushim o‘g‘irlar,
Ko‘nglimning moyili-yu ayni risola.
Ko‘zingni cho‘lpon deb, ta’rif aylasam,
Oydek gulga o‘xshaysan go‘yo hilola.
Zulfingga jon rishtasi o‘ralib qoldi,
Qoshing kamon, nigoro, soching shalola.
So‘zlaring ko‘ngilginam zavqin oshirar,
Ko‘ngling guldek nozik go‘yoki tola.
Bekpo‘lat Baxtiyoring shuni aytarki:
Husning oydek to‘lgan-u qalbing – zilola.

LAYLISI YO‘Q MAJNUNMAN

Yor hajrining mastonasiman,
Har kun bosar ostonasiman.
Hijronlardan cho‘chib o‘tyapman,
Bilmam, o‘zim qayga otyapman.
Shoirman-da, bir xayolparast,
Armon menga qilaverar qasd,
O‘tdim biroz qiyinchilikdan,
To‘ydim ammo kuyinchilikdan.
Yor ko‘zlari otashin nigoh,
Bu holimga bo‘lmaydi guvoh.
Yuramanda ovunib she’rdan,
Hatto so‘zim tomchilar terdan.
Bilolmayman taqdir ishini,
Faqat menga qayrar tishini.
Yor bevafo dardimni bilmas,
Bir e’tibor tasalli qilmas.
Takalluf yo‘q biron so‘zimda,
Yor siyrati mudom ko‘zimda.
Men bir g‘arib, sodda dilxunman,
Laylisi yo‘q, yolg‘iz Majnunman.

NAZAR SOL

Ta’rif aytsam yuzingga loldir ko‘zim, so‘zim lol,
Bir e‘tibor aylagin, bu ko‘nglimga nazar sol.
Sol nazar bu ko‘nglimga aylagin e’tibor bir,
Lol so‘zim, ko‘zim loldir yuzingga aytsam ta’rif.
Hajringda kechalarim yonim kuyib bo‘zlasam,
Kelgin, dildor, ko‘nglimni panohingga o‘zing ol.
Ol o‘zing panohingga ko‘nglimni dildor kelgin,
Bo‘zlasam kuyib yonib kechalarim hajringda.
Tashlab ketma yoringni ko‘nglim senga mushtoq, zor,
Jon desang beray jonim bir umr yonimda qol.
Qol yonimda bir umr jonim beray desang jon,
Zor, mushtoq senga ko‘nglim yoringni ketma tashlab.
Mastona devonaman yozib ash’or dardingda,
Ko‘nglimga mehrlaring nihol bo‘lsin urug‘ sol.
Sol urug‘ bo‘lsin nihol mehrlaring ko‘nglimga,
Dardingda ash’or yozib devonaman mastona.
Bekpo‘lat Baxtiyoring hajringdan mahzun endi,
Osmonga qiyos edi, ko‘nglim bo‘ldi majnuntol.
Majnuntol bo‘ldi ko‘nglim qiyos edi osmonga,
Endi mahzun hajringdan baxtiyoring Bekpo‘lat.

GUVOH

Sizga bo‘lgan sevgimga bedorli kunlar guvoh,
Ammo, yetolmay bir dam ozorli kunlar guvoh.

Hijron qiynar yurakni taskin izlab topolmam,
Sizni sevib sog‘liqdan bemorli kunlar guvoh,

Taqdir buncha purviqor sira bo‘yin egmaydi,
Ko‘zim yo‘lda nigoron xumorli kunlar guvoh.

Orzu armon bunda zo‘r o‘z bahsini boshlaydi,
Dilga shodlik begona g‘uborli kunlar guvoh.

Ash’orimni yozar dard bo‘g‘zimda navo qaynab,
Ham shoir-u, ham hofiz diltorli kunlar guvoh.

HALI HAM

Sizni sevdim jon qadar aytolmadim hali ham,
Diydoringiz yo‘lidan qaytolmadim hali ham.

Soyangizdek yurarman bo‘lib gohi sharpangiz,
Lek, yorim vaslingizga yetolmadim hali ham.

Ohu misol qocharsiz mudom oshiq yo‘lidan,
Yorim deb qo‘lingizni tutolmadim hali ham.

