Bayram kunini mazmunli o‘tkazish maqsadida internet tarmoqlarida yopiq premyeralariga oid turli roliklar orqali yaxshigina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 11-aprel kuni premyera qilingan Qirg‘iz Respublikasi kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Jannat onalar oyog‘i ostida” badiiy filmini tomosha qildim.

Rostini aytsam kinoteatrga borib film ko‘rmaganimga ham 7 yil bo‘libdi. Ozgina fursat bo‘lsa ham boshqa yumushlarni unutib film tomosha qilish zavqini yana bir qator his qildim. Bu ham o‘z o‘zidan bo‘lmadi bu borada film ijodkorlari va loyiha mualliflarining yaxshi marketing usullari sabab bo‘ldi.

Film syujeti asosan Qirg‘izistonning bir qishlog‘idagi aqliy rivojlanishi sakkiz yoshli bola darajasida bo‘lgan 35 yoshli Odil hamda uning 75 yoshli onasi Rayhon aya atrofida kechadi.

Onasi unga doimo Alloh taolo uni o‘zgacha sevishini, shuning uchun to‘g‘ri jannatga kirishini ta’kidlab keladi. Odil esa onasisiz jannatga borishni istamaydi. Kunlarning birida unga do‘sti, sakkiz yoshli bola agar u onasini muqaddas Makkaga piyoda olib borsa, onasi ham u bilan jannatga kirishi mumkinligini hamda o‘z onasini Makkaga olib borayotganini xayol qilib surat chizib uni Odilga ko‘rsatadi. Shundan so‘ng, yotsa ham tursa ham Odilning o‘y-xayoli onasini Makkaga olib borish bilan band bo‘ladi.

Filming voqealarning asosiy boshlanish nuqtasi shu jarayonlardan boshlanadi.

Film Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Suriya hamda Saudiya Arabistoni hududlarida suratga olingan bo‘lib film hozirgi davr voqealiklarini o‘z ichiga olgan.

Film haqida tomoshabin sifatida o‘z fikrlarimni bildirib o‘tsam, qo‘shnimiz, qardosh do‘stimiz Qirg‘iziston kinoijodkorlarining bu asari tom ma’noda Markaziy Osiyo kinosanoatida chaqnash hodisani namoyon qildi. Mazkur kinokartina nafaqat Markaziy Osiyo balki O‘rta Osiyo tomoshabinlari ko‘nglini larzaga keltirdi.

Birinchidan, filmda xalq tilida aytganda, tesha tegmagan mavzuga murojaat qilingan,

Ikkinchidan, bosh qahramonlar, shuningdek boshqa aktyorlar jamoasi ham yaxshi tanlangan.

Uchinchidan, film qahramonlarning hayoti va unda ro‘y bergan voqeliklar faqat u yoki bu davlatga tegishli emas shu sababli ham mazkur kinokartina boshqa davlatlarda tez fursatda dublyaj qilindi, kinoteatrlar orqali premyera qilindi.

Umuman olib qaraganda, filmning yutuqlari faqat aktyorlar ijrosi va ularning ruxiy kechinmalari bilan chegaralanmagan. Kino ijodkorlari filmning har bir jihatiga alohida e’tibor qaratgan. Birgina misol, film qahramonlari yashaydigan hudud tog‘, keng maydonliklardan iborat qishloq hududi bo‘lganligi bois film orqali qirg‘iz milliy urf-odatlari, qishloq aholisining yashash tarzi, ijtimoiy holatiga urg‘u berilgan. Bu borada sahnalashtiruvchi rejissyor, rassom va operatorning mahorati yaxshigina sezilgan. Milliy koloritga ega elementlar yaxshi rakursdan ochib berilgan. Filming badiiy yaxlitligini ta’minlab bergan.

Bu filmda oxirgi paytlarda ko‘plab filmlarda ham meni ko‘zim tushmayotgan yana bir jihatni ko‘rdim. Bu ham bo‘lsa qahramonlarning o‘ziga xos xarakteri. Bu rol ijrochilarning ishini ancha boyitgan. Chunki, so‘nggi vaqtlarda ayrim filmlarda bosh qahramon yoki 2-3 darajalari aktyorlarning faqatgina tashqi ko‘rinishi, ularning yuzaki portretiga e’tibor qaratib kelinmoqda. Ularning filmdagi ichki olami yaratilmaganini ko‘rish mumkin bu esa o‘z navbatida samimiylikdan ancha nari bo‘lgan holatdir. Bu filmda esa bu narsani faqat ijobiy holda ko‘rish mumkin.

