Bir necha soat avval YouTube internet tarmogʻi orqali bir onlayn dars mashgʻulotini kuzatishimga toʻgʻri keldi. Mazkur dars mashgʻulotining davomiyligi 28 daqiqa ekan. Boshqa shu turdagi dars soatlaridan 2-3 barobar kam hamda koʻrishlar koʻp boʻlganiga koʻrishni boshladim. Diqqat bilan eshitar ekanman kadr ortida dars oʻtayotgan yigit aynan, “demak” soʻzini soniyasiga bir necha bor qaytarishi xayolimni rosa chalgʻitishni boshladi. Har qancha videodagi boshqa maʼlumotlarga eʼtiborimni qaratay deyman lekin, har gapining oʻrtasida shu soʻzni qaytaraverdi.

28 daqiqalik videoning 5 daqiqasini arang tinglay oldim. Keyin yana orqaga qaytarib boshidan koʻrib bir soʻzni necha marotaba qaytarganiga qiziqdim. Aslida, oʻzim uchun boshqa narsani oʻrganishim kerak boʻlgan joyda meni xayolimni tubdan chalgʻitdi. Oʻsha roppa-rosa 5 daqiqagacha boʻlgan oraliqda haligi yigit “demak” soʻzini rosa 47 marotabadan ortiq ishlatibdi. Qoyilmisiz? Agar videoni oxirigacha koʻrganimda aniq men ham har gapim soʻnggida “demak” deydigan boʻlib ketardim.

5 daqiqada aynan bir soʻzni 45 marotabadan ortiq aytgan boʻlsa bu koʻrsatgich video oxirigacha salkam 250 marotabaga toʻgʻri keladi. Qarabsiz-ki, bir pedagog kamida bir nechta o’quvchisidan ayriladi.

Men bu bilan kimningdir juzʼiy nuqsonini kamsitishdan yiroqman shunchaki, pedagog boʻlish qanchalik qiyinligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Chunki, oʻsha yigitning birgina soʻzni qayta-qayta takrorlashi ortidan asablarim tarang boʻlgani bois meni boshqa yoʻnalishga yoʻnaltirib yubordi. Oʻrganishim kerak boʻlgan narsani undan emas boshqasidan oʻrganishga undadi. Chunki, bari birga ham videoni oxirigacha koʻra olmasdim.

Bu pedagoglik kasbini qanchalar mushkul kasb ekanligiga oddiygina misoldir. Soatlab bir sinf, bir guruh auditoriyani diqqatini jamlash, bilim berish har safar undan nimadir oʻrganishga oʻrgatish oson ish emas. Buning uchun albatta, bilim va yetuk tajriba boʻlishi kerak. Bejizga aytishmagan chumchuq soʻysa ham, qassob soʻysin deb!

Bekpoʻlat BAXTIYOR