Kuni kecha, kechki mahal ijtimoiy tarmoqda o‘tirgan paytimda telefonning bildirishnomasi sms xabar kelganini ko‘rsatdi. Avvaliga e’tibor bermadim. Keyin birdan ko‘zim sms xabarning qisqa matniga tushdi. Xabarning birinchi qatorini koʻrib ko‘zlarim kosasidan chiqib ketay dedi.

Suratda ko‘ringanidek, 3700 qisqa raqamidan kelgan sms xabarda “Qayerdasiz” deb yozilgan edi. Avvalgiga hayron bo‘ldim. Odatda 3700 raqamidan turli elektron xizmat uchun to‘lov avvalida tasdiqlash parollari, topshirilgan ariza, ularning natijasi shu ko‘rinishdagi bir qator muhim sms xabarnomalar kelishi hech kimga sir emas. Bu xabar matni esa avvalgilaridan tubdan farq qilar edi. Endi ne ko‘z bilan qarangki, shu raqam orqali antiqa xabar kelib turibdi.

Keyin, sms xabarni ochib o‘qisam, qaysidir bir mutaxassisning ranglar mavzusini o‘rgatish bo‘yicha kursining e’loni ekan. Qoyilmisiz! Reklamaning eng xunuk ko‘rinishi shu bo‘lsa kerak! Yana qiziqib shu raqamdan kelgan barcha sms xabarnomalarni o‘qib chiqdim. Avvallari e’tibor bermaganmanmi bilmadim, undan ham zo‘r xabarlarni uchratdim.

Bundan avval ham, “Kutyapman”, “Nega yo‘qsiz” kabi sarlavhalarda turli reklama xabarnomalari kelgan ekan. Qiziq holat. Bu kabi xabarlarga ko‘zi tushgan boshqa odam go‘yoki begona bir odamni “3700” deb kontaktiga saqlab qo‘ygan degan yaxshi bir gumonga kelishi haqiqatga juda yaqindir.

Har qanday o‘ziga to‘g‘ri bo‘lgan odamni bu kabi xabar xavotirga solishi tabiiy hol. Chunki, barchamiz telefonlarimizdan turli vaziyatlarda, turli joylarda foydalanamiz. Goh farzandlarimiz, goh oila a’zolarimiz, do‘st, hamkasblarimiz ham vaziyat taqozosi bilan telefonimizdan foydalanib turishi bor gap. Shunday vaziyatlarda bunday xabarni kelishi telefon egasiga nisbatan turli fikrlarni, shubhalarni yuzaga chiqaradi. Ayniqsa, bu xabar ayol kishi telefoniga kelsa unda nima boʻlishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu esa yaxshi oqibatlarni olib kelmaydi. Vaziyatga oydinlik kirtish qolib jaxlda ne-ne dashnomlarga qolishi achinarli.

O‘z xizmati va faoliyati to‘g‘rida aholiga ma’lum qilish, xabardor qilish bu yaxshi lekin xabardor qilish bu kabi ko‘rinishda bo‘lishi har qanday holatda ham o‘rinli emas deb hisoblayman. Chunki hozirgi davrda er-xotin o‘rtasidagi turli xil nizolar mana shunday telefon xabarlari-yu, qo‘ng‘iroqlar, ijtimoiy tarmoqdagi er-xotin o‘rtasida shubhani paydo qiluvchi faollik sabab yuzaga chiqmoqda.

Endi bu kabi xabarnomalar kelishi ikki tomonni ham o‘zi bilmagan holda noqulay ahvolga solishi tabiiy hol. Vaziyatni tagiga yetguncha, buning ortidan jizzakilik sabab turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin. Aloqa operatorlari orqali o‘z reklamalarini taqdim etuvchi reklama egalari o‘z reklamalarini taqdim etishda shu kabi nozik jihatlarga e’tibor qaratishlari lozim.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
26-iyun 2024-yil