Sog‘inchda yashayman bir bora ko‘rib,
Tomirlarim ichra sevgi jo‘sh urib,
Umrim o‘tayotir mahzun o‘y surib,
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

Sog‘inchli maktublar bitib o‘tyapman,
Dardimni ichimga yutib o‘tyapman,
Sening muhabbating kutib o‘tyapman,
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

Gul ruxsoring tamom asir ayladi,
Qalbimni o‘ziga ipsiz boyladi,
Yuragim qa’riga ishqni joyladi.
Xayolim o‘zingda, o‘zingda jonim.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
“Mehringizdan aylanay”
she’riy to‘plamdan.