Umr oʻtib, vaqt oʻtgan sari,
Tashvishlar ham kelganda bari,
Hech qayoqqa ketolmay nari,
Dilda hadik toʻldirib qoʻydim,
Koʻzlar hayron hiylasiga,
Koʻzim toʻymas jilvasiga,
Bu hayotning rastasiga,
Yuragimni ildirib qoʻydim.
Gohi orzu, istaklar serob,
Gohi darddan simirib sharob,
Dilni qiynab hijron iztirob,
Muhabbatim bildirib qoʻydim.
Shundaymikan qismat yozigʻi,
Sanoqsizdir uning chizigʻi,
Doʻstim tingla, shudir qizigʻi:
Yigʻlab turib, kuldirib qoʻydim.
Kimlar doʻstdir, kimlardir gʻanim,
Kimlar toʻkmoq istaydi shaʼnim,
Sabotimda bor boʻlsa kamim,
Asta-asta toʻldirib qoʻydim.
Yaxshi niyat dilimda bayroq,
Yomonlikdan yurdim koʻp yiroq,
Dilga yoqib ezgulik chiroq,
Hasadimni soʻldirib qoʻydim.
Meni sinar sinovlarida,
Oʻzim otgan olovlarida,
Mushkullarning qiynovlarida,
Doʻstlarimni qoldirib qoʻydim.
Gohi bardosh yetmadi menga,
Gohi sirdosh qolmadi menga,
“Hali qirqqa yetmayin nega
Yuragimni oldirib qoʻydim?”
Bekpoʻlat BAXTIYOR
2020-yil