Hajringizda adoman, lek bilmaysiz dardimni,
Men shunchaki bu dardni yutolmadim hali ham.

Vaqt hukmiga topshirib sevdim jonim boricha,
Ba’zan ishq sinovidan o‘tolmadim hali ham.

Ko‘zingizga bir boqsam, ajab sirlar serjilo,
Umid ostonasidan ketolmadim hali ham.

Yonib-kuyib sevsam-u, lek yurarsiz beparvo,
Hech kimni sizdek mushtoq kutolmadim hali ham.

BEZIB QOLMIM MAN

Sensizlik azobin sezib qoldim man.
Hijronning o‘rmonin kezib qoldim man.

Xayolim musavvir bo‘lib qolibdi,
Siyrating yurakka chizib qoldim man.

Armoning – okean tubi ko‘rinmas,
G‘avvosdek darbadar suzib qoldim man.

Ba’zida vaslingni qumsagan chog‘im,
Dard ila ash’orim yozib qoldim man.

Ohimni tinglamas osmon-u falak,
Ey bag‘ritosh, darddan ozib qoldim man.

Shum taqdir sira ham bo‘yin egmaydi.
Shu sabab yuragim ezib qoldim man.

Bekpo‘lat Baxtiyor endi sog‘inmas,
Uzr-u sevgidan bezib qoldim man

UNUTMADIM

Ey yor, qancha bersang-da jafo yuzlaringni unutmadim,
Aql-u hushim bunda gangitar ko‘zlaringni unutmadim.

Erkatoysan, gohi zolim ham, bunchalar bo‘lding bag‘ritosh,
Menga ta’na-dashnomlar bo‘lgan so‘zlaringni unutmadim.

To‘rt tarafim bo‘lsa-da qibla goh yolg‘iz qolsam-da tanho,
Seni menga uchratar yo‘l-u, izlaringni unutmadim.

Sendan sira ketmadim ayro soyangdek bo‘lib qolgandim,
Bas ortimdan yurmangiz, – degan arzlaringni unutmadim.

Tinch qo‘yayin endi seni ham, shahzodangning suygan yori bo‘l,
Mendan olgan muhabbat degan qarzlaringni unutmadim.

SEVGI SOLNOMASI

Bahor chog‘i ko‘nglingga kirib keldim nogahon,
Yarim ko‘ngling, bilmayman, qildimikan charog‘on.

Fursat o‘tdi dam o‘tdi ishq rishtasi bog‘lanib,
Ko‘z tegmasin, yuribmiz visollardan chog‘lanib.

Ahd-u paymon dillarga bo‘ldi soflik elchisi,
Men baxtimdan masrurman bo‘lib baxting kuychisi.

Oshkor bo‘lib tuyg‘ular o‘sdi nozik niholdek,
Sen yonimda yurarsan o‘n besh kunlik hiloldek.

Oila degan qo‘rg‘onga bo‘lding, yorim, tayanchim,
Sen-la mening baxtim but ortaverar ishonchim.

Ba’zan ko‘ngling ko‘shkiga otadirman bilmay tosh,
Ammo, meni yorginam o‘ylamagin bag‘ritosh.

Bekpo‘lat Baxtiyoring yetar har bir ahdiga,
Yorginam, omon bo‘lgin sen sevgan Bek baxtiga.

OILALI SHOIR

O‘n to‘qqizda yoshlik bahorim,
Zavqli erur har tong-nahorim.

Hissiyotlar o‘zandan toshgan,
Gohi tuyg‘u haddidan oshgan.

Suraman-da yoshlik gashtini,
Ko‘rib turfa qir-u dashtini.

Sevsam shunday yonib sevaman,
O‘zimdan ham tonib sevaman.

Shoirman-da suraman xayol,
Ba’zan yorga keladi malol.

Sevgan yorim yori bo‘ldim man,
G‘urur ila ori bo‘ldim man.

Qanday go‘zal sevganing vasli,
Umringning eng baxtiyor fasli.

Ana endi o‘zgacha hayot,
Balki endi o‘zgarar bayot.

O‘n to‘qqizda yoshlik bahorim,
Zavqli erur har tong-nahorim.

