Oqib oʻtar qancha soy,
Zilol, tiniq, gohi loy,
Kim boʻlsang ham faqir, boy,
Muruvvatga boʻlma zor.
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Yurishmagan ish yoʻqmi?
Qahratonsiz qish yoʻqmi?
Qalb koʻrmagan nish yoʻqmi?
Dunyodan boʻlma bezor,
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Dil koʻzgusi oriyat,
Nomusdandir hamiyat,
Yoʻqolsa samimiyat,
Sabru-sabot boʻlsin yor,
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Sinov toblar insonni,
But aylaydi imonni,
Boy berganda imkonni –
Sotilmasin gʻurur, or,
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Yuzin burib oʻzgaga,
Nifoq solib oʻrtaga,
Sabab izlab joʻrttaga,
Vafosiz boʻlmasin yor,
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Kechgan turfa zahmatlar,
Dillar aytgan rahmatlar,
Bir kun boʻlar ragʻbatlar,
Yaxshilikdan kelar kor,
Bir kun doʻppi kelsa tor.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
2022-yil 20-oktabr