Kimdir joning oʻylaydi,
Kimdir moling koʻzlaydi,
Begonadan beshbattar,
Yolgʻonlarga oʻraydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Koʻngling qulfin buzganlar,
Xayolingda suzganlar,
Oh shaytondan oʻzganlar,
Mudom makkor yigʻlaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Koʻrsang, bunda xokisor,
Senda unga xaloskor,
Alamzada, qasoskor,
Bilmam, nelar undaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Bemormisan, sogʻmisan,
Maʼyus, vaqti chogʻmisan,
Koʻngli osmon, dogʻmisan,
Koʻngli bunda toʻlmaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Koʻzga sepib tuzlarin,
Tuzib yolgʻon soʻzlarin,
Hargiz oʻylar oʻzlarin,
Oson hayot koʻzlaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Kuyib yonar boringga,
Beparvo dil zoringga,
Yaramaydi koringga,
Begonaga oʻxshaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Oʻzingda yoʻq, olamda yoʻq,
Aka-uka, bolamda yoʻq,
Qachon koʻzlar boʻlar toʻq,
Shum xayoli tinmaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Ichar xatto qoningni,
Toʻposlaydi joningni,
Yulib olar noningni,
Hasadlardan nuraydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Yarim koʻngling nimtalar,
Yuragingga oʻt qalar,
Mol-dunyoga oʻch ular,
Yuzxotirlik qilmaydi,
Oʻzingniki tunaydi…

Bekpoʻlat BAXTIYOR
24-fevral 2024-yil