Bugun O‘zbekiston media maydonida kundan-kunga sifatli kontentlar ishlab chiqish darajasi tobora jadallashmoqda. Bosma OAV, elektron nashrlar yoki teleradiokanallarni nazarda tutamizmi barcha darajadagi OAVning turidan qat’i nazar bugungi kunda axborot iste’molchilariga axborotlarni taqdim etishning yangi formatlari, yondashuvlari o‘ylab topilmoqda. Izlanishlar olib borilmoqda.

Misol uchun, birgina telekanallarning kunlik efirlarini kuzatadigan bo‘lsak davlat telekanallari bo‘ladimi yoki xususiy telekanallar bo‘ladimi ulardagi ko‘rsatuvlarning rang-barangligini payqash qiyin emas. Albatta, bu juda yaxshi. Media olami ham o‘z navbatida kuchli raqobat muhitiga dosh berishi kerak. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qancha telekanallar xalqaro darajadagi loyihalarga o‘z maydonini ochib bermoqda.

Xususan, avvallari davlat yoki xususiy telekanallar bo‘ladimi ularda asosan o‘sha telekanallarning o‘z loyihalari sifatida qaralgan turli tok-shou, tanlovlar efirga uzatilib kelingan. Bu kabi ayrim loyihalar 1-3 ta mavsum efir yuzini ko‘rgan bo‘lsa, ayrimlari 1 ta mavsum efirga uzatilib keyin media makonda ko‘rinmay qolgan loyihalar ham yo‘q emas. Yoki aksincha efir yuzini ko‘rgandan bugungi kungacha qancha-qancha iste’dodlarni yuzaga chiqargan haligacha tomoshabinlarning diqqat markazida bo‘lib kelayotgan bu kabi loyihalar ham borligi juda yaxshi natija.

Lekin xohlamaymizmi, yo‘qmi tomoshabin doimo eng yuqori saviyadagi mahsulotga ergashadi. Xorij tillarini biladiganlar boshqa davlat telekanallarining loyihalarini muntazam kuzatib boradigan auditoriya ularni bir-biridan solishtirib borishi tabiiy hol. Shu sababli ham tomoshabinlar yana-da rang-barang, xalqchil loyihalarni ko‘rishni xohlaydi. Shu sababli bugungi davrda mahalliy telekanallarimiz tomonidan efirga uzatilayotgan bu kabi loyihalar safiga endilikda xalqaro darajadagi loyihalar ham kirib kelgani OAVlar o‘rtasida kuchli raqobat muhitini yaratib berdi. Bu esa telekanallarimizning xalqaro darajada yangi pog‘onalarga chiqishi uchun zamin yaratadi.

2023-2024-yillar mobaynida nodavlat telekanallar tomonidan bir qator xalqaro televizion loyihalarning rasmiy franshizasi sotib olindi hamda efirga uzatib kelinmoqda. Xususan, “F TV” telekanali tomonidan “X factor”, “Got talent” loyihalari taqdim etilayotgan bo‘lsa “Zo‘r TV” telekanali tomonidan taqdim etilgan “The Voice” esa mega televizion loyihasi tomoshabinlar uchun yaxshi tuhfa bo‘ldi. Qisqa muddat ichida mashhurlikka erishdi.

Mazkur loyihalarning 1-mavsumlari tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kuzatib borildi. Bu kabi loyihalarda ishtirok etgan ijodkorlar g‘olib bo‘lishi yoki shunchaki ishtirok etishidan qat’i nazar ma’lum darajada mashhurlikka erishdi, xalq taniy boshladi. Aslida bu kabi xalqaro darajadagi loyihalar o‘zbek san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish, shu yurtda fuqarolarning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish uchun juda yaxshi maydon bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli ham mahalliy teleloyihalardan farqli o‘laroq xalqaro darajadagi loyihalarga e’tibor nisbatan ko‘proq bo‘ladi, uning o‘ziga xos auditoriyasi shakllanadi. Bu albatta, yaxshi holat. Shunday bo‘lishi ham kerak. Bu orqali mamlakat imiji yanada namoyon bo‘ladi. Xalqaro maydonda moddiy meroslari bilan tanilgan O‘zbekistonni nomoddiy meroslari bilan yana-da yuzaga chiqarish uchun muhim jarayon.

