Yor koʻnglingda nelar yashirin,
Anglolmadim nigohing sirin,
Senga oson, men uchun qiyin,
Koʻzim mudom seni axtarar,
Xayolimda yurma darbadar.

Yoding bilan yondashgan koʻnglim,
Nigohingdan qamashgan koʻnglim,
Essiz, nogoh adashgan koʻnglim,
Armoningda qoldim muqarrar,
Xayolimda yurma darbadar.

Eslatadi, xazonrezgisi,
Seni izlar qalbim sezgisi,
Manguga band oshiq sevgisi,
Firogʻingdan boshqa yoʻq xatar,
Xayolimda yurma darbadar.

Oʻtib ketdi bunda yillarim,
Tutashmadi bir bor yoʻllarim,
Menga tobe emas oʻylarim,
Foyda yoʻqdir, na unda zarar,
Xayolimda yurma darbadar.

Xotiralar, ketmas negadir,
Koʻngil sira kulmas negadir,
Mavhum boʻlib qoldi qancha sir,
Gumonlarda qolganim yetar,
Xayolimda yurma darbadar.

Qoʻnim topding fikr-u yodimda,
Izing qoldi dil faryodimda,
Qolmading lek yor hayotimda,
Oʻsha shodlik kunlarim qaytar,
Xayolimda yurma darbadar.

Xayollardan bezdim na qilay,
Qaytib kelmas umrim har qalay,
Izin bergin yodingsiz yashay,
Malol kelmas tushunsang agar,
Xayolimda yurma darbadar.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
24-noyabr 2023-yil