Odatda biron bir texnik nosozlik yoki masʼul mutaxassislarning beeʼtiborligi, masʼuliyatsizligi ortidan korxona yoki zavodda roʻy beradigan texnogen vaziyatni oʻz vaqtida bartaraf etish, mazkur holatni talafotlarsiz oʻtkazib olish mumkin. Shu bilan bir qatorda, undan toʻgʻri xulosa chiqarib shaxsiy va jamoaviy masʼuliyatni yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sanoat yoki ishlab chiqarish sohasida mutaxassislar, ahli ilm jamoalari vakillari uchun bunday texnogen vaziyatni oldini olish hamda bartaraf etish uncha mushkul jarayon emas. Xoʻsh, kino sanoatidagi har kuni davomiy takrorlanib kelayotgan “texnogen vaziyat”ga kim javob beradi? Uning boshi va oxiri bormi? Uning ortidan maʼnaviyatga, ruhiyatga portlovchi modda kuchidek taʼsir oʻtkazayotgan zararli uchqunlarni kim zararsizlantirib beradi? Bugun sizlar bilan azaliy, oʻlmas, yildan yilga yangi munozaralarni keltirib chiqaruvchi kino sanoatining dolzarb masalalari xususida fikr yuritamiz.

Haypga berilgan nomlar

Bejizga maqolaning sarlavhasiga “xoʻrlangan” soʻzi qoʻshilmagan. Oxirgi paytlarda kino, teleserial yoki telenovellalar nomlarida tomoshabinlar, diqqatini mana shunday soʻzlar bilan tortib olishga qaratilgan ommaviy kurash boshlandi. Davlat telekanallari yoki xususiy telekanallar boʻladimi barchasida shu yoʻsinda auditoriyani jalb qilish epidemiya darajasiga yetdi. Mazkur nomlarning ayrimlarini quyida keltirib oʻtamiz.

Xususiy telekanallardagi serial va telenovellalarning nomlari (mavzulari):

“Abortdan kechgan ayol”, “Chimildiqdagi fojia”, “Bokira chiqmagan kelin”, “Ikkinchi xotin”, “Xoʻrlangan yetim”, “Xoʻrlangan ona”.“Turkiyaga erga tegaman”, “Qoʻshnimning xotinini sevib qoldim”,“Dubayga sotilgan qizlar”, “Balkondagi “zapal”, “Hovliga koʻmilgan chaqaloq”,“Kelinim togʻoraga arzimaydi”, “Xotinimni zoʻrlamoqchi boʻlgan ustalar,” “Begona erkakda xotinimni yalangʻoch suratlari bor ekan”, “Xotinimni jazmanlari bilan ushladik”, “Xotinimni haydovchi bilan ushlab oldim”, “Oʻzimdan kichkina yigitlar bilan yurishni xohlayman”, “Ikkinchi erimning oʻgʻli meni zoʻrlamoqchi boʻldi,” “Qizim otasi tengi erkak bilan yurgan ekan”, “Ustozimdan homiladorman”, “Taksidagi fohishalar qoldirgan pullar”, “Alfons yoxud baxt ovchisi”

Davlat telekanallardagi serial va telenovellalarning nomlari (mavzulari):

“Zinoni kasb qilgan kelin”, “Rossiyada yurgan ukasining xotini bilan yashagan erkak”, “Zolim qaynona”, “Aldanib ikkinchi xotin boʻlib qoldim-mi?”, “Yengiltak xotin”, “Opasini oʻldirib pochchasiga tegib olgan singil”, “Jazmanimni kelin qildim”, “Oʻynashiga kelin boʻlgan qiz”, “Zinokor kelin”, “Ersiz qolgan “qayroq” xotin”, “Erini Rossiyaga yuborib qaynukasidan homilador boʻlgan kelin taqdiri”….

Bu nomlar shunchaki xamir uchidan patir xolos. Ochigʻi, bu nomlarni keltirib oʻtish men uchun oson kechmadi. Hali bu yerda turli kino studiyalar orqali tayyorlangan hamda xususiy telekanallar orqali efirga uzatilgan seriallarning nomlari keltirib oʻtilmagan.