Lekin, mazkur loyihalarga diqqat bilan razm solsak, bu borada bir qator kamchiliklar yuzaga chiqmoqda. Xususan, yuqorida qayd etib o‘tilgan ayrim loyihalarning navbatdagi mavsumlarini kuzatar ekanmiz bir jihat e’tiborimizni tortdi. “F TV” telekanali tomonidan efirga uzatilayotgan “X factor” loyihasi yoki “Zo‘r TV” telekanali tomonidan 2024-yilning 1-yarim yilligida efirga uzatilgan “Ovoz” (The Voice of Uzbekiston) loyihasining 1-mavsumidan so‘ng taqdim etilgan “Ovoz bolalar” teleshousi boshqa ko‘rsatuvlardan ishtirokchilarning auditoriyasi bilan farq qiladi. Xususan, “X factor”, “Ovoz bolalar” ham “Ovoz” loyihasi kabi ijrochilik qobiliyatlarini namoyon etish maydonidir. Faqat, “Ovoz bolalar” televizion shousida 6 yoshdan – 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar qatnashishi mumkin.

“X factor” hamda “Ovoz bolalar” teleloyihalarning saralash va boshqa bir qator bosqichlarida ishtirok etuvchi ijrochilarning 70% ortig‘i o‘zbek o‘g‘il-qizlar bo‘lishidan qat’i nazar ular tomonidan taqdim ijro etilayotgan asarlarning ko‘pchik qismi boshqa xorijiy tillarda ekanligini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda aytish mumkin-ki, “X factor” ning ishtirok etuvchi auditoriyasi katta yoshli ijodkorlar bo‘lganligi, ularda ijro etish uchun musiqiy asarlar ko‘pligi, boshqa tillarda ham ijro etish mahoratini ko‘rsatishini tabiiy hol deb hisoblasak, lekin ishtirokchilari 6-15 yosh toifasiga ega bo‘lgan “Ovoz bolalar” ning ishtirokchilari bo‘lgan o‘g‘il va qizlarning asosan boshqa tillarda musiqiy asarni ijro etishi bir tomondan faxr hisini uyg‘otsa bir tomondan kuyinishni hosil qiladi.

Bunga bir necha sabablar bor, hali ijrochilik bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘layotgan, ovoz imkoniyatlari to‘liq shakllanishiga ulgurmagan bu ijrochilardan avval boshda ovozning texnik imkoniyatlari hisobga olinmagan holda foydalanilmoqda. Eng muhim masala, bolalarda milliy vatanparvarlik hisini mavjud emasligini ko‘rsatmoqda. Bu holat ularni bevosita yoki bilvosita xorij qo‘shiqlarini ijro ettirish orqali loyihada ishtirok etishini kafolatlashdek tuyilmoqda. Lekin, ko‘rib turganimizdek bu hol ko‘p ham o‘zini oqlamadi. Xususan, “Ovoz bolalar” ning “Sirli ishtirokchi” bosqichida ishtirok etgan ko‘pchilik o‘g‘il va qizlar biz yuqorida aytgan xorij qo‘shiqlarini ijro etish orqali bir-biridan farqlanib qoldi. Aksariyat ijrochilar dastlabki musiqiy bilimlari an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik bo‘lib turgan paytda xorijiy tillarida o‘zlariga begona bo‘lgan janrlarda kuyladi.

Ularni tanlab olish uchun ishtirok etayotgan murabbiylar O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon, xonandalar Botir Qodirov hamda Ilhom To‘yichiyevlar (DJ Pligirim) bu borada bir qator holatlarga duch keldi. Murabbiylar tomonidan xorijiy tilda qo‘shiq aytgan ustozlar tomonidan “tanlangan” yoki bironta murabbiy tomonidan tanlamagan ijrochidan boshqa musiqiy asarning bir qismini ijro etish so‘ralganda ular tomonidan ijro etilgan ayrim o‘zbekcha maqom, milliy yoki zamonaviy estrada qo‘shiqlarini tinglab o‘ziga xos, ovoz imkoniyatlarini, eng muhimi o‘zbekona nola, ohanglarni eshitasiz. Aslida ularning imkoniyatlaridan noto‘g‘ri foydalanilganiga guvoh bo‘lasiz. Beixtiyor, teletomoshabin ham murabbiylarga qo‘shilgan holda “o‘zbekcha aytsang bo‘lar ekan-ku” deb yuboradi. Biroz avval boshqa tilda qo‘shiq ijro etib mahoratini ko‘rsata olmagan bolani tanlamaganlari uchun afsuslanib qolgan holatlari ko‘p uchradi. Bu mardi maydon imkoniyatdan unumli foydalanish muhim masala.

