Do‘stlaringiz nogoh sotib ketishsa,
Kerakmas buyumdek otib ketishsa,
Yuraklari toshdek qotib ketishsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.
Tinmay boqsa agar xiyonat ko‘zi,
Dilingiz tilsa gar dushmaning so‘zi,
Ishongan kishingiz o‘girsa yuzin,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.
Borgan har eshingiz ochilmay qolsa,
Minnatli oshlardan ko‘nglingiz tolsa,
Har qadam dushmanlar oyoqdan olsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.
Alamlardan yurak otashdek yonsa,
Omadsiz kuningiz yaqinlar tonsa,
Shunda ham qalbingiz umidga qonsa,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.
Ey do‘stim, hayoting ko‘pdir g‘amlari,
Unda o‘chadi goh shodlik shamlari,
Azob-musibatning og‘ir damlari,
Men sizga hayotdan sabot tilayman.
Bekpo‘lat BAXTIYOR
“Mehringizdan aylanay”
she’riy to‘plamdan.
