Hukumat tomonidan davlat va nodavlat telekanallarga sutka davomida faqat bitta xorij serialini qoʻyishni majburiy qilishdi. Juda yaxshi! Lekin tanganing ikkinchi tomoni unutildi. Ikkinchi tomoni shundaki, mahalliy kanallar efir setkasini kim oʻzarga toʻldirishga kirishib ketdi. Efir setkasini mazmunli koʻrsatuvlar bilan boyitish bir yerda qolib (ayrim kanallar), buyurtma asosida seriallar ishlashni boshladi.
Ayrimlarida doimgidek bir xil qiyofalar, bir xil taqdirlar, ayrim turk serialining miridan-sirigacha “copy” “paste” qilingan “asarlarini” ham xalqqa goʻyoki oʻzimiz yaratgan asardek bong urib, taqdim qilmoqda. JUDA UYAT… JUDA SHARMANDA!!!!
Ular-ku mayli doim boʻlib kelgan, lekin meni doim asablarimni tarang qiladigan hol aynan mana shu baʼzi SAVIYASIZ seriallarda maishiy va ijtimoiy hayotimiz juda BUZIB koʻrsatilmoqda.
Qoʻshxotinlik, shahvoniy epizodlarga toʻla kadrlar, inson qadr-qimmatini zoʻravonlik bilan toptash sahnalarini juda boʻrttirib koʻrsatishganidan Oʻzbekistonning boshqa hududida yashovchi odamlar poytaxtni faqat “BUZUQLAR”,“MAʼNAVIYATSIZLAR”, “SUBUTSIZ ERLAR”, “OGʻZIDAN SHODI KIRIB BODI CHIQUVCHI AYOLLAR” egallabdi degan fikr shakllanishi turgan gap!
Men jamiyatmizni bunaqa bulgʻab koʻrsatishlarini keskin qoralayman. Har narsada CHEGARA BOʻLISHI KERAK!!! Ijtimoiy hayotimizda turfa xil odamlar bor, men hammani ham “oppoq” deyishdan yiroqman. Zero, beayb Parvardigor! Ammo, har bir qilinayotgan ish bu TARIXDIR!
Bugun kim oʻzarga ishlangan serial ertaga bugungi kunimizni bizlar mayli, farzandlarimizga yaqqol koʻrsatadi. Men bu fikrlarim bilan faqat “OMON-OMON” davr sahnalariga boy seriallar ishlansin deyishdan yiroqman!
Xullas, haftasiga serial ishlovchi rejissyorlar biroz oldi-orqangizga ham rasm soling. Har bir ishlayotgan serialingizda koʻp millatli Oʻzbekiston aholisi va oʻzbek millatining shaʼni bor! Undan koʻchirib, bundan koʻchirib QADIRYATLARNI SOXTALASHTIRMANG!
Oʻz navbatida ayrim telekanallar boʻlar-boʻlmas tutruqsiz seriallardan oʻzini tiysa yaxshi boʻlar edi. Seriallarni efirga berishdan avval yuz marta chertib-chertib tanlaganida bugun bu kabi vaziyat shakllanmagan boʻlar edi. Hali ham kech emas!
Bekpo‘lat BAXTIYOR