Bugungi kunga kelib zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan talab sezilarli darajada, yuqori suratda oʻsib bormoqda. Hayotimizning har bir jabhasida texnologiyalardan unumli foydalangan holda vaqtimizni va naqdimizni tejayotganimiz ayni haqiqat. Xoʻsh, aslida bu texnologiyalarning xavfsizlik masalalariga, undagi ma’lumotlarni saqlanish normalariga qanchalik e’tibor beramiz? Bugun sizlar uchun shu masala yuzasidan ayrim tavsiyalarni oʻrtaga tashlaymiz.

Hammasini hozirdan boshlang

Qaysi soha vakili boʻlishimiz yoki ijtimoiy holatimizdan qat’iy nazar barchamiz birdek mobil telefonlardan boshqa turdagi qurilmalardan keng foydalanamiz. Kimdir shunchaki “Allo, allo” uchun oddiy telefon ishlatsa ham aslida boshqa qurilmalar orqali axborotlarni saqlashi yoki ulardan foydalanib yurishi mumkin.

Zamonaviy, kundan-kunga yangi texnologiyalarni oʻzida mujassam qilgan mobil telefon yoki qurilmalar* (noutbuk, planshet) esa bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Avvaliga faqat soʻzlashuv, xabarlashuv vazifasini bajargan qurilmalar endi bank kartalariga pul oʻtkazish, pul qabul qilish, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish manbasi, hujjatlarni jo‘natish yoki qabul qilish, bir so‘z bilan aytganda shaxsiy ma’lumotlar omborxonasiga aylandi. Albatta bu borada sanab oʻtsa ancha davom etadigan jihatlar xususida toʻxtalib oʻtishdan ko‘ra ularning xavfsizlik masalalariga e’tibor qaratish bosh maqsadimizdir.

Qanday turdagi qurilmadan foydalanishingizdan qat’iy nazar ularga xavfsizlik kodini (parolini) oʻrnating. Oʻrnatilgan xavfsizlik kodi esa sizning tugʻilgan yil, oy, kun sanalari bilan bogʻliq boʻlmasin. Yoki telefon raqamining oxirgi 4 ta raqami shunga oʻxshash topilishi oson boʻlgan parollar boʻlmasligi zarur. Yana barcha uchun ma’lum va mashhur boʻlgan 7777, 5555, 0000 kodlarini esa aslida hazillashib yozsa ham bittada topiladigan kodlardan hisoblanadi. Shu sababli shunga oʻxshash parollardan ham chekining.

Birgina qurilmalaringiz orqali siz oʻzingizni, yaqinlaringizni shuningdek qanchadan-qancha odamning shaxsiy ma’lumotlarini saqlab yurishingiz, foydalanishingiz mumkin. Shu sababli ham ulardan foydalanishda ularga ehtiyotkor munosabatda boʻlish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumotlaringiz xavfsizligini ta’minlashda esa qurilmalaringiz imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda maksimal darajada himoya choralarini koʻring. Bugungi kunda so‘ngi avlod zamonaviy qurilmalarida parol, pin kod yoki turli grafik chizmalar orqali ochishdan farqli ravishda yuz orqali ochish (Face ID) yoki barmoq izi orqali ochish (Finger ID) funksiyalari esa yaxshi texnologiyalardan biri hisoblanadi bu esa o‘z navbatida qurilma xavfsizligi uchun yaxshi choralardan biri hisoblandi.

Qurilmalarga qo‘yilgan parollar albatta, sir bo‘lishi hammaga oshkor qilinmasligi kerak. Kimdir qurilmangizdan ruxsatingiz bilan foydalangan taqdirda ham unga xavfsizlik parolini aytmang. Shuningdek, qurilmangizni xavfsizlik parolidan tashqari pul o‘tkazmalarini, to‘lovlarni amalga oshiradigan dasturlarni, ijtimoiy tarmoqlarni, so‘zlashuv ilovalarini ham qo‘shimcha himoyalab qo‘ying. Chunki, ba’zida sizdan biron bir ma’lumotni o‘qish, so‘zlashish uchun qurilmangizdan foydalanib turgan odam aslida sizga tegishli bo‘lgan boshqa ma’lumotlarga ko‘z olaytirgani bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham, shaxsiy qurilmalaringiz hammaga ham bee’tibor qoldirib ketmang.

Oʻzingni ehtiyot tut — qoʻshingni oʻgʻri tutma

Hech kimga sir emaski turli oilaviy, ijtimoiy yoki faoliyatimiz sababli o‘z uyimizdan boshqa joylarda tunab qolishimiz yoki yashashimiz mumkin.
Misol uchun mehnat safari sababli 3-4 kun mehmonxonalarda, o‘qish yoki ish sababli oylab hattoki yillab ijaralarda yashaydiganlar oramizda ko‘p. Aksariyat hollarda begona odam bilan xonadosh bo‘lishimiz yangilik emas. Shu bilan bir qatorda, ko‘rmagan, sinalmagan odamlar bilan yashash ancha mushkul jarayon.

