Bundan 10 kuncha avval ishim yuzasidan bir video studiyada boʻldim. Studiyada ishim bitguniga qadar u yerdagi ish jarayoni xususan, montajni kuzatib oʻtirishimga toʻgʻri keldi.

Bir yigit shu yili Oʻzbekiston hududlarining biridagi boʻlib oʻtgan toʻy tantanasining montajini qilayotgan ekan. Avvaliga suhbat bilan boʻlib toʻydagi kadrlar meni diqqatimni tortmadi. Keyin biroz razm solib oʻtirsam toʻydagi qiziq holatlarni koʻrib diqqatim va suhbatim mavzusi shu toʻyga qaratildi.

Kelin-kuyovning yoshi chamasi 25-30 yoshlar atrofida. Toʻy tuman markazidagi toʻyxonalarning birida boʻlgan.

Xullas, toʻyda bir yigit qoʻshiq kuylamoqda qoʻshiqqa hamohang ravishda kelin-kuyov oʻrnidan turib qoʻllari koʻksida turibdi. Kelin esa har soniyada egilib-egilib taʼzim qilmoqda. Odatda bu holatni kelin-kuyovga yaqinlari va mehmonlar tomonidan tabriklar aytilayotgan payti uchratishimiz odatga aylangan. Endi meni diqqatimni bu holatda ikki narsa tortdi. Kuylanayotgan qoʻshiq mavzusi hamda ijrochisi…

Qoʻshiq barchamiz uchun yaxshi tanish boʻlgan Oxunjon Madaliyevning “Oq boʻyra” taronasi hisoblanadi. Qoʻshiq matni bilan tanishsangiz yanada yodingizga tushishi mumkin:

«Oqboʻyraning suvi tezroq oqib ketsin,

Yorim umr yoʻldoshiga yoqib ketsin.

Bizga visol eshiklarin ocholmasdan,

Derazadan giryon-giryon boqib ketsin….

Bir kunda Yor begonaga aylandiya,

Yot uyiga kelin boʻlib saylandiya,

Vaʼdalarin unutolmay qiynaldiya,

Ismim tezroq eslaridan chiqib ketsin…»

Shundan soʻng montaj qilayotgan yigitni ajablangancha qoʻshiqni kuylayotgan odam kuyovning yoki kelining yaqin qarindoshimi deya savolga tutdim. Uning aytishicha kelining kursdoshi (guruhdoshi) ekan. Buni eshitgandan soʻng men yanada taajjublana boshladim.

Yigit (xonanda) “Oqboʻyraning suvi tezroq oqib ketsin, Yorim umr yoʻldoshiga yoqib ketsin.” deya xonish aylab yotibdi kelin bu yoqda unga hurmat bajo keltirib charchamagan eng qiziq joyi yigit qizning kursdoshi! Shu mahal kuyovning yuziga, oʻzini tutishiga qaradim. Juda normal holat. Menimcha kuyovga hech narsa erish tuyulmagan.

Bundan hayratlanganimni bilib montajchi yigit oʻzimizdan ekan, aka bundan ham dahshat joyi bor koʻrib hayron qoldim deb toʻyning oxirgi tugash kadrlarini koʻrsatishni boshladi.

Bu kadrlarni koʻrib ochigʻini avvaliga taajjublanib qolgan holatlarim holva boʻlib qoldi.

Men esimni taniganimdan buyon toʻyning oxiri “Yor-yor” yoki shu qoʻshiqlar oʻrnini bosuvchi final qoʻshiqlar bilan kelin-kuyov toʻyxonani tark etishar edi. Hozir qanday bilmaymanu lekin men uylanganimga 6 yil toʻlgan boʻlsa oʻsha mahallari ham “Yor-yor” sadolari ostida biz uyimizga yoʻl olganmiz. Axir bu oʻzimizga yarasha urf odatlarimiz emasmi? Bu toʻyda esa unday boʻlmagan. Kelin-kuyov xonanda Sardor Toirovning “Hasratim bor” nomli qoʻshigʻi boshqa bir qoʻshiqchi tomonidan jonli kuylandi Kelin-kuyov esa shu qoʻshiq sadolari ostida toʻyxonani tark etdi. Tasavvur qilyapsizmi Sardor Toirovning “Hasratim bor” taronasi “Yor-yor”ning oʻrniga kuylamoqda. Qoʻshiq matnini oʻqisangiz yanada men nimani nazarda tutayotganimni tushunishingiz mumkin:

«Hasratim bor, koʻksim uzra bu dardim talay,

Yor mani ayro, ayro etdi, na qilay?

Ket dedi hayotimdan, men ham ketdim jim indamay,

Boshimni qayga uray, dilga davo kimdan soʻray?»

Mayli qoʻshiq mavzusi oʻz yoʻliga lekin uni ijro etilishi ham ajoyib boʻldi. Qoʻshiqchi yigit qoʻshiqni hali “oʻziniki qilib olmagani” ijrosidan shundoq sezildi.

Birinchidan faqat qoʻshiqning naqoratini bilishini ijrosidan va bir qoʻlida telefondan matnga qarab baʼzi joylarini ohangga sololmaganidan bilish qiyin emas. Albatta kundalik hayotimizda qayta-qayta tinglagan qoʻshigʻimizning matnidan tortib ohangigacha esda qolib ketishi hech kimga sir emas.

Bu holatni koʻrganimdan soʻng avvaliga kelin tinmay taʼzim qilgan qoʻshiq hamda soʻnggi finalga kuylangan qoʻshiq ham bejizga kuylanmagan, bular buyurtma qilingan degan xayolga bordim. (Agar xato oʻylagan boʻlsam Xudo kechirsin.)

Yuqoridagi fikrlarimni oʻqib sizda savol tugʻilishi mumkin xoʻsh shunga osmon uzilib yerga tushdimi? Qanchadan-qancha global muammolarimiz turganda kimningdir toʻyidagi holatni muhokama qilish shartmi deya. Toʻgʻri, qaysidir maʼnoda men birovning ijtimoiy hayotidagi hodisalarni keng jamoatchilikka muhokama qilishim erish tuyular ammo, qaysidir maʼnoda unchalik muhim emasdek tuyulgan bu oilaviy holat aslida jamiyatimizdagi illatdir.

Yangi hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan oilaning ilk kunlaridan bu kabi holatlar ochiq ravshan qilinishi qaysidir maʼnoda hind filmlarini eslatib yubordi. Rosti ular uchun ham, oʻzim uyalib ketdim.

Oʻzgaga yor boʻlayotgan kelin shaʼniga sevgisini omma oldida koʻr-koʻrona namoyish etish aslida yangi barpo boʻlayotgan oilaga daxl qilish bilan barobar emasmi!? Bundan keyingi hayotlarini oʻylashga ham qoʻrqib ketaman. Goʻyoki jamiyatimizdagi ayrim odamlar Yevropa filmlari kabi hayot tarzini qoʻmsayotgan boʻlsa!?

Deylik, kuyov toʻy tashvishlari bilan toʻydagi noodatiy holatni payqamadi. Xoʻsh, biroz vaqt oʻtib bu holat yana yuzaga chiqsa ertaga bu oilada tinchlik boʻladimi!?

Bir soʻz bilan aytganda men bu holatlarni sadoqatsizlik, xiyonatning boshlangʻich sahna koʻrinishlari deb hisobladim.

Bekpoʻlat BAXTIYOR