SOG‘INCHIM O‘ZING

Jonginam, sog‘insam sog‘inchim o‘zing,
Bu qalbim to‘rida ovunchim o‘zing.

Bilmaysan holatim, balki, dildorim,
Tun-u kun umrimda sevinchim o‘zing.

Ko‘nglimning sirlari senga baxshida,
Dardimga tasalli suyanchim o‘zing.

Yorginam, mehringdan mudom sarxushman,
Dard cheksam, yonimda kuyinchim o‘zing.

Ko‘nglimni bahordek navqiron etding,
Shodlig-u, baxtim-u suyunchim o‘zing.

JUFTI HALOLIM

Taqdir menga yetkazgan husni oydek hilolim,
Sen yonimda bo‘lsang-ki uchmas fikr-u xayolim.
Bu hayotning sinovi uchrar endi dam-badam.
Neki kunlar kelsa ham kelmasin hech malolim.
Ko‘zing yashnab, diling quvnab yursang ko‘ngil shodlanar,
Dardlaringni aritay, dilxush suхan ayolim.
Vaqt ham o‘tar shiddatkor bir ko‘z ochib yumguncha,
Yillar o‘tib yarashar desang meni sho‘x cholim.
Jon yorginam, men bilan umring o‘tsin shodumon,
Baxtimga omon bo‘lgin, sevgan jufti halolim.

YORGINAM

Anglolmay sarxushman xayollar bilan,
Yurarman javobsiz savollar bilan,
Mani qarshi etmang malollar bilan,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.

So‘zlarim so‘zlarga ulanmay qolar,
Yurakda bor madhim kuylanmay qolar,
Yana dilga ajib hayajon solar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.

Hushimni o‘g‘irlab devona aylar,
Yanada sizga zor, giryona aylar,
Beqaror, bedavo, mastona aylar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.

Yuragim qinidan chiqmoqqa shoshar,
Xayollar dengizi ko‘nglimda toshar,
Qarangki, yanada sevgim ham oshar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.

YURAGIMGA YAQINSIZ

Sizga mehrim ziyoda,
Ko‘zlarimda chaqinsiz.
Ey yorginam, dunyoda,
Yuragimga yaqinsiz.

Dilda suzar ishqingiz,
Keltiraman rashkingiz,
Bo‘lay ko‘zda ashkingiz,
Ko‘zlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.

Tunlar bedor sog‘inar,
Hajringizdan og‘rinar,
Mehrim nurday yog‘ilar,
Ko‘zlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.

Xayollarim changitib,
Fikr-u hushim gangitib,
Ahvolimni tang etib,
Ko‘zlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.

Mendan so‘rmang dil uzmoq,
Sizsiz yakka bog‘ kezmoq,
Niyatim yo‘q ahd buzmoq,
Ko‘zlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.

Beparvoyim, ey dildor,
Vaslingizga bu dil zor,
Bo‘lsangiz ham dilozor,
Ko‘zlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.

G‘ALATI SHOIR

Gohida sevgini yozaman maqtab,
Gohida sevgidan nolib boshlayman.
Hijronlar armonim qo‘ysa-yu taхlab,
O‘zimni olovga solib boshlayman.

Bir yorga atalgan ming bitta fikrim,
Yozilar turli xil to‘qima bilan.
Gohi sevgidagi ta’nali zikrim,
Otilar so‘z bo‘lib, cho‘qima bilan.

Muhabbat bog‘iga bog‘bon bo‘lolmay,
Yashayman, ammo-ki sevgiga doir.
Siz demang: «so‘zlari Majnunlarga xos –
Bekpo‘lat Baxtiyor g‘alati shoir».

MUHABBAT – ILOHIY NE’MAT

Kimga nasib, kimga-yu gumon,
Kimga rost-u, kimga-yu yolg‘on,
Hayot shundan yaralgan, inon,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.

Kitoblarda yozilgan qancha,
Rivoyat-u hikmatlar ancha,
Tan olmaysan qandayin, ayt-chi?
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.

Bosh ko‘nglingni to‘ldirib qo‘yar,
Visollardan suydirib qo‘yar,
To‘g‘ri, gohi kuydirib qo‘yar,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.

Muhabbat – bu faqat yor emas,
Faqat kitob so‘zda bor emas,
Nokaslarga u hech zor emas,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.

