Bugungi kunda media makonda sifatli kontent yaratish va uni realizatsiya qilishda nazarimda bir qator yangi muammolar yuzaga chiqdi. Turli video bloglarda urf bo‘lgan trendlar professional jurnalistikaga soya solgandek. Bugungi kun jamoatchiligi negadir mediadan o‘zini olib qochmoqda.
Men davlat idorasida matbuot xizmati xodimi sifatida faoliyat yuritaman. Faoliyatimiz davomida tashkilot tomonidan bir qator media loyihalar ishlab chiqiladi. Shulardan biri — jamoatchilikning soha qonunchiligi va amaldagi normalar bo‘yicha bilim darajasini aniqlash, shu orqali aholining huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan loyihadir.
Mazkur loyiha doirasida har bir son uchun alohida turkum mavzular belgilanib, tasodifiy respondentlar ishtirokida so‘rovlar o‘tkaziladi. Respondentlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarning amaldagi qonunchilik normalariga qanchalik uyg‘unligi soha mutaxassislari ishtirokida sharhlanadi. Bu orqali keng jamoatchilikka huquqiy masalalar sodda va tushunarli tilda yetkaziladi.
Albatta, jurnalistikada “vox pop” usulida material tayyorlash o‘ziga xos zavqli, biroq murakkab jarayon hisoblanadi. Mikrofon tutilgan shaxsning fe’l-atvori, ayni paytdagi psixologik holati va kayfiyati ko‘pincha korrespondent uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi ham haqiqatdir.
Bugungi kunga qadar faoliyatim davomida aynan shu yo‘nalishda 12 dan ortiq ko‘rsatuvni tayyorlagan bo‘lsam oxirgi 2-3 ta sonini suratga olishda respondentlar fikrini olish, ularning fikri bilan o‘rtoqlashish, kameraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fikrini bayon ettirish ancha qiyin kechdi. Ko‘plab kuzatishlarim hamda ayrim respondentlar fikridan kelib chiqib buning quyidagi sabablarini payqagandekman.
Hozirgi kunda odamlar ijtimoiy tarmoqlarga ipidan-ignasigacha bog‘lanib bo‘ldi. Endi rasmiy OAV yoki professional jurnalistikadan tashqari odamlarga boshqa tashqi omillar xususan noprofessional blog sahifalar orqali turli-tuman axborot oqimi kirib kelmoqda. Unda har bir bloger yoki blog sahifa o‘ziga xos yondashuv va uslubga o‘tib olgan. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqda “voxpop” usulidagi videolar boshqa videolardan ancha ko‘p ko‘riladi va ommabop hisoblanadi. Afsuski, aynan shu kabi videolarda video ishtirokchilarining fikrlariga nisbatdan turli kulgili, kamsituvchi, jiddiy hazil qilinadigan turkum memlar videolar qo‘yilishi ancha urfga kirdi. Ayrim memlar esa fikr bildiruvchiga nisbatan hurmatsizlik holatigacha yetib bordi. Bu boshqa formatdagi videolarda ham ancha ommalashgan.
Ko‘cha-kuyda o‘z tashvishi va yumushlari bilan yurgan inson qarshisiga chiqib undan fikr so‘ralsa-yu ammo, ijtimoiy tarmoqda obunachilar sonini oshirish, ko‘plab ko‘rilishlar yoki yoqtirish (like)larga erishish uchun bu kabi usuldan borish menimcha, o‘zimizni va o‘zgani hurmat qilmaslik sanaladi. O‘zim qanchadan-qancha respondent qarshisiga chiqib unga mikrofon tutib fikri bilan qiziqqan media xodimi sifatida shuni aytaman-ki, “vox pop” usulida begona odam qarshisiga chiqib undan tezkor fikr olish oson ish emas. Bu ayniqsa, respondentning kayfiyati, uning fe’l-atrofi tashvish va yumishlari bilan bog‘liq holat. Xayol surib, o‘z muammolari bilan yurgan inson qarshisiga chiqishda uni har bir fikrini hurmat qilish madaniyatdandir. Aslida, undan so‘rayotgandan narsangizdan ko‘proq bilim va tajribaga ega bo‘lishi lekin ayni vaqtdagi holatida bilganini ham yetkazib bera olmagan odamni bu kabi kulgiga qo‘yish – sifatli kontent emas. Agar chindan ham siz so‘rayotgan narsani bilmasa, unga qiziqmasa bu ham uning aybi emas.
Bu fikrlarni o‘rtaga tashlash uchun ko‘p bor odamlarni kuzatdim. Ko‘p bor shahar bo‘ylab tasvirga olish jarayonlariga chiqdim. Odamlar nega o‘zini kameradan olib qochayotganiga tub mohiyatini anglab yetdim. Yaqinda esa, xuddi shu kabi tasvirga olish uchun shahar markazida yurgan paytim 2-3 nafar odamdan bir-biriga o‘xshash fikrni eshitib meni qiynayotgan masalani sababini anglagandek bo‘ldim. Ular mening savollarimga javob berar ekan fikrning oxirida “yana bizni gaplarimizga ustimizdan kulgan, qotgan memlar qo‘ymaysizlarmi” deb aytib qoldi. Shunda bildim-ki odamlarda mediaga chiqib fikr bildirish uchun qarshi immunitet shaklanib qolibdi. Aslida, arzimasdek tuyulgan mazkur video effektlari, uning ko‘rilishini oshiruvchi yondashuv odamlar fikrini bildirishi uchun teskari natija berib boshlabdi. Ularni fikr bildirishdan bo‘g‘ib boshlagandek tuyuldi shaxsan men uchun.
Men bu kabi yondashuvni to‘liq qoralash yoki uni umuman qo‘llamaslik tarafdori emasman. Aslida, hamma narsada me’yor bo‘lsa bo‘ldi. Kimnidir fikrini tasdiqlash yoki inkor qilish uchun insoni fikrini yerga urmaydigan shunchaki neytral pozitsiyani bildiruvchi tasdiqlash yoki inkor etuvchi ko‘ruvchi va ishtirokchi g‘ashiga tegmaydigan memlar, video yoki audio effektlar ham talaygina. Shulardan ham foydalanib kontentning rang-baranglik darajasini oshirishi mumkin. Zero, shunda yana-da sifatli kontentlar ishlab chiqilishi odamlar o‘z fikrlarini tortinmay bayon etishga erishar edik.
Bekpo‘lat BAXTIYOR
6-fevral 2026-yil