Bu filmi yana bir muhim jihati shundagi undagi arava chunki Odil onasini Makkaga piyoda olib borishga ahd qilgan. Shundagina u jannatga kirishiga ishonadi. Har qanday avtomobil yoki yuk moshinalari ham uni piyoda olib borishdan qaytarmaydi. Shu sababli ham filmdagi arava uning asosiy ramzi bo‘lib xizmat qilgan.

Shuningdek, filmda mehr-oqibat, odamgarchilik, saxovatpeshalik aks etgan kichik-kichik epizodlar juda chiroyi sahnalashtirilgan har gal shu kabi sahnalar chiqqanda odamni ko‘nglini yumshatib-yumshatib finalgacha tayyorlab boradi so‘ngra film kulminatsiyasida tomoshabinni g‘uborini chiqarib yuborishga sabab bo‘ladi. Bu esa filmning yaxshi yutuqlaridan biri.

Mazkur filmning Suriyada olingan epizodlari esa tom ma’noda filming eng og‘ir sahnalaridan hisoblanadi. Bu sahnalar orqali esa beixtiyor, tinchlikka, farovonlikka shukrona qilasiz. Undagi dahshatli kadrlarni ko‘rib, ta’sirli dialoglarni ko‘rib o‘yga tolasiz.

Qolaversa filmda o‘ziga xos yumor sahnalarini ham uchratish mumkin. Bu yumor sahnalari ham albatta tabiiy ishlangan. Ko‘r-ko‘rona kuldirish uchun epizod ishlanmagan.

Endi filmning ayrim kamchiliklariga e’tibor qaratsam:

Birinchidan, Makkaga borish uchun yo‘lga otlangan qahramonlar yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon va Suriya hududlariga kirishadi har bir hududda o‘ziga xos muammo va qiyinchiliklarga duch keladi. Birgina misol, O‘zbekiston hududida qahramonlar, qishloqdoshi xayr-ehson qilgan pullaridan Odilning soddaligi sabab mahrum bo‘ladi, chegaradan o‘tishda esa bir necha odamlar ularni 2 ta sirli o‘ralgan qovunni olib o‘tib berishlarini iltimos qilishadi, yana yong‘in o‘chirish moslamasini aldab-suldab berib yuborishlari mana shunga o‘xshagan holat O‘zbekiston hududida ro‘y beradi. Boshqa davlatlarda esa bu kabi holatni kuzatmaysiz. Mazkur epizodlar esa O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar uchun salbiy kayfiyatni keltirib chiqarishi mumkin. Keyin, oʻzbek soʻmining qirgʻiz soʻmiga nisbatan qadrsiz ekanligini koʻrasatuvchi epizodlar ham menimcha ortiqcha. Bu borada biroz muvozanat buzilgandek.

Ikkinchidan, filming davomiyligi esa 140 daqiqa bo‘lib bu film uchun biroz ko‘plik qiladi. Chunki, boshqa filmlardan farqli o‘laroq bu filmda dinamik sahnalar film oxirida uchlaydi shu sababli ham keskin dinamik sahnalar kelguncha tomoshabin zerikishi tabiiy hol.

Umuman olganda bu film 16+ toifasiga mo‘ljallangan bo‘lsa ham filmni 7 yoshdan 70 yoshgacha birdek tomosha qilishini tavsiya qilaman. Bu filmda faqat onaning buyuk jasorati, uning mehr-muhabbati aks etmagan unda aqliy nosog‘lom farzand bo‘lsa ham bir qancha sog‘lom farzandlarda uchramaydigan buyuk farzandlik mehrini ko‘rasiz. O‘z maqsadlari, orzularini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tog‘ni talqon qiladigan ruhiy kuch-qudratini tuyasiz. Bir so‘z bilan aytganda bu film madaniyat va san’at orqali xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlashga yaxshi xizmat qiladi.

Bekpo‘lat BAXTIYOR

2024-yil 12-aprel