Internet tarmoqlari hamda internet jurnalistikasi boʻyicha yaxshi mutaxassis tanishimdan shu nomlar boʻyicha fikr soʻraganimda u, bu nomlar qidiruv tizimlari, video hostinglar orqali koʻp izlanadigan kalit soʻzlar boʻlganligi sababli aynan shunday mavzularga qoʻl urishadi va u ortidan millionlab koʻrishlar va “like”larga ega boʻlishadi deb oʻz kuzatishlarini maʼlum qildi. Qiziq, balki shundaydir.

Chindan ham, bugungi kunda Oʻzbekistonda internet foydalanuvchilar soni sezilari darajada oshdi. Tomoshabinlar anʼanaviy telekanallardan farqi ravishda xonadonlarda, ish joylarida hattoki avtomobil salonlariga oʻrnatilgan maxsus qurilmalar orqali turli video hostinglar xususan, YouTube platformasi orqali kliplar, badiiy filmlar, seriallar, koʻrsatuv hamda turli video mahsulotlarni hech qanday chegarasiz tomosha qilishmoqda. Millionlab internet foydalanuvchilari endi faqat televizor atrofida oʻtirib tomosha qilishiga hojat qolmadi. Shu sababli telekanallar orqali efirga uzatilayotgan serial, telenovellalar video hostinglarga joylab borilayotgani bois ham qisqa fursatda ommalashmoqda.

Lekin, meni hayron qoldiradigan jihat shunda-ki bu nomlarning oʻta agressiv, oʻta madaniyatsiz va oʻta zoʻravonligida. Er va xotin, erkak va ayol munosabatlaring bu qadar ochiq taʼriflanishi, bular bosh mavzularga, serial va telenovellalarning nomlanishlariga koʻchib ulgurgani achinarli holat. Biz kezi kelsa muhokama qilishga istihola qilinadigan mavzular endi 3-4 kishi orasida emas aynan millionlab odamlar orasida muhokama qilinib, bevosita targʻib qilinmoqda. Ularning nomlari esa doʻkon peshlavhasiga osilgan reklama yorligʻidek oʻzini qayta-qayta eslatuvchi boʻlib xizmat qilmoqda.

Yana aybdor tomoshabin

Aslida hammasi bir necha yil oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijiy teleseriallar ommaviy madaniyatsizlikda, maʼnaviyatsizlikda ayblanishi, undagi yod gʻoyalarni targʻib qilayotgan syujetlar qoralanishi bilan boshlandi. Soʻngra hukumat darajasida imzolagan hujjat bilan davlat va xususiy telekanallar sutkasiga
1 marotabadan ortiq xorijiy seriallarni efirga uzatmasligi belgilandi. Buning ortidan efir maydonini toʻldirish mahalliy teleseriallar, telenovellalarni ishlab chiqaruvchilarning chekiga tushdi.

Qaysi rejissyor yoki oʻsha serial ishtirokchilarning intervyusiga qaramang ular goʻyoki tomoshabinlarni shu film, seriallar orqali ogohlikka chaqirish, asosiy mavzuga olib chiqilgan illatlar yaxshilikka olib kelmasligini koʻrsatish maqsadi ekanligini bot-bot iddao qilishadi. Juda, yaxshi. Toʻgʻri, sanʼat tomoshabinlarni ezgulikka chorlashi lozim. Lekin, ayrim mutaxassislarning fikricha, bugungi kun auditoriyasini shu mavzulardagi film, seriallar koʻproq qiziqtirayotgani sababli unga boʻlgan talab ortgan emish. Aslida, ijodkorlar qaysidir maʼnoda tomoshabinlar istagi ortidan emas, tomoshabinlar ijodkorlarning ezgu gʻoyalariga ergashishi lozim. Shunda asl sanʼat asari shakllanadi va yillar oʻtsa ham oʻz qadrini yoʻqotmaydi.

Biz necha-necha yillardan buyon xuddi yosh bolalar har yili archa atrofida aylanganidek bir xil mavzular atrofida aylanaveramiz, aylanaveramiz. Bir necha yillar avval ishlangan ayrim kinolarni koʻrsangiz ensangiz qotardi. Goʻyoki tomoshabinni kalaka qilishdek tuyuladigan epizodlar, mavzular bilan qalashib ketgan edi. Xayriyat, bu borada ancha tinchlandik.

