Soyamga salom berib,
Poyimdan toshlar terib,
Bilaman, bir kun kelib,
Xiyonat qilib ketasiz…

Minnati koʻp, mehringiz,
Dilda pinhon qahringiz,
Tutdek toʻkik qadringiz,
Malomat qilib ketasiz…

Siz beayb-u, beozor,
Siz xokisor — umidvor,
Oh, muloyim, hiylakor,
Nodomat qilib ketasiz…

Buncha tarang bu asab,
Dilga mudom dard yasab,
Goh-gohida besabab, 
Adovat qilib ketasiz…

Dilingizni hasad yeydi,
Mudom shayton soʻzin deydi,
Tani sogʻlom, hushi daydi,
Qabohat qilib ketasiz…

Soyamga salom berib,
Poyimdan toshlar terib,
Bilaman, bir kun kelib,
Xiyonat qilib ketasiz…

Bekpoʻlat BAXTIYOR
9-aprel 2023-yil