Xayollarda necha oʻy,
Qadamlarda koʻcha-koʻy,
Aslida, har kuni toʻy,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Ishingda unum boʻlar,
Sokinli tinim boʻlar,
Uyingda qoʻnim boʻlar,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Boʻlka non yoki patir,
Yegan oshing ham tatir,
Dilda boʻlmas xavotir,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Farzandlar urish koʻrmas,
Haqorat, soʻkish eshitmas,
Shundan barokat ketmas,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Qadding yerga bukilmas,
Qadring tutdek toʻkilmas,
Gʻanim ham zimdan kulmas,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Tunlaring sokin oʻtar,
Tonglaring erta otar,
Shirin xayol uygʻotar,
Xonadoning tinch boʻlsin!
Bekpoʻlat BAXTIYOR
12-iyun 2022-yil