Byudjeti yaxshi boʻlgan serial yoki filmda bu muammolar uncha sezilmaydi. Bu borada ancha professionallik bilan yondashiladi. Yangi mavzularga qoʻl uriladi. Yangi qahramonlar, yangi obrazlar kashf etiladi. Lekin bu biz koʻrayotgan ayrim tuturiqsiz film va seriallar ortida soyada qolib ketmoqda. Har holda bunday filmlar ustida yillar ishlanadi bir qancha bosqichlar, dovonlardan oʻtib tomoshabinlarga taqdim etiladi. Shu jihatdan ham unga professionallik bilan yondashiladi.

Biz tilga olayotgan ayrim film yoki seriallar esa haftasiga ishlanmoqda…. Hatto ayrim seriallarimiz bir necha fasllarga boʻlinib ketgan bu fasllar ham oʻz navbatida qanchadan-qancha qismlarni oʻz ichiga qamrab olgan.

Bugungi kunga kelib tomoshabinlar yomgʻirdan qochib doʻlga tutildi. Hordiq chiqarish uchun efirga uzatilayotgan serial yoki telenovellalar endilikda odamlar mafkurasiga zarar qilmoqda, turmush tarzini izdan chiqarmoqda. Ijtimoiy munosabatlarga yod tushunchalarni sizdirmoqda. Lekin haligacha aybdor tomoshabin boʻlib qolmoqda.

Mazasi yoʻq “konfetka”

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, sifatli mahsulot arzonga baholanmaydi. Xususiy telekanallar orqali efirga uzatiladigan, ayrim studiyalar tomonidan ishlanadigan serial va filmlarning byudjeti esa xuddi hashar orqali bir bino, bogʻ yoki bolalar maydonchasi barpo etilgandek hasharchilar imkoniyatidan kelib chiqib moliyalashtiriladi. Film sanoatidagi bu hasharchilarni esa “konfetka” deb atashadi. “Konfetka” bu film yoki serialda rol ijro etish yoki bollivud yulduzi Shohruhxon ijrosidagi bir obraz taʼbiri bilan aytganda, film davomida faqat “qochib qol” jumasi bilan ishtirok etadigan havaskor investordir. Ayrim serial yoki filmlarda bu “konfetka”lar yegan yemagan joyida, bilgan bilmagan gapini gapirib turaveradi. Axir ular shu uchun filmning byudjetiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Film yoki serialni moliyalashtirilsa oʻz yoʻliga, bu bularning xohishi hech kim buni cheklay olmaydi. Qandini ursin. Ammo, ularning ijrosi sizni shunchaki asabiylashtirmay qoʻymaydi. Gohida mana shunday “konfetka”lar bilan professional ijodkorlarni partnyor boʻlib rol ijro etishini koʻrib oʻsha ijodkorlar uchun achinib ketaman. Ularning necha yillar davomida misqollab yiqqan obroʻsi, mahoratidan shunchaki notoʻgʻri, koʻr-koʻrona foydalanayotgandek tuyuladi. Bu oʻrinda ham albatta, bu ularning xohishi. Balki ularga ham oson emasdir.

Baʼzan film yoki seriallarda “konfetka”lar ishtirok etadigan ayrim epizod va syujetlarini koʻra turib aslida shu joylarini olib tashlasa ham hech nima oʻzgarmasligini shusiz ham ular uchun oʻylab topilgan, yopishtirib qoʻyilgan epizod ahamiyatsiz, mazmunsiz ekanligiga guvoh boʻlaman.

Afsuski, mana shunday “investorlar” faqat “qochib qol” sahnalari bilan kifoyalansa koʻz yumsa boʻladi. Lekin, ular butun boshli film yoki serialning bosh qahramoni yoki 2-3 darajali rol ijrochisi boʻlib “sahnalarni” zabt etmoqda. Bu esa juda katta fojia. Nimasi, fojia deysizmi? Bu sanʼat ahli, ilm ahli uchun, tomoshabin qadr-qimmati, hurmati uchun fojia. Sanʼat oliygohlarini tamomlab diplomini u eshikdan bu eshikka tutqazib sarson boʻlayotgan, yillar umrini, sogʻligini daromadlarini yoʻqotgan bitiruvchi, chinakam professional aktyor, aktrisalar uchun fojia. Ayrim “konfetkalar” oʻrnida ular turishi rollarini mohirona ijro etishi mumkin edi. Afsus, bu borada bir qancha muammolar haligacha ochiq qolmoqda.

