Dunyoning 75 dan ortiq mamlakatida katta qiziqishlar bilan tomosha qilinib kelinayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlarning yirik mega televizion “The voice” loyihasining rasmiy franshizasi endi O‘zbekistonda “Ovoz” bo‘lib jarang sochmoqda. Mazkur loyiha 2011-yildan buyon dunyo televizion reytinglarni zabt etgan.

O‘zbekiston ushbu teleloyihani namoyish etish huquqini qo‘lga kiritgan dunyodagi 76-mamlakatga aylandi. Bunga qadar Rossiya televideniyasi orqali bizga yaxshi tanish bo‘lgan “Голос” loyihasi ham aynan “The voice” loyihasining Rossiyadagi franshizasi hisoblanadi.

Loyiha Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda “Zo‘r TV” telekanali orqali suratga olinmoqda. Loyihaning 1-mavsum 1-soni 20-aprel kuni efir yuzini ko‘rdi.

“Ovoz” loyihasining birinchi mavsumi hakam va murabbiyliklari (ustozlari) etib O‘zbekiston xalq artistlari “Yalla” guruhi rahbari Farrux Zokirov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Tohir Sodiqov hamda Sevara Nazarxonlar belgilangan.

Loyihada professional yoki havaskor ijrochilar ham birdek qatnashish imkoniyatga ega. Bu borada cheklov yo‘q. Faqat o‘z ijrosi bilan tomoshabinlarni, hakamlarni qoyil qoldirsa bo‘ldi.

Koʻrsatuv boshqa xalqaro yoki mahalliy tanlovlardan farqli jihati shundaki, loyiha ustoz shogird an’analari tamoyiliga hamohang tarzda, bir necha jihatga turkumlangan holda o‘tkaziladi. Tanlov qoidasiga ko‘ra har bir mavsum 4-bosqichdan iborat tarzda o‘tkaziladi. Bosqichlar ketma-ketligi quyidagicha:

1-bosqich – “Sirli ovoz”:

Bu bosqichda ustozlar ishtirokchilarga teskari o‘tirgan holda ularning faqat ovozini eshitadi. So‘ngra, o‘ziga ma’qul kelgan ovoz egasiga “Tanladim” tugmasini bosgan holda o‘girilib qarashlari mumkin bo‘ladi. Har bir hakam, murabbiy o‘z jamoasiga 12 nafardan ishtirokchini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.

Ya’ni 1-bosqichda qo‘shiq ijro etgan ijrochini qaysi hakam “Tanladim” deb tugmani bosgan bo‘lsa o‘sha ishtirokchi keyingi bosqich uchun hakamning jamoasiga olinadi. Agar ishtirokchini 2 nafardan ortiq hakam tanlasa ishtirokchining o‘zi qaysi hakam jamoasiga o‘tishini hal qiladi. Bironta ham hakam ijro oxirigacha ishtirokchiga o‘girilib qaramasa bu ishtirokchi keyingi bosqichga o‘ta olmaydi. (bugungi kunda 1-bosqich jarayonlari ketmoqda)

Har bir hakam jamoasiga 12 nafardan jami 48 nafar ishtirokchi tanlab olingandan so‘ng 2-bosqich – “Qarama qarshilik”, 3-bosqich – “Zarba” bosqichlari o‘tkaziladi. Mavsum so‘ngida esa har bir ustoz jamoasidan faqat 1 nafar ishtirokchi qatnashadi va final g‘olibi aniqlanadi. Shuningdek, g‘olib bilan bir qatorda mavsumning eng yaxshi ustozi ham aniqlanadi.

Mavsum g‘olibi esa musiqiy albom, prodyuserlik shartnomasi va bosh sovrin – avtomobilni qo‘lga kiritadi.

Ko‘rsatuvning 1-mavsum 1-sonini diqqat bilan ko‘rib chiqdim rostini aytsam, ko‘rsatuvga professional darajada tashkiliy, ijodiy mehnat qilingan. Ko‘rsatuvning o‘ziga xos imiji, ruhiyati yaxshi ochib berilgan. Yorqin lahzalar, o‘ziga xos samimiy hissiyotlar hamma-hammasi yaxshi ishlagan.

Hakamlar (ustozlar) jamoasi hamda boshlovchi juda yaxshi tanlangan boshqa tanlovlarga nisbatan bu tanlovda tartib, og‘ir bosiqlik yaxshigina sezilib turdi.

Ko‘rsatuvga ishtirok etishga kelgan talabgorlar ham yaxshi tanlangan, chinakam ko‘rsatuv formatiga mos bo‘lgan o‘z ovozi bilan, ijrosi bilan hayratlantiradigan yaxshi ovoz egalarini ko‘rdim. Bu loyihada tashqi ko‘rishidan ko‘ra ovoz, ijro mahorati muhim ahamiyat kasb etishi yorqin misollar bilan ko‘rsa bo‘ladi. Yaxshi yondashuv.

Ustozlar ijrochilarga nisbatan o‘z fikrlarini samimiy va asoslantirgan holda bildirib o‘tdi. Kezi kelsa, ijro mahorati bo‘yicha saboqlar berdi. Muhimi ko‘rsatuvda o‘ziga xos samimiylikni his qilasiz. Manaman degan ijro egalarining o‘z jamoasiga ishtirokchini jalb etish uchun samimiy kurashlarini ko‘rib dam olasiz.

Yangi ijodkorlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mana shunday yirik loyihalar ko‘payishi tarafdorimiz. Hali oldinda bir necha bosqichlar, bir necha jarayonlar bor. Loyihani kuzatishda davom etamiz. Loyihadan bundan ham yorqin lahzalarni kutib qolamiz.

Zero, san’at va madaniyatga oshufta tomoshabinlar yaxshi ijodkorlar, yaxshi asarlarni doim e’zozlab keladi. Har bir davrning o‘ziga xos san’at egalari yetishib chiqdi, kamol topdi, olqish oldi. Bugungi davr ham shuni taqozo qilmoqda.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
2024-yil 22-aprel