Oxirgi paytlarda shaxsiy hamda ijtimoiy hayotimizni telekommunikatsiya vositalarisiz tasavvur qilish tobora qiyin boʻlmoqda. Har odimimizda biz ularga tobe boʻlib boʻlmoqdamiz. Biron ishimiz yoʻqki telekommunikatsiya vositalarisiz bitsa. Shaxsiy hayotdan ijtimoiy hayotgacha hamma-hammasida ular bizning “yordamchilarimiz” boʻlib ulgurdi. Albatta, zamonaviy texnologiyalarning hayotimizga kirib kelishining asosiy maqsadi ham odamlarga qulaylik yaratishdir. Shu sabab mushkulimiz oson, uzogʻimiz yaqin boʻlib bormoqda.
Ammo, biz, aynan shu texnologiyalarning hayotimizga boshqa salbiy jihatlarini his qildingmi? Bu borada, men tibbiy xulosalar keltirishdan yiroqman. Aksincha, tanganing ikkinchi tomoniga yuzlanmoqchiman. Demak, boshladik.
«00:00»
Hali haligacha esimda, bundan 10-12 yillar oldin ham biron-bir yaqin insonimiz, tanishlarimizni tavallud topgan sanasi, muqaddas diniy bayramlar yoki boshqa bayramlarda albatta qoʻngʻiroq qilib tabriklab qoʻyar edik. Ayrim odamlar soat 00:00 boʻlishi bilan oʻz tabriklarini joʻnatishni kanda qilmasdi (shaxsan men ham 00:00da tabrik yuborishni va tabrik qabul qilishni juda xush koʻrar edim) yoki oʻsha sananing kun davomida tabrik SMS nomalarini joʻnatishar edi. Buning ham oʻziga yarasha zavqini koʻp bora tuyganmiz. Albatta yoshi katta avlod vakillari koʻproq qoʻngʻiroq qilib tabriklab qoʻyishni afzal koʻrishar edi.
Ayniqsa bayram munosabati bilan telefonimizga kelgan turli tuman SMS tabriknomalari oʻqilar oʻqilmas boshqa bir odamga joʻnatilib yuborilishi hammamizning yodimizda boʻlsa kerak. Agar oʻsha tabrikda tabrik kimdanligi yozilgan boʻlsa, albatta oʻzimizning ism familiyamizni yozib, qayta joʻnatib yuborgan hollarimiz ham boʻlgan. Qarabsizki tabrikni birinchi yozgan odamning oʻziga aylanib-aylanib boshqa odam nomidan borgan kunlar ham boʻlgan.(Hozir bu jarayon “Telegram”da ham davom etmoqda.) Lekin, oramizda har bir odam uchun alohida tabrik va alohida javob SMS yozadigan odamlar boʻlganligi ham ayni haqiqat.
Yodingizda boʻlsa, hayit bayrami yoki yangi yil oqshomida SMS joʻnatish naqadar qiyin mushkul boʻlgan. Ayniqsa, hayit namozi ado etilgandan soʻng eng kamida tushlik mahaligacha, yangi yil oqshomi 31-dekabr sanasining kechki soatlaridan 1-yanvarning tonggi soatlarigacha (albatta barchasi xotiralar asosida misol qilinmoqda) qoʻngʻiroq qilib bogʻlanish yoki SMS noma joʻnatish qiyin boʻlib qolar edi.
Toʻgʻrisini aytganda, bu kunlarning ham oʻziga yarasha zavqli boʻlganini yildan- yilga anglab yetyapman. Lekin, yana bir narsani shu oʻrinda ta’kidlab oʻtishni joiz deb bilar edim. Nazarimda oʻsha paytlarda hali oqibat yoʻqolmagan edi…
“TELEGRAMGA KIRIB YUBORING”
Tez fursatda taraqqiy etayotgan davrda kundan-kunga yangi ixtirolar, yana-da qulayliklarga ega mobil telefonlar, planshetlar ishlab chiqarilishi ortidan bunday qurilmalarga boʻlgan ehtiyoj oshsa oshdiki hali hamon pasaygani yoʻq. Aslida, mana shunday yangi turdagi qurilmalar ortidan aholining internetga boʻlgan qiziqishi tobora oshib bordi.
Markaziy Osiyo davlatlari xususan, Oʻzbekiston ham global internet tarmogʻidagi soʻzlashuv ilovalariga bogʻlanish davrini 2010-yillar deb olsak, aholining yoshlar qatlami, ular ortidan oʻrta yosh hamda kattalar ham dastlab, “Whatsapp” soʻzlashuv ilovasiga bosqichma-bosqich oʻtib bordi.
Mazkur soʻzlashuv ilovasi orqali ijtimoiy guruhlar tashkil qilinishi va shu guruhlardan oʻzaro yangidan-yangi xabarlar bir-birimizga yetib kelishi bahonasida aholining ijtimoiy axborotga boʻlgan ehtiyoji ortib bordi.