Soʻz kelganda aytib qolay. Shu jumladan, kollejni tamomlab oliygoh ostonasiga ham kira olmay, qanchadan-qancha umidlar bilan necha yillar davomida imtihonlardan yiqilib oxiri bu sohaga begona boʻlgan ixlosmandlar ham yoʻq emas. Xullas, bu borada taʼlimning, uning ortidan sanʼatning tarozisi ancha buzilib boʻlgan. Faqat diplomdagi yozuvdagina mutaxassis aslida oʻzi bu sohaga adashib kelib qolganlar, yillar davomida kimlarningdir oʻrnini egallab kelganlar sababli ham sanʼat asl egalarini yoʻqotib qoʻygandir.

Jarlikdagi oila instituti

Bugungi davrimizda 10 ta kino yoki serialning 9 tasi aynan oila undagi qaynona kelin munosabatlari, quda-anda mojarolari, kambagʻal qiz, boy yigit. Yoki aksi, boy yigit, kambagʻal qiz ular ortidan yuzaga keladigan sinovlar, qaynonaning kelinlarini toparman va tutarmanga ajratishi, qudalarning mavqeiga koʻra izzat, ikrom qilinishi mavzulari siyqasi chiqqandan-chiqqanki asti oxiri yoʻq.

Bunday mavzularga avval ham qoʻl urilgan, ular shaklan boshqacha, mazmunan gʻoyasi pishiq, muhimi odamning gʻashiga tegmaydigan koʻrinishda taqdim etilgan. Bugunga kelib bu holat tubdan farq qiladi. Endi oilaviy mojarolar yangicha koʻrinishda, yangicha rakursda taqdim etilmoqda.

Bizda avloddan-avlodga oʻtgan oʻzbekchilikning oʻziga xos boʻlgan oila instituti doimo dunyo hamjamiyati, jamiyatimiz oldida yuqori baholanib kelinadi. Yaqin-yaqin davrlargacha film va seriallarimizda oila instituti yaʼni oiladagi muhit, unda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, ularni bartaraf qilish, maishiy masalalar, er-xotin munosabatlari doimo parda ortida, ogʻir vazminlik bilan shuningdek, etika qoidalariga koʻra koʻrsatilgan.

Ayniqsa, film, serial, telenovellalarda oilaviy zoʻravonlikka oid sahnalar keskin koʻpaydi. Goh, xotin eridan ruhan yoki jismonan aziyat cheksa, goh er xotinidan aziyat chekadi. Qaynona, qaynsingil (qaynopalar) yana qandaydir filmdagi qahramonlar ortidan kelin eri tomonidan bolalari koʻz oʻngida yoki homilador xolida ham ayovsiz doʻpposlashadi, kaltaklanadi. Yoki aksincha, kelin turmush oʻrtogʻining oila aʼzolari tomonidan ruhiy yoki jismoniy bosimlarni boshidan kechiradi. Bularning barchasi soʻngi yillarda efirga uzatilayotgan filmlarimizda koʻp bora uchraydi.

Mavzular tobora maishiy boʻlib ketdi. Oila deb atalgan muqaddas dargohga raxna soluvchi harakatlar millionlab tomoshabinlarga namuna sifatida koʻrsatilmoqda. Er yoki xotinning xiyonati, xiyonat sahnalari endi ochiqdan-ochiq dialoglarda, epizodlarga olib chiqildi. Er va xotinni xiyonatga undovchi sabablar tobora arzimagan masalalar bilan bogʻlanmoqda. Mol-dunyoga oʻch kelinlar, boylik payida yurgan kuyovlar davrimizning qahramonlariga aylandi.

