Yaqin yillardan buyon turli axborot xurujlari, xayplar sabab shukrona qilishni unutib qoʻymadikmi? Ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda daxldor biron biron bir nojoʻya xatti-harakat kuzatiladigan boʻlsa darrov “muhimi osmonimiz musaffo”, “omon-omon davrda yashamoqdamiz, deb piching qilib turli xayplarga berilmoqdamiz.
Toʻgʻri, bu degani hamma narsaga rozi boʻlib, koʻnib yashayverish, oʻz hayotimizni oʻzimiz idora qilmay qoʻyish fikrini ilgari surayotganim yoʻq. Har birimiz oʻz hayotimizga oʻzimiz masʼul ekanligimiz va jamiyatda beparvo yashash esa katta talofatlarga olib kelishi sir emas. Bu borada oʻz fuqarolik pozitsiyamizni bildirish har tomonlama toʻgʻri ish hisoblanadi. Ammo, tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi aksariyat tub aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli bugungi davrda ham hattoki qoniqarli holda emasligi kishini oʻyga toldiradi. Bunda eng avvalo, shu xalq soliqlaridan davlatdan maosh olib ammo, oʻz xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilayotgan ayrim “rahbarlarga” Xudoning oʻzi insof bersin. Bu borada koʻplab ishlar qilinmoqda shunday boʻlsa ham hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar talaygina.
Endi, men bu postni yozishga undagan masalaga toʻxtalmoqchiman. Xabaringiz bor, bugun qoʻshni mamlakat Afgʻonistonning poytaxti Kobul shahrida prezidentining saroyi yaqinida Qurbon hayit namozi oʻqilayotgan vaqtda saroy joylashgan hudud tomon bir nechta raketalar uchirilgan. Tasavvur qilyapsizmi, muborak kuning muborak onlarida Allohga ibodat qilinayotgan payt sizga juda yaqin hududda raketa portlasa?! Odam tasavvur qilishga ham qoʻrqadi!
Afsuski, qoʻshni mamlakat Afgʻonistonda bu kabi holat bir kunda takror-takror uchraydi. Ayrim, tegishli hududlarning mahalliy aholisi har kuni mana shunday sovuq qurollar tomonidan otilgan oʻqlar ovozidan uygʻonadi, tahlikada yashaydi. Bolaligi mana shunday davrdan boshlanib, ulgʻayganlar qancha… Misol keltiraman desa, misollar koʻp.
Gohida toʻy boʻlayotgan qoʻshnimiz uyida kechki mahallar kelin-kuyov toʻyxonadan uyiga kelishiga maxsus tayyorlangan pirotexnika vositalarining ovozidan choʻchib ketamiz, bolalarim ham qoʻrqib ketadi. Endi, oʻzingiz oʻylab koʻravering. Qanchadan-qancha yurtlarda yuqorida taʼkidlab oʻtganim kabi bomba, oʻq ovozlaridan uygʻonib umr boʻyi qoʻrquvda yashab yurganlar qancha…
Avvalo, tinchlik-omonlik Alloh tomonidan beriladigan eng oliy neʼmatdir. Bu neʼmatdan shunchaki tonib boʻlmaydi. Allohga shukr, xohlasak masjidda, xohlasak uyimizda oʻz ibodatlarimizni emin-erkin ado etmoqdamiz. Toʻy hashamlarimiz ham uncha-muncha Yevropa mamlakatlari uchun ham orzu boʻla oladigan dabdaba bilan oʻtkazilsa (bu borada men isrof va dabdabani yoqlash niyatida emasman), farzandlarimizni xotirjam bogʻcha va maktablarga joʻnata olsak shu tinchlikdan emasmi?! Bunga yana qoʻshimcha ravishda koʻplab hayotiy omillari keltirish mumkin. Yana bir bor shuni taʼkidlashni joiz deb hisoblayman Allohdan bir amir kelmas ekan, qoʻlimizga tikan ham besabab kirmaydi. Tinchlik ham shunchaki berilgan neʼmat emas. Bejizga aytishmaydi, Alloh nazari solgan yurt deb, shunday ekan tinch-omon kunlarimizga shukrona qilishni ham unutmaylik. Hozirgi tahlikali davr ham bot-bot odamni oʻyga solib qoʻymoqda. Chindan ham osmonimiz musaffo boʻlsin!
Bekpoʻlat BAXTIYOR