Qoʻllaringdan tutmadim,
Yoʻllaringda kutmadim,
Yutqazmadim, yutmadim,
Sodda koʻngil beozor,
Sevar edim begʻubor.

Koʻngil oshiq siyratga,
Siyratdan hur suratga,
Yetolmadim jurʼatga,
Tutqich bermas sira yor,
Sevar edim begʻubor.

Osmon-osmon vaʼda yoʻq,
Sevaman deb, zada yoʻq,
Koʻngil otash, nigoh choʻgʻ,
Dil koʻshkingda eʼtibor,
Sevar edim begʻubor.

Xayollarda parvona,
Atrofingda giryona,
Afsus, attang pinhona,
Sevgim qilmay xabardor,
Sevar edim begʻubor.

Pinhon asrab shaʼningni,
Birga totdim gʻamingni,
Oʻylamadim kamingni,
Sevgiga dil intizor,
Sevar edim begʻubor.

Xushomadda gʻaraz koʻp,
Qiz koʻnglida araz koʻp,
Har kimda har faraz koʻp,
Koʻnglingga bermay ozor,
Sevar edim begʻubor.

Balki sodda, men nodon,
Qoʻldan boy berdim imkon,
Ammo, oldingda vijdon,
Ham pokiza gʻurur-or,
Sevdim faqat begʻubor

Bekpoʻlat BAXTIYOR
5-sentabr 2022-yil