#8yosh_muborak

Farzandim, Muhammad Aliga

Bag‘rimda porlagan mitti quyoshsan,
Ko‘zimdan qalqigan sevinch ko‘zyoshsan,
Buyuklar ismiga ismi uyqashsan,
Jonimning jahoni, Muhammad Ali!

Dunyoga kelding-u, yashnadi olam,
Otalik baxtidan tinmadi jolam,
Xush kelding dunyoga, xush kelding bolam,
Ko‘nglimning osmoni, Muhammad Ali!

Buvingni e’zozla erkatoyisan.
Ota-onangni bunda osmon, oyisan,
Umrimning eng shirin, baxt chiroyisan,
Ko‘nglimning ummoni, Muhammad Ali!

Buyuk bobolardek ahdli bo‘l, bolam,
Er yigit, purviqor, shahdli bo‘l, bolam,
Hur Vatan bag‘rida baxtli bo‘l, bolam,
Qalbimning darmoni, Muhammad Ali!

Yuzingdan taralsin shodlik, kulgilar,
Doimo yor bo‘lsin eng sof tuyg‘ular,
Baxtim nomasida bo‘lding urg‘ular,
Orzular sarboni, Muhammad Ali!

Hech qachon yengilma hayot jangidan,
Allohim asrasin, g‘ubor changidan,
Hayotim boshlading, bolam yangidan,
Yaratgan in’omi, Muhammad Ali!

Bekpoʻlat BAXTIYOR
14-avgust 2016-yil