Oiladagi erkak va ayolning funksional vazifalari almashishi, koʻplab voqealar fonida oila boshqaruvi ayollar qoʻliga oʻtganligi, buning ortidan er behurmat, farzandlar goʻl, kelinlar choʻri, qaynona va qaynota noshud sifatida gavdalanmoqda.

Aksariyat filmlarda oila boshi ota ayol qahramonlardan farqi ravishda mayda gap, qaynona va kelin shu bilan bir qatorda, er va xotin munosabatlariga aralashuvchi qahramon sifatida koʻp bora namoyon etiladi. Yoki aksincha qaynona shu vazifaga bosh-qosh boʻladi.

Xoʻsh, biz yuqorida taʼkidlab vaziyatlar orqali bunday illatlarning yomon jihatlarini, uning ortidan keladigan koʻngilsiz holatlarni, oila tinchligiga raxna soluvchi munosabatni ijodkorlar tomonidan qoralab koʻrsatilganligiga ishonchimiz komil. Lekin, shuni ham unutmaslik kerak. Filmlarda bu holatlar ming bora qoralab koʻrsatilgani bilan bugungi kun auditoriyasiga bu targʻibot sifatida xizmat qilmoqda.

Bugungi kunga er xotinidan, xotin eridan mol-dunyosi sabab qoniqmasligi, qaynona qaynotaning zulmlari koʻpaygani, birinchi muhabbatiga yeta olmagan er yoki xotin sobiq muhabbatini qoʻmsab uni izlashi, ular bilan pinhona aloqalar olib borishi koʻpaygani jamiyatimizda, oilalarimizda oʻzaro munosabatlarni dars ketishiga olib kelmoqda.

Aslida, shu mavzular bizni filmlarimizda bosh mavzularga olib chiqilmaganmi? Albatta, olib chiqilgan. Qanchadan-qancha serial va telenovellalarda er va xotining zinoga yoʻl qoʻyishi, xiyonat qilish usullari hech ikkilanmay taqdim qilindi. Yosh oila vakillari qaynonaning zulmiga uchramayaptimi uchramoqda, uchrasa ham yangicha koʻrinishlarda uchramoqda.

Bugun qayerga qaramang, hamma jizzaki, hamma bir-biridan ayb izlagan. Ota-bola, ona-bola munosabatlari ham manfaatlarga oʻlchanmoqda. Avvallari, oilada kenja farzand ota-ona bilan yashagan boʻlsa bugun toparman-tutarman farzand bilan birga yashashi urfga aylandi. Aslida shular ham biz tilga olayotgan filmlarda bayroq qilib olib chiqilgan edi. Shumi biz faxrlangan oila instituti?!

Bolalarni tinch qoʻying

Bizga taqdim etilayotgan filmlarning yana bir ogʻriqni nuqtalaridan biri – goʻdak yoki voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonlik aks etgan epizodlar. Shundayin epizodlar bor-ki, ularni koʻrishga yuragingiz betlamaydi. Bolalarga nisbatan qilingan tajovuz, ularni kaltaklanishi, xun-xun yigʻlashi har qanday odamning koʻnglini sel qiladi. Goh oʻz ota-onasi, goh oʻgay ota-onasi yoki qarindoshlari tomonidan ruhiy yoyinki jismoniy bosimda qolgan bola, uning huquqlari poymol qilinishi, majburiy mehnatga jalb etilishi sahnalarini koʻrayotgan bola uchun ham bu ogʻir jarayon.

Yaqinda, oʻgʻlim bilan televizor koʻrib oʻtirgan paytimda, aynan shu mavzuda maqola yozish maqsadida ayrim filmlardagi bolaga ruhiy bosim oʻtkazilgan, unga shafqatsizlarcha koʻrsatilgan harakatlarni eksperiment oʻtkazish maqsadida birgalikda koʻrdim. Uning koʻzlariga qaradim, filmdagi holatni qabul qilishini kuzatdim. Rosti, koʻrib oʻzim ham taʼsirlanib ketdim. Uning koʻzlarida qoʻrquv va yosh koʻrdim. Bilmadim, xayolidan nimalar kechdi. Uni koʻrib bir soʻz deya olmadim. Bu holatni esa men shu yoʻsindagi sahnalarning bolalar ruhiyatiga taʼsiri deb hisobladim.