Ota-ona do‘st-u yorlarga,
Ko‘ksi qalqon g‘urur orlarga,
Dil uyida imon borlarga,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.

SOG‘INCH BEKATI

Nima ham qilardim, sog‘inmay bo‘lmas,
Sendan ayrodirman, og‘rinmay bo‘lmas,
Bu yurak umidning ortidan qolmas,
Sog‘inch bekatida yuragim qoldi.

Kutaman, kutaman, yana kutaman,
Jonimni hijronga majbur tutaman.
Sog‘inch bekatida yuragim qoldi,
Hijroning azobin tinmay yutaman.

Bu bekatda qancha hislarim talash,
Yo‘lingni poylagan izlarim talash.
Sog‘inch bekatida yuragim qoldi,
Seni qidirmoqqa ko‘zlarim talash.

Bu bekatdan xarid sabr, bardoshlar,
Bu bekatga tanish, to‘kkan ko‘z yoshlar.
Sog‘inch bekatida yuragim qoldi,
Yana shu bekatdan armonli toshlar.

Bu bekatning yo‘li faqat bir taraf,
Manzilga boradi, qaytishga yo‘l yo‘q.
Ikki taraf yo‘lga shartnoma bo‘lsa,
Bu qadar bo‘lmasdi yurakginam cho‘g‘.

BORMIKAN

Oshiqman baxtini izlagan qayta,
Arzim yerda qolgan aytila-ayta,
Bu yosh yurak bo‘lgan ming bir nimta,
Yorni hech sog‘inmas kunim bormikan?

Qoyilman sevgining karomatiga,
Yurakni yondirar haroratiga,
Yetsaydim yorning xush tarovatiga,
Vasliga yor bo‘lar tunim bormikan?

Kulaman gohida yig‘layman yana,
Majnunlikka da’vo qilaman, mana,
Derlar meni ko‘rib: Majnun-ku ana,
Hijroning dastiga tinim bormikan?

Yuragim talpinar yana qochar goh,
Yorga mehrin pinhon zimdan sochar goh,
Hijronga tinmayin bag‘ir ochar goh,
Bu kunlarga oxir unim bormikan?

Devona o‘zimman, giryona o‘zim,
Yor girdida hargiz parvona o‘zim,
Shum taqdir dastiga hayrona o‘zim,
Muhabbat rizq bergan nonim bormikan?

Xayollar daydigan qanotsiz qushdek,
Bu kunlar o‘tsaydi go‘yoki tushdek,
Hijron toshi tegar ko‘ksimga mushtdek,
Baxtga to‘lgan serob konim bormikan?

Yor dardi kuydirgan jism-u tanimni,
Va lek, asrayapmаn yigit sha’nimni,
Fursatlar to‘ldirsin ko‘ngil kamimni,
Dunyoda eng baxtli onim bormikan?

BIR HOVUCH TUPROQ

Ko‘nglimni ko‘nglingdan qilmaydi yiroq,
O‘rtaga tushmaydi kuydirgi firoq.
Inongin, bir chaman barpo bo‘ladi,
Olib ko‘r ko‘nglimdan bir hovuch tuproq.

Mendan olisdasan, bo‘lma dargumon,
Turli xayollarga yoqma sham chiroq.
Muhabbatdan ko‘ngling bo‘lar shodumon,
Olib ko‘r ko‘nglimdan bir hovuch tuproq.

Bu tuproq ichida ming bir giyohlar,
Har darding dardiga bo‘ladi o‘rtoq,
So‘zimni fursatlar o‘zi guvohlar,
Olib ko‘r ko‘nglimdan bir hovuch tuproq.

Dil ko‘shking gurkirab bo‘ston bo‘ladi,
Hech qanday sahro-yu bo‘lmaydi qirg‘oq.
Sevgimiz vaqt o‘tib doston bo‘ladi,
Olib ko‘r ko‘nglimdan bir hovuch tuproq.

Bekpo‘lat Baxtiyor bog‘boning bo‘lsin,
Baxtinga hamisha omoning bo‘lsin,
Mayli-da, kuydirgi yomoning bo’lsin,
Olib ko‘r ko‘nglimdan bir hovuch tuproq.

