Yaqinda kechki payt ishdan uyga qaytayotib bir hodisaga guvoh boʻldim. Shahar chorrahalarining birida svetoforning qizil ishorasiga koʻra toʻxtab turibman. Yaxshigina tirbandlik, yashil chiroqda harakatlanish davomiyligidan qizil chiroqda toʻxtab turish davomiyligi ancha koʻproq edi. Haydovchilar oʻta asabiy, har daqiqada avtomobil signallarini quloqni qomatga keltirar darajada jarang sochmoqda.

Shu payt chorrahaga tez tibbiy yordam mashinasi yalt-yalt etuvchi mayoqchasini yoqqan holda favqulodda yaqinlashib keldi. Har qancha chorrahadan oʻtib ketishga urinmasin haydovchilar yoʻl bermayotganiga guvoh boʻldim. Tez tibbiy yordam haydovchisi har qancha imo-ishora qilmasin yon atrofidagi haydovchilar birlashib yoʻlni ochib berishga harakat ham qilmadi. Shunda tez tibbiy yordam mashinasining harakatlanishi boshqa boʻlaklarda harakatlanib kelayotgan insofli, odamgarchiligi bor haydovchilarning tashabbuslari sababli ancha barqarorlashdi. Haligi haydovchilar baqir-chaqir qilib boʻlsa ham yoʻlni tez tibbiy yordamga mashinasiga ochib berishni uddasidan chiqdi.

Shu vaqt oraligʻida shaxsan bu voqeani uzoqdan kuzatib tursam ham goʻyo soniyalar daqiqalarga, daqiqalar soatlarga choʻzilgandek tuyuldi. Yoʻl ochilgandan soʻng tez tibbiy yordam mashinasi yonimdan oʻtib ketar ekan, ichidagi bir ayolning yigʻlab oʻtirgani koʻz oldimda muhrlanib qoldi. Oʻzimni goʻyo shu yigʻlab oʻtirgan inson oʻrniga qoʻyib koʻrdim, shunchaki dahshat.

Ayrim odamlarning mana shunday odamgarchilikdan chiqqayotganligi, birovga yaxshilik qila olmasa ham yomonlik qilishlarini koʻrib ancha kuyinib ketdim. Inson boshiga musibat tushganda har kimdan eʼtibor, najot kutadi. Har bir fursat gʻanimatligini anglab qolasan…

Mazkur voqea hali ham xayolimdan ketmadi shundan taʼsirlangan holda quyidagi ijod namunam dunyoga keldi.

****

Odamiylik qaydasan?
Yurak tinchlik bermaydi.
Kimdir jon sarak bunda —
Mayoqcha miltillaydi…

Tez yurolmas “tez yordam”,
Hamma oʻzin oʻylaydi.
Gʻanimatdir har bir dam,
Mayoqcha miltillaydi…

Kimning ota-onasi,
Kimning dilband, bolasi,
Koʻkni tutar nolasi,
Mayoqcha miltillaydi…

Zil bosilgan masʼuliyat,
Vaqt ham sira oʻtmaydi.
Bermas hech kim imkoniyat,
Mayoqcha miltillaydi…

Zor yigʻlaydi bir inson,
Avtoulov titraydi.
Qoʻldan kelmas hech imkon,
Mayoqcha miltillaydi…

Tirband boʻlgan bu yoʻllar,
Goʻyo shafqat qilmaydi.
Dildan kechar ne oʻylar,
Mayoqcha miltillaydi…

Bunda qonun qoida bor,
Fursat kutib turmaydi.
Qani boʻlsa eʼtibor,
Mayoqcha miltillaydi…

Bir eʼtibor – tasalli,
Umid berar aqalli.
Goʻyo yurak zarbidek –
Mayoqcha miltillaydi…

Bekpoʻlat BAXTIYOR