Qoʻrqaman, kun kelib baxtsiz qolishdan,
Qoʻrqaman, tun kelib kunsiz qolishdan.
Qoʻrqaman, oyogʻim uzilib yerdan,
Notavon, beburddek ahdsiz boʻlishdan.
Qoʻrqaman, yurakning amridan chiqib,
Shaytonning soʻziga xirom aylashdan.
Qoʻrqaman, boshimni olovga tiqib,
Halol umrimni men harom aylashdan.
Qoʻrqaman, onamni yoʻqotib qoʻyib,
Soʻnggi pushaymondan oʻzimni koyib,
Qoʻrqaman, bugungi kunimga toʻyib,
Ertangi kunimni badnom aylashdan.
Qoʻrqaman, doʻstlarim jabrin tuyishdan,
Qoʻrqaman, manmanlik meni suyishdan.
Qoʻrqaman, laʼnat-u qargʻishlar olib,
Vijdon azobida yonib kuyishdan.
Bekpo‘lat BAXTIYOR
“Mehringizdan aylanay”
she’riy to‘plamdan.