MEN SEN UCHUN…

Jonim, oshiq so‘zimni tingla,
Men sen uchun yashayman endi.
Ko‘zimga boq, o‘zimni angla,
Men sen uchun yashayman endi.

Ko‘zing quvnab, bir meni desa,
Labing titrab, yuzlaring kulsa,
Jonim tayyor har ne dard kelsa,
Men sen uchun yashayman endi.

Kel, boshlaymiz baxtning kuyini,
Buzib tashlab armon uyini,
Rad aylama oshiq o‘yini,
Men sen uchun yashayman endi.

Jon-u tanim nisoring bo‘lib,
Dil bog‘ingda bahoring bo‘lib,
Har bir kunda nahoring bo‘lib,
Men sen uchun yashayman endi.

Yengib turfa sayroqi qushni,
Sabrlardan charxlatib tishni,
Ro‘yob aylab har baxtli tushni,
Men sen uchun yashayman endi.

Kelgin, jonim, qo‘llarimni tut,
Men-la baxtli onlaringni kut,
Rad javobi emasdir sukut,
Men sen uchun yashayman endi.

BAXTLIMAN BAXTIMGA BAXTIYOR BO‘LSANG!

Turmush o‘rtog‘im Dilafruzga

Bahor gullaridek ochilib kulsang,
Har kun nigohimda oy kabi to‘lsang,
Ey yorim, umrimiz gashtin suramiz,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor bo‘lsang!

Dillarda qolmasa zarracha g‘ubor,
Men ila hayotda shodlanib kulsang.
Begim baxtliman deb aytsang-u bir bor,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor bo‘lsang!

Unutib armonli dunyo ishini,
Ko‘nglimning bog‘ida sabodek yelsang.
Artsaydim ko‘zingdan sevinch yoshini,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor bo‘lsang!

Yetaylik jonginam baxtning qoshiga,
Sen bilan baxtliman agar-ki bilsang.
Tayyorman, chidayman g‘amning toshiga,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor bo‘lsang!

Baxtimiz ko‘rganda quvnasin dunyo,
Uyimning to‘riga quvonchdek kelsang.
Yuz-u ko‘zimizdan taralsin ziyo,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor bo‘lsang!

SOG‘INDIM DIYDORING, YORGINAM

Ko‘zlarim yo‘lingda nigoron,
Sog‘inchim sezadi yer-osmon,
Diydorga yetaylik xush, omon,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

Ko‘zga uyqu kelmas kechalar,
Tunda ham yorug‘dir ko‘chalar,
Bedorli tun o‘tdi nechalar,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

Bir bora bag‘rimga bosayin,
Mehringdan tumorlar osayin,
Har lahza, har onim kun sayin,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

Qo‘llaring tutayin malagim,
Dard yutsam girdimda halagim,
Yorginam ko‘rmoqlik tilagim,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

Intizor erurman ko‘yingda,
Bilaman men faqat o‘yingda,
Marjonlar bo‘layin bo‘yningda,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

Bekpo‘lat vaslingning shaydosi,
Mehr-muhabbating gadosi,
Oshiqlik so‘zimning nidosi,
Sog‘indim diydoring, yorginam.

SEVDIM

O‘zimni unutib, o‘zligim qolib,
Hijronning yo‘lida bo‘libon g‘arib,
Ko‘nglingning ko‘shkidan mehr axtarib,
Qalbing dunyosiga ko‘milib sevdim.

Ko‘zimga ko‘rinmas dunyo havasi,
Yurak istab har dam yorning nafasi,
Shunchalar bo‘larmi sevgi qafasi,
Vasling deb, ko‘zlarim yumilib sevdim.

Orzular, armonlar endi bir jangda,
Ismingni so‘zlasam, mudom jarangda,
Shu ekan sevgining kuchi qarang-da,
Hijron anhorlarida cho‘milib sevdim.

Hushimni yo‘qotib, sargardon bo‘lib,
Telba bunda qolib ming chandon bo‘lib,
Gohi yig‘lab, gohi zo‘r хandon bo‘lib,
Xayol osmonlariga cho‘zilib sevdim.

Qadamlar charchamas yor izin poylab,
Alamlar charchamas o‘z o‘qin joylab,
Ko‘nglimni mudom-ki bir yorga boylab,
Dunyodan butunlay uzulib sevdim.