Keyinchalik mazkur ilovaga qoʻyilgan ma’lum bir cheklovlar, mamlakatda uni ishlatish boʻyicha ayrim texnik nosozliklardan keyin unga raqobatchi boʻlgan “Telegram” soʻzlashuv ilovasiga yoppasiga oʻtish davri boshlandi va shundan buyon bugungi kungacha aholing asosiy qatlami “Telegram” soʻzlashuv ilovasidan foydalanib kelmoqda. Xalq orasida uni ijtimoiy tarmoq deb atovchilar ham bor. Aslida u shunchaki, soʻzlashuv ilovasidir.
Bugun, yetti yoshdan yetmish yoshgacha har qanday ijtimoiy guruhidan qat’iy nazar (albatta ayrim istisnolar bilan) “Telegram” ilovasidan foydalanmoqda.
Ish yuzasidan hujjatlar almashinuvi, oʻzaro yozishamalar, ommaviy soʻzlashuvlar (guruhlar) kanallar orqali tinimsiz keluvchi turli tuman xabarlar endi barchasi bir platformada mujassam boʻldi. Kundalik hayotimizda ham shaxsiy yoki ish faoliyatimizdagi eng muhim xabarlarni (SMSlarni) endilikda “Telegram” orqali qabul qilishga odatlandik.
Bora-bora bizga mobil telefonimizdagi soʻzlashuv daqiqalaridan internet uchun ajratilgan MBlarning koʻproq boʻlishi muhim boʻlib qoldi. Ayni hozirgi vaqtda ham bir kun internet tarmogʻiga xususan “Telegram”ga kirmasangiz biron bir muhim narsadan bexabar qolib ketishingiz tabiiy hol. Avallari, mobil telefoningizga hol ahvol soʻrab yozilgan SMSlar oʻrniga biroz tarmoqqa kirmasangiz, “Telegramga kirib yuboring” koʻrinishidagi qisqa xabar kelishi bilan kifoyalanmoqda, qarabsizki yana oʻsha internet tarmogʻiga kundan-kunga bogʻlanib borishga majbur boʻldik.
Su oʻrinda mobil telefonimizga bayramlarda joʻnatiladigan SMS nomalarni aytmasak ham boʻladi. Hozir SMS orqali tabriklovchilar tanishlarimiz orasida ham barmoq bilan sanalsa kerak.
Albatta, bu qaysidir ma’noda yaxshilikka xizmat qilayotgandir bir paytni oʻzida koʻplab tanishlaringiz bilan muloqot qila olasiz. Telefon orqali suhbatlasha olmasangiz virtual tarmoq orqali suhbatlashasiz fikringizni bemalol bayon qilar olarsiz lekin oʻrtadagi jonli muloqot, jonli oqibat qayerda qolmoqda?
“SENI, KECHA KOʻRGAN EDIM-KU”
Yuqorida aytib oʻtganimdek, oxirgi 10 yil davomida biz internet tarmogʻiga arqonsiz bogʻlandik. Soʻzlashuv ilovalari u yerda qolib endilikda ijtimoiy tarmoqlarni ham zabt eta boshladik. Avvallari, maktab oʻquvchilari orasida mashhurlikka erishgan “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmogʻiga faol boʻlib boshlagan boʻlsak keyinchalik vaqt oʻtishi bilan yangidan-yangi chiqqan ijtimoiy tarmoqlarga moslasha boshladik. Xususan, “Facebook” hamda “Instagram” ijtimoiy tarmoqlari bunga yorqin misoldir.
Oʻzbekistonda “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidan foydalanib boshlagan yilni eng kamida 2010-yillarga toʻgʻri keladi desak, “Instagram” ijtimoiy tarmogʻidan foydalanish esa 2014-yillarga toʻgʻri keladi. “Instagram” ijtimoiy tarmogʻining yoshlar orasida ommalashishiga olib kelgan omillardan biri “Million” jamoasining aynan shu yilidagi konsert dasturi deb olish mumkin. Aynan shu konsert dasturining bir blogida xonanda, aktyor va aktrisalarning tarmoqqa joylagan suratlari Davron Kabulov tomonidan kulgi ostiga olingan bu esa oʻz navbatida aynan oʻsha hazillar ortidan shov-biznes vakillarning tarmoqdagi profillariga kirishga undovchi PR boʻlib xizmat qildi.
Shu-shu yoshlarning asosiy qatlami, oʻrta yosh vakillari kerak boʻlsa katta yosh vakillari ham bugungi kunda “Instagram”da oʻz profillariga egadirlar.
