Kim koʻrmagan sinovli hayot,
Kim oh urib, chekmagan faryod,
Yaxshilikka yetaklar sabot,
Behudaga asablar tarang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Boshdan oʻtar taqdirda bori,
Xasta aylar koʻngil gʻubori,
Hasad mudom iymon ozori,
Kimga foyda, kim uchun tajang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Malomatda halovat yoʻqdir,
Nadomatda ibodat yoʻqdir,
Aytilgan soʻz – otilgan oʻqdir,
Baxtli kunlar kelishin soʻrang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Nokas oʻzga molin koʻzlaydi,
Illatli dil – illat izlaydi,
Gʻofil mudom soxta boʻzlaydi,
Ne naf bunda sochilgan jarang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Tuningizda halovat boʻlsin,
Kuningizda halovat boʻlsin,
Yarim koʻngil bir kuni toʻlsin,
Gohi toshdek botarkan koʻrpang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Kimga erta, kimgadir kechdir,
Kimga nasib, kimgadir hechdir,
Dilda umid yashnasa – kuchdir,
Befoydadir taqdir bilan jang,
Koʻnglingizni keng qilib yashang.
Bekpoʻlat BAXTIYOR
22-may 2023-yil