Yaqinda facebookimdagi profilimni “Dattatray Khandekar” profilidan kuzatish boshlandi. Unda qoʻyilgan, Turkiyaning rasmiy shaxslari bilan tushilgan suratlarini koʻrib, yaqinda qoʻyilganiga ham qaramay doʻstlikka qabul qilib yuborgan edim. Oradan 1-2 kun oʻtib oʻsha profildan menga “Massenger” orqali oʻzini Füsun Tümsavaş deb tanishtirilgan xabarnoma kelibdi.
Xullas, u bank xodimi ekan. Menga 2020-yil COVID-19dan vafot etgan, uylanmagan, qarindoshlari ham topilmagan bir mijozining depozitlarini oʻtkazib berish maqsadida yozibdi. Oʻsha odamning millati, davlati, hatto mening otamning ismi boʻlgan “Baxtiyor”, mijozining familiyasi bilan bir xil ekanmush.
U oʻzini tanishtirgan “Füsun Tümsavaş” shaxs haqida izlamoq uchun internetdan qidiruvga berdim. Chindan ham bu odam bor ekan. Sugʻurta, bank sohalarida ishlab kelmoqda ekan. Turkiyaning turli nashrlarida u haqida maqolalar, xabarlar chiqqan anchagina mashhur ayol ekanligi sababli menimcha uning nomidan, suratlaridan foydalanilganligi koʻrinib turibdi. Bunday olib qarasa bu holatda aksariyat odamlar yaxshigina pulni taklifiga ishonib ularga shaxsiy ma’lumotlarini, bank kartalarining ma’lumotlarini shosha-pisha, qoʻsh-qoʻllab topshirishi hech gap emas.
Shunday doston yozgan-ki oʻzim ham ishonib qolay dedim gaplariga. Ammo, unga chuv tushmadim. Facebookdan qidirib koʻrsam sal kam 60 taga yaqin shu nom, shu odam suratidan foydalangan profil ochilgan ekan. Odamlar ham rosa ajoyibda oʻz manfaati yoʻlida nimalarni oʻylab topishmaydi. Keyin, oʻsha profil haqida Facebookka maʼlum qilib uni oʻzimdan blokladim. Ogoh boʻling odamlar, ogoh boʻling! Begona odamlarga shaxsiy ma’lumotlaringizni taqdim qilmang.
Bekpoʻlat BAXTIYOR