Ba᾿zan yoqmas ekan xonishing yorga,
Dardlaring qancha chal bilinmas torga,
Havas qiling do‘stlar, onasi borga,
Yurmangiz o‘zgalar izida yona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Eng so‘nggi qator ham u uchun aziz,
Koʻnglini koʻnglingga choʻktiradi tiz,
G‘iybating qilmaydi, o‘girmaydi yuz,
Buyuk qalb egasi, ko‘ngli koshona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Necha muxlis kelib gullar tutarlar,
Boshingdan to oyoq pullar tutarlar,
Biroz ko‘rinmay qol, lek unutarlar,
Boshqasi mingta so‘z topar bahona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Ijoding e’zozlab, qadring ardoqlar,
Muxlislik qiladi eng mushkul chog‘lar,
Ko‘nglingdan yuvadi ne bo‘lsa dog‘lar,
Minnat yo‘q sira ham bo‘lsa parvona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Bir kuni sahna ham begona bo‘lsa,
Borar har eshiging ostona bo‘lsa,
Yuraging dard yutib mastona bo‘lsa,
Qarshingda faqat u bo‘lar giryona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Omading aslida muxlising – onang,
Omading ketganda avj ursa nolang,
Hattoki dosh bermas san’atkor bolang,
Bekpo‘lat so‘ziga bo‘lmang hayrona,
San᾿atkorning sodiq muxlisi – ona.
Bekpo‘lat BAXTIYOR
2016 yil.