Shu va boshqa holatni inobatga olgan holda yana bir tavsiyani o‘rtaga tashlamoqchiman. Agar yuqorida ta’kidlangan yuz orqali qurilmani ochish (Face ID) yoki barmoq izi orqali ochish (Finger ID)dan muntazam ravishda foydalanib kelsangiz unda bu borada ham ehtiyotkor bo‘lishingiz lozim bo‘ladi. Chunki, inson issiq jon, o‘zi bilgan yoki bilmagan holda turli voqealarga duch kelishi, salomatligiga putur yetib hushini yo‘qotishi yoki shunga o‘xshash holatlar bo‘lishi tabiiy hol.

Bu vaziyatdan esa o‘zining egri maqsadlarini amalga oshirishni ko‘zlab yurgan yoki vaqti bemahal xayolidan yomon niyat o‘tkazganlar bundan unumli foydalanishi mumkin. Albatta, hushida bo‘lmagan odamni yuz orqali (Face ID) orqali qurilmasini ochish imkoni yo‘q lekin barmoq izi orqali (Finger ID) esa qurilmani ochish qiyin ish emas. Shu sababli, begona joylarga borganda, kim bilan hamroh bo‘lishingizdan qat’iy nazar qurilmalaringizni uxlashdan avval albatta yuz yoki barmoq izi orqali ochish (ishga tushirishni) sozlamalar orqali cheklab qo‘ying. Shunda siz bu orqali nafaqat o‘zingizni, oilangizni, tanishlaringizni ma’lumotlari xavfsizligiga, ularga turli ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin ziyon-zahmatlardan asraysiz.

Ishonchli qurilmalarga yuzlaning

Hozirgi kunda bir odamning kamida 1-2 yoki 3 tadan ortiq qurilmalari bor. Undan esa turli maqsadlarda, turli sabablarga ko‘ra foydalanadi. Aksariyat odamlar esa bu borada ham loqaydlik bilan ularga turli tuman ma’lumotlarni joylashi va ular orqali tarqatishi mumkin.

Birgina misol qilib shuni aytishimiz mumkin: deylik bir odamning 2 ta mobil telefoni bor. Ularning bittasi iPhone 14 pro (iOS operatsion tizimi), bittasi esa Samsung Galaxy S23 (Andoird operatsion tizimi) bu qurilmalar esa bir-biridan operatsion tizimlari orqali tubdan farq qilishini hamma ham yaxshi biladi. Endi bu qurilmalar oldiga 1 ta planshet Xiomi Pad 5 qo‘shildi. Bularning har 3 tasi ham o‘ziga yarasha o‘zga-o‘zga olam. Ularning har biri esa alohida-alohida o‘ziga tegishli bo‘lgan hisoblar “iCloud”, “Samsung account”, “Mi account” orqali faol ishlaydi.

Xo‘sh, sizningcha bu hisoblar xususida nima muammo bor, unga alohida e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan jihatlar nimalardan iborat? Gap shundagi, qaysi operatsion tizimning qurilmasidan foydalansangiz ham u uchun doimiy 1 ta yagona hisob yarating. Har safar yangi qurilmaga yangi hisob ochmang. Oila a’zolaringizni qurilma hisoblari bilan sizning qurilmalaringiz hisoblari alohida-alohida bo‘lsin. Bu esa ma’lumotlaringizni markazlashgan holda yuritishingiz va boshqa hisob ma’lumotlari bilan axborotlar aralashib ketmaslikka xizmat qiladi.

Qurilma sotilganda, yo‘qotilganda yoki boshqa hollarda ham birgina hisob orqali siz avvalgi saqlangan ma’lumotlaringizni tiklashingiz, yo‘qolganda esa xavfsizlik kodini o‘zgartirgan holda ma’lumotlaringizni idora qilishingiz mumkin. Kimlardir shosha-pisha ochilgan, xato login va paroli ham yodida qolmas darajada ochilgan bu hisoblari orqali aslida o‘zining virtual olamdagi shaxsiy chamadonini yaratadi. Bu chamadon esa o‘z ichiga turli ma’lumotlarni o‘zingiz bilgan (biladiganlar bu borada ancha kamchilik va afzalliklarini yaxshi biladi) yoki bilmagan holda saqlab boradi. Bu ma’lumotlar, xizmatlar sirasiga, qurilmani ochish (bloklash, blokdan chiqarish), qurilma turgan manzilni aniqlash, foto va videolar, kontakt ma’lumotlari, yozishmalar, bank kartalari rekvizitlari v h.k. o‘z ichiga oladi. Bu ma’lumotlar va xizmatlar turlari barcha operatsion tizimlarida turlicha bo‘ladi. Balki undan ham ko‘proq ma’lumotlarni saqlab borishi mumkin.