Bir bor uchrab ishqning karomatiga,
Tan berdim kuydirar alomatiga,
Bo‘g‘zimga dard yig‘lar malomatiga,
Yor poyida go‘yo ezilib sevdim.

Yor yurar shodlanib o‘ng-u so‘lida,
Ming bir bevafoning guli qo‘lida,
To‘siqlar ko‘p ekan oshiq yo‘lida,
Barchasiga bir-bir urilib sevdim.

O‘zimni Majnun deb, yor Layli deb,
Yorning har hajriga sho‘xlik, mayli deb,
Bir kun visollarning kelar sayli deb,
O‘zimni ovutib kerilib sevdim.

Bekpo‘lat Baxtiyor sevgiga taslim,
Topolmay qoldim-u nasabim-naslim,
Vayrona bo‘liblar dilko‘shkim-qasrim,
Yorning chiroyiga berilib sevdim.

XIJOLAT BO‘LADURMAN

Sog‘ichimga ko‘mib qo‘ysam,
Ko‘zlaringni yumib qo‘ysam,
Hajrim aro bag‘ring o‘ysam,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

Hijon go‘yo yildek bo‘lsa,
Manzillar ham nildek bo‘lsa,
G‘amdan diling qildek bo‘lsa,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

Suratingga qarab har on,
Sog‘insam-u bormay hamon,
O‘z-o‘zimga otib kamon,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

Manzillardan ko‘ngil yaqin,
Ko‘zlarimdan chaqnar chaqin,
Hijronlarga bermay yakun,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

Kuydirdingiz degin, mayli,
Suydirdingiz degin, mayli,
Men bunda ming yonib Layli,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

Mayli, jonim, sog‘inib tur,
Diydor istab og‘rinib tur,
Men ham sensiz bo‘lolmay hur,
Oh, xijolat bo‘ladurman.

TOKI HAYOT EKANMAN…

Ko‘nglingni qoplamasin turli gumonlar,
Ne desalar, desin-u yaxshi-yomonlar,
Shu so‘zimga guvohdir yer-u osmonlar,
Toki hayot ekanman, seni sevaman!

Muhabbating yashnasin ko‘ngil bog‘imda,
Hijronlaring bo‘lmasin dard-u dog‘imda,
Nasib qilsa, qarilik kelar chog‘imda,
Toki hayot ekanman seni sevaman!

Shodlik suvlariga yuvay yuzimni,
Har tong sen ila birga ochay ko‘zimni,
Sen bilan birga quchib o‘g‘il qizimni,
Toki hayot ekanman seni sevaman!

Yarashadi mehringdan oy kabi to‘lsam,
Jism-u joningda hatto yoningda bo‘lsam,
Bu so‘zlarni aytmasdim bilsam, bilmasam,
Toki hayot ekanman seni sevaman!

Bekpo‘lat Baxtiyorga yiroq endi kuz,
Jonginam dard-u hasrat armonlaring uz,
Er yigit so‘zin beray, yorim Dilafruz,
Toki hayot ekanman seni sevaman!

NA QILAY

Ko‘ngil g‘amdan ezilar,
Sog‘inchdan dil bezilar,
Turfa xayol kezilar,
Hayrondirman na qilay?

Yor siyrati ko‘zimda,
Sevgi izhor so‘zimda,
Hech emasman o‘zimda,
Sarsondirman na qilay?

Qo‘l uzatsam, qo‘l yetmas,
Sira yorga yo‘l yetmas,
G‘am-alamalar tark etmas,
Vayrondirman na qilay?

Shirin damlar go‘yo tush,
Hijron dilga suqar nish,
Bo‘lib qoldim bir sarхush,
Jayrondirman na qilay?

Visollarga zordirman,
Hijronlarda хordirman,
Yor senga men yordirman,
Giryondirman na qilay?

