Subyektiv jamoasining navbatdagi tahliliy koʻrsatuvida bugungi kundagi ogʻriqli mavzulardan biri ya’ni televideniya orqali efirga uzatilayotgan ma’no-mantiqsiz, bir-biridan sayoz, saviyasiz seriallar, telenovellalar mavzusiga toʻxtibdi.

Koʻrsatuvda bayon etilgan barcha fikrlar oʻrinli va oʻz oʻrnida toʻgʻri tahlil etilgan. Hech bir jihat nazardan chetda qolmagan. Filmlarning mazmun va texnik jihatlariga ham alohida urgʻu berilgan. Sizlarga ham koʻrishni tavsiya qilaman.

P/S: Oʻz navbatida bir necha yillar avval shu mavzuga oid qoralab qoʻygan she’rimni ham havola qilib qolaman.

BUGUNGI KINO

(telekanallar orqali efirga uzatilayotgan ayrim teleserial hamda telenovellar uchun munosabat)

Oynayi jahon kuni kimlarga qoldi, qay yoʻldan oʻtmoqda bugungi kino?
Maʼnaviyat ulashish u yoqda qolib jarga yoʻl olmoqda bugungi kino.

Qaynona kelinlar mavzusi ildam tarixni oʻylamas janob “rejissyor”,
Baʼzi filmlardan uyalar odam saviyadan qolmoqda bugungi kino.

Atrofga bir boqqing turfa rang-barang hayotiy mavzudan koʻpi bormikan,
Ikir-chikir mayda mavzular serob, shunga ham koʻnmoqda bugungi kino.

Tobora maishiy, tobora jirkanch, quloqni qomatga keltirar soʻzlar,
Sharmu hayo bunda ketdi toptalib gʻulgʻula solmoqda bugungi kino.

Yevropa tarbiyasi koʻz-koʻz qilinar qiz otadan uyalmay “sevgilim”, deydi,
Yosh kelin oʻzganing bagʻridaligin nima aytmoqda bugungi kino?

Soxta ijrolar-u, soxta iztirob tutriqsiz tuzilgan matn bechora,
Oilaviy koʻrmoqqa uyalar odam axloqni buzmoqda bugungi kino.

Bir qator soʻzini joʻyali aytmas isteʼdodni pulga olib boʻlmaydi,
Yurakda dardi yoʻq qoʻgʻirchoqlardan koʻngillar ozmoqda bugungi kino.

Ssenariy yozilar pala-partishcha rejissyor qoʻliga borar iymanib,
Qoʻllardan-qoʻllarga oʻtar shundayin “asarda” choʻkmoqda bugungi kino.

Maʼnaviyatsiz tuyuldi xorij seriali ayovsiz toshlar otildi tinmay,
Endi oʻzimizga baho beraylik qanday reja tuzmoqda bugungi kino?

Bir-birdan oʻzmoqqa jazm aylagan kino sanoatin poyga qildilar,
“Davomi bor…”, deya yozilar qarang, daromad kuymoqda bugungi kino.

Soʻzimni ogʻir olmang ey kino ahli, shunchaki millatning kuyinchagiman,
Saviyasiz filmlar dastidan bugun oʻzidan tonmoqda bugungi kino.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
2020-yil

Koʻrsatuvni tomosha qilish: