Ozod yurtning farzandi, obod yurting farzandi,
Ota-ona baxti-yu jon rishtasin payvandi,
Mehrim senga parvona yuragimning dilbandi,
Mag‘rur bosgin qadaming senga ochiq yo‘l bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Vatan degin, or degin, Vatan dilga kor degin,
Vatan uchun doimo dilda mehr bor degin,
Ko‘zga surtgin tuprog‘in ham nomus-u or degin,
Sarhatlarsiz daryo ham bo‘lar asli ko‘l, bo‘lam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Dilxush bo‘l-u, suxan bo‘l, ko‘ngillarga darmon bo‘l,
Yiqilganni suyagan qaddi-basti kamon bo‘l,
Omonat bu dunyoda o‘g‘lim mudom omon bo‘l,
Yig‘laganga dardkash bo‘l, kulgan bilan kul bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Bilgin hayot yo‘llari sira tekis bo‘lmagay
Kimning ko‘ngli shod erur, kimnikidir to‘lmagay,
Saodat-u, tole ham o‘z-o‘zidan kulmagay,
Bu hayotning hikmatin yuragingga il bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

O‘tkinchi boylik uchun yugurganni ko‘rdik biz,
Rizq yegan tuzlug‘iga tupurmaganni ko‘rdik biz,
Boylik uchun yuzlarni burilganni ko‘rdik biz,
Yuqmas birovning haqqi shuni hargiz bil bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Atrofingda uchragan nomardlardan hushyor bo‘l,
Iymon bilan ish tut-u aql bilan dushvor bo‘l,
Ko‘ngil bilan suhbatda har daqiqa tayyor bo‘l,
Yuragingga quloq sol, vijdon bilan qil bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Do‘st tutmoqlik mushkuldir, “do‘st” niqobin kiygan ko‘p,
Ko‘zdek yaqinimsan deb bir kun ko‘zga suqar cho‘p,
Adashmagin jon bolam, so‘zlarimga degin ho‘p,
Hushyor bo‘lgin hayotda odam turfa xil, bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Sen bosar bu yo‘llardan sinov bilan yurilgan,
Aql uchun, idrok uchun ikki tomon burilgan,
Bu yo‘llarda insonning matonati sovrilgan,
Hayot sabr-u saboting aylasin-da nil, bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Bardavom ayla mudom el ichida nusrating,
Tog‘ni talqon qilgudek bo‘lsin azmi, jur’ating,
Qaytib kelmas sira ham o‘tgan dam-u fursating,
Uvol ketgan damlar ham bo‘lar bir kun yil, bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Hayot yo‘ling davoni iz bilandir doimo,
Bilsang mehr avvalo ko‘z bilandir doimo,
Ko‘ngillarga yo‘l topish so‘z bilandir doimo,
Yaxshilarga yetaklar shirinzabon til, bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Toleing bo‘lsin ziyod, bo‘lsin yo‘ling munavvar,
Ona Vatan yo‘lida er yigit bo‘l muzaffar,
Ajdodlardek doimo noming bo‘lsin musavvar,
Bosgan hayot yo‘lingdan mamnun bo‘lsin el, bolam,
Buyuklarga munosib buyuk inson bo‘l bolam.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
2017-yil