Chindan ham bu holat ko‘rsatuvning tanlash bosqichida juda ko‘p bor yuzaga keldi. Ustozlar ayni holatda ularni tanlab olishda yuzaga kelgan noaniqliklardan so‘ng haqli e’tirozlarini bildirmay qolmadi. Shu o‘rinda bir savol yuzaga keladi? Endi yetishib chiqayotgan yosh o‘g‘il va qizlarni bu kabi xorij qo‘shiqlari orqali yuzaga chiqarish, imkoniyatlarini inobatga olmay foydalanishdan nima naf? Birinchi navbatda, loyihadan “yiqilgan” bu bolalarning undan keyingi psixologik, ruhiy holati salbiy tomonga o‘zgarmasligiga kim kafolat beradi. Boshqa xorijiy tillarda qo‘shiq ijro etib yaxshigina mahoratini ko‘rsatgan bolalar “tanlanib”, lekin asli ijro mahoratlari to‘g‘ri yo‘nalishga solinmagan bolalarning ichki kechinmalariga qanday qarash mumkin? Ularni tanlovlarga tayyorlaydigan ustozlar shu jihatga e’tibor qaratishi kerak aslida.

Loyihalar davomida boshqa millat vakillari bo‘lgan ayrim ijrochilar dastlab o‘z milliy qo‘shig‘i bilan maydonga chiqib, yaxshi olqishga sazovor bo‘lganligini ko‘rib ham bu fikrlarni bildirish o‘rinli deb hisoblash mumkin. Ayrim hollarda esa, bir qancha boshqa millat vakillari tomonidan o‘zbekcha qo‘shiqlarni ijro etganliklari ko‘rib faxrlanadi kishi. Aslida, har bir ijodkorning o‘z repertuarida milliy qo‘shiqlari soni sezilarli darajada ko‘p bo‘lishi foydalan holi bo‘lmaydi.

Xalqimizda “chin san’at til, millat tanlamas” degan yaxshi gap bor. Bu ayni haqiqat. San’at va madaniyat xalqlarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Munosabatlarni yaxshilashga, mustahkamlanishga, o‘zaro rivojlanishga xizmat qiladi. Ammo, endi yetishib chiqayotgan yosh avlod vakillariga eng avvalo milliy vatanparvarlik hislarini uyg‘otish lozim. Xohlaymizmi yo‘qmi, biz qancha boshqa xorijiy tillarda maromiga yetkazib musiqiy asarni ijro etmaylik qonimizda milliy ohanglar, o‘zbekona nolalar yashirin. Aslida, iste’dodli ijodkordan uni yuzaga chiqarib olish qiyin emas. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu xalqaro televizion loyihalar O‘zbekistoning o‘ziga xos san’ati va madaniyatini yuzaga chiqarish uchun eng yaxshi vositadir. Bundan avvalgi mavsumlarda chiqish qilgan ayrim ijrochilarning sara o‘zbekona ijod namunalari internet tarmoqlarida mashhurlikka erishdi. Tomosha qilganlar soni bilan ajralib turdi. Bu chiqishlar mazkur televizion loyihalarning rasmiy bosh sahifalari orqali e’lon qilib borildi. Telekanallar orqali bu kabi loyihalarni rasmiy olib kirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad shu bo‘lishi kerak aslida. Milliy madaniyatimizni keng targ‘ib qilish, uni rivojlanishi uchun zamin yaratish, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish. Bu orqali yosh havaskor ijodkorlarda o‘ziga xos immunitet hosil bo‘ladi. Repertuarida o‘zbekona ohanglarga boy sara musiqiy asarlar paydo bo‘ladi. Loyiha tashkilotlari ham ijrochilarni tayyorlaydigan ustoz va murabbiylar ham aslida eng avvalo shu jihatlariga e’tibor berishini muhim deb hisoblaymiz. Ijrochilarga to‘g‘ri yo‘nalish berish, ularni imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda milliy manfaatlarni ham hisob olish, ular ortidan ergashadigan yana qanchada-qancha iste’dod egalari uchun yaxshi numuna sifatida xizmat qiladi. Zero, har qanday darajadagi teleloyihalarni tayyorlashda eng avvalo sifatli milliy kontentlarga ko‘proq e’tibor qaratilsa foydadan holi bo‘lmaydi.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
2024-yil 19-noyabr