Yana oʻsha ma’lum bir ijtimoiy guruh vakillari tarmoq orqali oʻzlarining yaqinlarini, tanishlarini ular ulashgan surat yoki videolar orqali nimalar bilan bandligi, ularning kayfiyatlarini shaxsiy hayotidagi voqealarini bilib bormoqda.
Balki bu juda yaxshidir, oʻz yaqiningiz, doʻstlaringiz, tanishlaringizni virtual olamda gʻoyibona koʻrib turasiz ularning hol-ahvollaridan xabardor boʻlasiz, muloqot qilasiz. Lekin, hech oʻylab koʻrdingizmi aynan oʻsha “Instagram” tarmogʻidagi biron bir doʻstingiz yoki tanishingiz bilan bir shahar, bir tuman qoʻyinki bir mahallada boʻlib oxirgi marotaba qachon uchrashdingiz, hech boʻlmasa telefon orqali muloqot qildingiz (albatta bu borada ish yuzasidan qoʻngʻiroqlarni inobatga olmagan boʻlar edim). Oʻylab koʻrsangiz esingizga ham kelmay qoladi mana shunday paytlarda.
Biz aslida hozirgi vaqtda aynan shunday tarmoqlar orqali doʻstlarimiz, yaqinlarimizni virtual olamda koʻrib goʻyoki ular bilan har kuni koʻrishgan yoki gaplashayotgandek boʻlyapmiz-ku aksariyat hollarda qachon koʻrishganimiz ham eslay olmayapmiz. Sogʻ-omon yurgan ekan-ku deb virtual olam bilan cheklanib qolganimiz ham ayni haqiqat.
Ba’zi hollarda, endigina uchrashgan doʻstimiz bizga “Bormisan? Yoʻq boʻlib ketding” degan paytida virtaul olam ta’sirida “Seni kecha koʻrgan edim-ku” deb, aytib yuborgan odamlarga ham guvoh boʻlyapmiz. Vaholanki endi koʻrishgan boʻlishsalar-da.
Yaqinlarimiz, tanishlarimizni tavallud ayyomlari yoki biron-bir baxtli kunlari bilan ham ayna oʻsha tarmoqlar orqali tabriklab qoʻyishni odat qildik. Suratini qoʻyib tayyor yozilgan “Happy birthday” kabi soʻzlardan foydalanib kamdan-kam hollarda oʻzimiz tabrik yozib tarmoqqa joylayapmiz-da goʻyoki tabriklab qoʻydim-ku qabilida ish tutayotgandek boʻlib qolyapmiz. Qoʻngʻiroq orqali samimiy dil izhorlarini bildirib qoʻyish juda kamdan-kam kuzatilmoqda. Hattoki, hozirgi vaqtda yaqinlarimiz, doʻstlarimizni mobil telefon raqamlarini yoddan ayta olmay qolishimiz ham ular bilan jonli muloqotimiz kamayganidan dalolatdir.
Toʻgʻri, men bu borada barchani ayblash tarafdori emasman. Qaysidir tanishlaringni aynan ma’lum bir koʻrinishda yoʻqlab qoʻyish yoki tabriklab qoʻyishni oʻzi kifoya. Men bu bilan hammani vaqtini oʻgʻirlab, ishidan bezovta qilishni targʻib qilayotganim yoʻq. Shunchaki, imkon qadar virtual olamdan real olamga qaytishimizni xohlar edim. Hech boʻlmasa, 5 daqiqa vaqtimizni yaqin doʻstlarimiz bilan maroqli suhbatlashishga ajratsak virtual olam yoʻqotib borayotgan oqibatimizni qaytarishga xizmat qilardi deb oʻylayman.
Ayniqsa, mana shunday tahlikalari sharoitda bir-birimizga naqadar gʻanimat ekanligimizni har kuni har tomondan kelayotgan turli yoʻqotishlar ortidan anglab, idrok qilish qiyin emas.
Asalning ham ozi shirin deganlaridek, bizga berilgan hisobli umrimizni goʻzal oʻtkazaylik. Har kuni armonda qolayotgan tanishlarimizdan xulosa qilaylik. Zero, oʻsha tarmoqdagi turli rang barang yoqtirish (“like”)lar, koʻp sonli koʻrilishlar bizga oqibat bermaydi. Oʻtkinchi boʻlgan bu hayotning oʻtkinchi ixtirolaridir.
Oʻz oila a’zolarimiz, yaqinlarimiz, doʻstlarimizga boʻlgan oqibatimiz inson bolasi oʻylab topgan ixtirolardan ustun boʻla olmasin! Bejizga xalqimiz mehr-koʻz deyishmagan.
QOʻSHIMCHA: Mazkur maqola xotiralar asosida yozilgani bois yillar boʻyicha keltirilgan misollarda 1-2 yilga farq boʻlishi mumkin.
Bekpoʻlat BAXTIYOR
2020 yil noyabr oyi