Necha ming malomatga,
Qolib dil jarohatga,
Hech sabrim yoʻq toqatga,
Besamar kutmoqdaman.
Yil oʻtar, umrim oʻtar,
Dil bunda alam yutar,
Sogʻinchdan meni qutqar,
Bexabar kutmoqdaman.
Seningdek beparvo yoʻq,
Meningdek bedavo yoʻq,
Sogʻinchdek jafo yoʻq,
Behuzur kutmoqdaman.
Ishqilib ozor koʻrma,
Sogʻinib bedor boʻlma,
Oʻksinib gʻamga toʻlma,
Bexatar kutmoqdaman.
Asrayman, avaylayman,
Isyonga yoʻl qoʻymayman,
Sababin hech bilmayman,
Benazir kutmoqdaman.
Kecholmadim kechmadim,
Ishq zanjirin yechmadim,
Yiqilmadim, uchmadim,
Beqaror kutmoqdaman.
Kundan kun oʻrtar firoq,
Kundan kun manzil yiroq,
Javobsiz har bir soʻroq,
Besabr kutmoqdaman.
Na sendan bir oʻkinch bor,
Na senda bir sogʻinch bor,
Lek qara men intizor,
Beqadr kutmoqdaman.
Ishqimga ijobat yoʻq,
Ishqingdan ishorat yoʻq,
Bu qalbga itoat yoʻq,
Beta’sir kutmoqdaman.
Bemorlik kunlar oʻtdi,
Bedorlik tunlar oʻtdi,
Boʻgʻzimni bir dard tutdi,
Bemador kutmoqdaman.
Boʻlarmi oxir yakun,
Otashdir endi uchqun,
Ishonsang yorim bu kun,
Beshbattar kutmoqdaman.
Bekpoʻlat BAXTIYOR
2023-yil 11-noyabr