TURMUSH O‘RTOG‘IMGA

Yorginam, bir lahza yonimga o‘tir,
Aytayin turmushda kerak saboqni.
Onamiz ko‘nglini ishonchga to‘ldir,
Ko‘nglingda saqlama gumon jumboqni.
Eng avval turmushda onamni degin,
Hurmat qil, izzat qil, bilib qadrini.
Undan so‘ngra mana va meni degin,
To‘liq ado aylab yorlik ahdini.
Turmushda turli manzillar uchrar,
Unda goh cho‘nqir-u tekis ko‘chalar.
Dil soxta, til soxta kimsalar uchrar,
O‘rtaga so‘z qo‘shmoq bo‘lar nechalar.
Uyning gapi bilsang ko‘chanikimas,
Asragin siringni g‘urur oringdek.
Bugungi so‘z bugun kechagi emas,
Yo‘g‘ingni bor degin go‘yo boringdek.
Gohida fe’limni senga tor qilsam,
Uddala asabim jilovlay olay.
Agar-ki bilmayin qadring хor qilsam,
O‘zimni avvalgi izimga solay.
Ko‘nglingda zarracha bo‘lmasin gumon,
Dilingda borini aytgin bemalol.
O‘rtaga gumonlar tushsa shu yomon,
Kelmasin so‘zga so‘z hech qachon malol.
Fikringni boricha bayon aylagin,
Tarozi qilamiz har bir fikrimiz.
Bilmasam bilganing ayon aylagin,
Va so‘ngra turmushda oshar zehnimiz.
Shukr qil, nolimoq kerakmas bizga,
Onamiz duosin olib yuraylik.
Bag‘rimiz to‘lganda o‘g‘il-u qizga,
Ota-ona qadrin bilib yuraylik.

CHIN MUHABBAT…

Inson zotin o‘lguncha bo‘lar joni tandadir,
Yaxshimi yoki yomon u ham shaksiz bandadir.
Yetti yoshmi, yetmish yosh tanlamaydi ko‘ngilni,
Chin muhabbat aslida shu bir parcha jondadir.

Ming bor bayon bo‘lsa ishq so‘zlar so‘zga ulanib,
Yolg‘on-yashiq so‘zlardan qolsa ko‘ngil o‘ylanib,
Oshiqlarga bir qarang qolgan kimga aylanib,
Buni ko‘rib хiyonat o‘yin aylab хandadir.

Iltifotlar yo‘q aslo bir muhabbat yo‘lida,
Na nafosat, na gulgun chiroy bordir gulida,
Bir kun qolib ketmaylik g‘urbatlarning do‘lida,
Shundan yaro bo‘lib dil bir kun jon ham qindadir.

Qayda qoldi sof tuyg‘u begoyimlar sevgisi,
Bugun ko‘ngil to‘rida yo‘qdir sevgi yog‘dusi,
Qani Farhod, Majnunlar visollarin qayg‘usi,
Visol qadri qolmadi hajr faqat tundadir.

Ehtiros yo‘q ko‘zlarda, ma’ni yo‘qdir ishqida,
Na bir soflik, na xushxo‘r ibo yo‘qdir rashkida,
Layli, Shirin to‘kkan yosh yo‘qdir ular ashkida,
Chunki bugun shundayin topmoqlik ham kundadir.

Muhabbatni soflik-la boshqarmoqlik sendadir,
Sening ila barobar bir qismi ham mendadir,
Ko‘nglimizni sof tuyg‘u chashmasiga yuvaylik,
Chin muhabbat aslida shu bir parcha jondadir.

OJIZ

Madhingni yor bitay desam,
Yurak dardim aytay desam,
Senga devon saylay desam,
Bilsam senga qalam ojiz.
Gulgʻunchadek kulib tursang,
Menga yuzing burib tursang,
Yuragimda urib tursang,
Yonginangda men ham ojiz.

Dilbogʻimdan gullar tergin,
Yuzing magʻrur shodlab kergin,
Sen dardingni menga bergin,
Yigʻlasang gar jolam ojiz.

Kuydirgidir hayot asli,
Davomiydir tashvish nasli,
Umrimning har goʻzal fasli,
Men-la boʻlsang gʻam ham ojiz.

Labing qirmiz, lola gʻuncha,
Yuzing oydek toʻlgan kulcha,
Goʻzaldirsan yorim buncha,
Ming bir turfa sanam ojiz.

Oh, qoshlaring kamon yoydek,
Oʻn besh kunlik toʻlgan oydek,
Doim kulib yurgin shundek,
Sen shodlansang, kulsam ojiz.