Bir qorindan talashgan,
Tunda yulduz sanashgan,
Endi dunyo talashgan,
Oqibatsiz jigarim…
Sinovda boʻlsa boshim,
Begonaday, sirdoshim,
Koʻp sinagan bardoshim,
Muruvatsiz jigarim…
Tuman koʻngli yorishmas,
Nolishdan ish yurishmas,
Hayot xayol surishmas,
Halovatsiz jigarim…
Mol-u dunyo dardida,
Koʻngli hasad qaʼrida,
Gohi gʻanim safida,
Sadoqatsiz jigarim…
Soxta dildan, soxta soʻz,
Gʻiybat boshlar burib yuz,
Kulib turib oʻyar koʻz,
Adolatsiz jigarim…
Meros deb hech tolmagan,
Dilga mehr solmagan,
Dunyo kimdan qolmagan,
Muhabbatsiz jigarim…
Bekpoʻlat fikr-u yodi,
Qiynagan dil faryodi,
Har bir inson zurriyoti —
Omonatdir jigarim!
Bekpo‘lat BAXTIYOR
2022-yil 9-sentabr