Menga ham o‘zingdek kulishni o‘rgat,
Yurakni yondirib suyishni o‘rgat.

Shundayin o‘zingga bog‘lab olginki,
Ko‘rmasam xavotir olishni o‘rgat.

Mehringni berginki, shunday sevayin,
Sensizlikda cho‘g‘siz yonishni o‘rgat.

Kun kelib hayotdan noliy boshlasam,
Yorginam bardoshli bo‘lishni o‘rgat.

Sanamlar ko‘p erur ko‘zim shoshirar,
O‘zingdan boshqadan tonishni o‘rgat.

Ayriliq damlari yillar bo‘lsa ham,
Senga sodiq bo‘lib qolishni o‘rgat.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
“Jannatim-Onam” toʻplamidan. 2016-yil