Oʻsha dam tonglarning fayzi oʻzgacha,
Jismimda sokinlik gashti oʻzgacha,
Koʻngilning begʻubor dashti oʻzgacha,
Bugun sogʻinchingdan dil tilka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Gʻam-anduh dardini bilmas edik ham,
Hech kimsa gʻamini yemas edik ham,
Yaxshini yomonga yoʻymas edik ham,
Sen bilan uchardik koʻkka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Yoʻldoshim eding-da, sirdoshim eding,
Murgʻak yuragimda quyoshim eding,
Sen faqat oʻzingni soʻzingni deding,
Hayot ham oʻxshaydi sirkka, bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Sen bilan xayollar quvlashar bunda,
Sen bilan koʻngillar quvnashar bunda,
Sen bilan umrlar zoʻr yashnar bunda,
Sen bor hech kim qolmas yakka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Suyuklik davrimning suyugi sensan,
Buyuklik davrimning buyugi sensan,
Eng baxtli damlarning ulugʻi sensan,
Opam dey, akam dey, uka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Gʻarazlik yoʻq bunda, yolgʻon na qilsin,
Xiyonat nima u, boʻhton na qilsin,
Koʻngilda zarracha gumon na qilsin,
Fisq-u fasodlardan chekka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Sen ila shoʻxliklar shoʻxlikdir asli,
Sen ila gʻamlar ham yoʻqlikdir asli,
Sen ila har koʻzlar toʻqlikdir asli,
Goʻyoki bepoyon oʻlka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Qadringni bilmadim uzr oʻsha dam,
Ulgʻaymoqlik ilinji edi dam-badam,
Endi sira ortga yoʻq erur qadam,
Kechir, bir tan-u bir jon yelka bolalik,
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Farzandimda sening aksing namoyon,
Xotirang oʻchmaydi koʻnglimda hamon,
Bekpoʻlat sogʻingan oʻsha qaytmas on,
Bugun bolam bilan birga bolalik.
Sogʻindim men seni erka bolalik.
Bekpoʻlat BAXTIYOR
2016-yil