Bugun yana bir muhim dovondan yorugʻ yuz bilan oʻtib oldim. Bundan 2 yil avval Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetning Jurnalistika: siyosiy-huquqiy jurnalistika yoʻnalishing magistranti boʻlgan edim.

Oradan mana hash-pash deguncha vaqt oʻtib bugun magistrlik darajasini olish uchun avvalgilardan-da masʼuliyatli va hayajonli himoyani oʻtkazdim.

Bugun yana bir bor Davlat attestatsiya aʼzolari qarshisida minbarga chiqar ekanman goʻyoki oʻz-oʻzidan boshqa bir insonga aylandim. Bu minbarning yuki va hayajoni doimo menga oʻzgacha hislarni baxsh etadi. Va bu hislarni yana bir bor tuyish nasib qildi.

Bugungi muvaffaqiyatli himoyam ortida koʻplab yaqin insonlarimning menga boʻlgan ishonchlari mujassamdir. Xususan, erishadigan har bir yutugʻimda meni qoʻllab-quvvatlovchi, oʻz mehr-muhabbatini ayamaydigan, duogoʻyim onajonimning zahmatlari va mehnatlari beqiyos. Buni bir qancha satrli soʻzlar bilan ham ifoda qilib boʻlmaydi.

Magistrlik darajasini olish uchun yozilgan ““Politeynment” – ommaviy kommunikatsiyada ijtimoiy-siyosiy
mavzularni taqdim etishning ommabop usuli sifatida” mavzusidagi dissertatsiya ishim ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlmadi. Ustozim Amrullo Ashurovichning ilmiy tavsiyalari, yoʻl-yoʻriqlari bilan bu mavzu ustida ish boshladim. Oʻzimni yangidan kashf qilishga harakat qildim. Qolaversa, himoyam boʻyicha oʻz yordamlarini aylamagan ustozim Nazira Qurbon qizi hamda ilmiy rahbarim Mukarram Otamurodovaga shu bilan bir qatorda 2 yil davomida bizga saboq bergan barcha ustozlarimizga oʻz tashakkurlarimni bildirib qolaman.

Magistrlik darajasiga erishgan barcha doʻstlarim, yaqinlarimni chin qalbimdan muborakbod etaman. Doimo ilm olishdek, ilmiy izlanishdek dovonlardan birga oʻtish nasib qilsin.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
2023-yil 14-iyun