Qaysi bir serial yoki telenovellani koʻrmang unda, inson huquqlari, bola huquqlariga taʼsir oʻtkazish. Oʻz hukmini oʻtkazish, inson va bola erkinliklarini cheklash epizodlari bot-bot uchraydi. Bular respublikaning markaziy telekanallarida, video hostinglarda eʼlon qilinadi. Umrida biron martada ham poytaxtga kelmagan, poytaxtdagi turmush tarzini faqat telekanallar orqali koʻrib boruvchi tomoshabin bugungi kunda olib chiqilayotgan seriallarda poytaxtdagi turmush tarzini, oilalardagi muvozanatni koʻrib vahmi kelmasa ham ajablanmayman.

Xalqaro maydonda inson huquqlari va bola huquqlari boʻyicha izlanishlar olib boradigan ekspertlar mazkur seriallarni koʻrsa ham keskin fikr bildirishiga shubha qilmayman. Har holda bu telekanallar orqali targʻibot qilinmoqda deb fikr bildiradi kamida. Oʻylab qarasam, xorij seriallari yoki filmlarida oiladagi zoʻravonlik kadrlari aks etgan epizodlarni uncha-muncha kuzatmaysiz. Yoki men koʻrgan filmlar bundan mustasno.

Soxta ijro, hissisiz tuygʻular

Biz tilga olayotgan film va seriallarning mavzusi, gʻoyasi bir chetda qolib undagi baʼzi aktyor va aktrisalarning beoʻxshov qiliqlari, hissiz xatti-harakatli, tuturiqsiz dialoglari ham sizni bir qadar asabiylashtirmay qoʻymaydi.

Goʻyoki barcha film va seriallar bir vaqtda olingandek, faqat ularning nomi oʻzgargandek tuyulaveradi. Qaysi filmga qaramang oʻsha chehralar, oʻsha takroriy rollar, takroriy xarakterlar. Bironta rolda yalt etgan xarakter, oʻziga jalb etuvchi ijro, boshqa rollardan ajralib turadigan jihat yoʻq. Bir xil qolipga solingan, bir-birini takrorlovchi ijrolar. Bironta qahramonda bosh rol egasi boʻladimi yoki 2-3 darajali rol boʻladimi ularning oʻziga xos film uchun portreti – xarakteri kashf etilmagan.

Oʻzbekistonning 36 million aholisi boʻlsa shunga yarasha 36 million xildagi xarakter egalari mavjud. Hech bir inson bir-biriga oʻxshamaydi. Har bir insonning oʻziga xos ruhiyati bor, bu ruhiyat esa insonni turlicha namoyon etishga xizmat qiladi. Bizni film va seriallarimizda esa qahramonlarning ruhiyati, psixologik holatlari takroriyligi faqat ijro etuvchilar boshqa-boshqaligi bilan farq qiladi xolos.

Shu sababli koʻplab rollar oʻzidan oldingi rollar bilan analog boʻlganligi evazigami yoki ayrim noprofessional mutaxassislar uchun bu holat arzimagan jihatdek tuyulganigami ayrim hollarda aktyor va aktrisalarning faqat tashqi koʻrinishiga eʼtibor qaratib qolinmoqda. Film va seriallarda aktyorning tashqi koʻrinishi bilan bir qatorda uning ijro mahorati, unga toʻgʻri taqsimlab berilgan rol ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, bu borada professional yondashib har bir qahramonning portretiga alohida eʼtibor qaratilib, qaysidir maʼnoda rol darajasidan obraz darajasiga olib chiqilgan ijrolar ham koʻzni quvontiradi. Ular bilan faxrlanib yursa arziydi. Bir qancha professional aktyor va aktrisani bir necha obrazlarda, ularning ijro mahoratidan oqilona foydalanib yangi ampulalarda kashf etib kelayotgan rejissyorlarimizga esa hurmatimiz beqiyos.

Mazkur maqola yuzasidan xulosani esa, aziz o‘quvchi o‘zingizga havola qilib qolaman zero, fikrlar xilma qil, qarashlar bir-biridan farq qiladigan davrda yashamoqdamiz.

Bekpo‘lat BAXTIYOR