Yaqinda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova tomonidan “Onamga aytmang” nomli yaxshi bir ijod namunasi qo‘shiq ixlosmandlariga taqdim qilindi. Nazarimda, qo‘shiq ayni o‘z vaqtida kuylangandek. Mazkur qo‘shiqni tinglab o‘zimga bir qancha xulosalar oldim.

Bugun hayotimiz bir muncha tezlashgandek, o‘y-xayolimiz turli ish, yumish oilaviy munosabatlar bilan andarmonmiz. Bugungi odamlar, kechagidek emasdek go‘yo. Kimga qaramang, o‘ychan, jizzaki, asabiydek.

Xalqimizda bir yaxshi gap bor, ko‘chadagi gap ko‘chada qolsin, yoki uydagi gap ko‘chaga chiqmasin degan. Aslida, bu gapning mohiyati ancha teran. Bugun o‘z muammolarimiz, tashvishlarimiz bilan o‘zimizni bezovta qilganimiz yetmagandek, yuzaga kelgan qiyinchiliklarimizni ota-onalarimizga ham aytib ko‘nglini g‘ash, xavotirini osmon qadar qilmayapmizmi degan savol tug‘iladi.

Bu qo‘shiqni tinglab shu xulosalarga kelishingiz aniq. Unda, bizni kamolimiz uchun yelib, yugurgan o‘z hayotini, kezi kelsa orzularini birgina farzandini istiqboli va ravnaqi uchun baxshida qilgan bizni bolaliklarimizni ko‘targan bugun o‘zi esa boladek mehrga, e’tiborga mushtoq onaning nafaqat jismini balki ko‘nglini asrash haqida gap boradi. Aslida, inson ko‘ngli qildek nozik. Hayot sinovlarida toblangan ota-onalarimiz esa ming karra ko‘ngil odami bo‘lib qoladi.

Bugun biz ota-onalarimizga qanday munosabat qilyapmiz. Ularga har qancha yaxshi ehtirom ko‘rsatganimiz bilan koʻngilliga, dardida quloq solyapmizmi? Taqdir zarbalariga duch kelgan, bir shirin so‘z, mehr gadosi bo‘lib qolgan ota-onalarimizga o‘zimizga ortiqcha bo‘lgan hasratlarimiz, iztiroblarimni dasturxon qilib qo‘ymayapmizmi. Bu qo‘shiqni tinglab shu savollarni beixtiyor o‘zingizga berasiz.

Qo‘shiqda, juda ta’sirli va falsafiy so‘zlar bor. Ya’ni unga (onaga) dunyo yukini ayta olmasligini, aytsa ham unga qanday dardini (saralab) aytishini, aslida unga (onaga) dardi ko‘p bo‘lishini juda chiroyli ifodalab bergan. Qo‘shiq orqali xonanda o‘z dardini, hasratini aytish orqali tinglovchilarga ona ko‘nglini asrash va avaylash o‘z dardini dasturxon qilmaslik yuzasidan tinglovchilarga “xabar” bergan.

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida qo‘shiq yuzasidan juda ko‘plab ijobiy fikr va mulohazalarni, bu qo‘shiq odamlar yuziga tutilgan oynadek bo‘lgani xususida ko‘plab ta’sirli so‘zlarni ko‘rib sevindim. Ko‘plab internet foydalanuvchilari qo‘shiq orqali kunda kun ora ota-onalariga bu kabi qilayapkan munosabatlarining mohiyatini endi anglab yetganini ochiq-oydin ifoda qilgan.

Xalqqa shu yoqyapti, hozir shu trendda deya quloqni qomatga keltirar darajada, ajnabiy so‘zlarsiz ham tinglovchi ko‘ngliga yo‘l topish mumkin ekanligini bu qo‘shiq misolida ko‘rish mumkin. Aslida tinglovchi nimadan ruhlanadi u birovga ayta olmagan dardi, hasratini, dard-u alamlarimi o‘z hayotini ko‘ra olgan asardan ta’sirlanadi. Zoʻrma-zoʻraki o‘ylab topilgan mavzulardan shu kabi xalqchil mavzular odamlar ko‘ngliga seldek kirib boradi. Mana bu esa chinakam san’atning kuchi aslida.

Bekpo‘lat BAXTIYOR