Shu sababli ham qurilma hisoblarini yuritishda diqqatli bo‘ling.Ularning himoya kodlari yoddan chiqqanda uni tiklash va qayta faollashtirishda bir qator muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa bu holatda ancha-muncha qiyinchilik tug‘diradigan operatsion tizimlar ham yo‘q emas. Hisobi bloklangan qurilmalarni esa blokdan chiqarish bitta yaxshigina yangi qurilmaning narxiga teng holatlar ham talaygina.

Shaxsiy kompyuteringiz (noutbukingiz) va ishxonangiz kompyuteri uchun alohida-alohida hisoblardan foydalangan holda ish olib boring. (bu tavsiya albatta Apple”ning qurilmalaridan to‘liq foydalanuvchilar uchun emas) Chunki, aksariyatimiz markazlashgan Google qidiruv tiziming gmail pochtasi hisobi orqali Chrome brauzeridan foydalanib kelamiz. Google’ning hisob pochtasi ham o‘z navbatida katta ma’lumotlar zaxirasiga ega tizimdir. Oddiygina tekin, hisob pochtasini o‘zi naqd 15 GB xotiraga ega. Andoird operatsion tizimidan foydalanuvchi ko‘plab foydalanuvchilarning ma’lumotlari esa o‘z-o‘zidan bu xotira bulutiga yig‘ilib boraveradi. Shu bilan bir qatorda, gmail hisobi siz login-parollarni kiritib kirgan har bir tarmoqni xavfsizlik parollarini, manzillarini saqlab qoladi. Shu sababli ham gmail pochta hisoblarini ham yuritishda hushyorlik talab etiladi. O‘zingizga begona bo‘lgan, faqat bir marotaba kirib keyin chiqib ketishingiz kerak bo‘lgan qurilmaga aslo gmail hisobingizni kiritmang. Kimgadir sotmoqchi yoki bermoqchi bo‘lgan qurilmangizni ham hisoblardan o‘chirgan holda taqdim eting.

Birinchidan, hisobi o‘chirilmagan qurilmada sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz qolib ketishi kelgusida bu ma’lumot begonalar qo‘liga tegishi mumkin.

Ikkinchidan, hisobi olib tashlanmagan qurilmaga boshqa hisobni ulash, olib tashlash sizdan keyingi odamga ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Vaziyat taqozosi bilan aksariyat odamlar boshqa bir odamning qurilmasi orqali o‘zining so‘zlashuv messenjeriga, ijtimoiy tarmoqlardagi profillariga kirib foydalandi. Bu bilan undagi ma’lumotlar begona qurilmaga o‘tishi, login-parollari esa saqlanib qolishi mumkin. Vaqti bemahal messenjerlaringiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi profilingiz ulangan qurilmalarga ko‘z yugurtirib qo‘ying. Agar siz uchun begona bo‘lgan qurilmani ko‘rsangiz darhol ularni chiqarib tashlang.

Qurilmalaringizni tozalab yuring

Qaysi turdagi qurilmadan foydalansangiz ham uni muntazam ravishda tozalab yuring. Tozalash ya’ni qurilmangiz joyini egallab yotgan turli kesh fayllar, qayta-qayta saqlab olingan fayllar hisobiga bo‘lishi kerak. Chunki, aksariyat odamlar qurilmasining xotira sig‘imi, operativ xotirasi yaxshi bo‘lishiga qaramay qotib ishlashini, xotirasi tez to‘lib qolishidan shikoyat qiladi.

Kimgadir ma’lum yoki noma’lum andoird operatsion tizimiga mo‘ljallangan birgina Telegram massengerining ilovasi o‘zida bir olam kesh fayllarni to‘playdi. Siz o‘zingiz yuklab olgan fayllardan tashqari har bir yuborgan suratingiz, guruh va kanallardan ko‘rilgan suratlar, videolar, videoxabarlar, audioxabarlar, telegram profiliga, guruh va kanalga joylangan profil suratlari hamma-hammasi sizning telefoningizda saqlanib yotaveradi bu esa o‘z o‘rnida qurilmaga keraksiz fayllarni to‘plashdan boshqasiga yaramaydi. Yana ijtimoiy tarmoq dasturlari va boshqa bir qator media fayllar bilan ishlovchi dasturlar o‘z navbatida katta-katta keshlarni saqlab boradi. Shu sababli ham mazkur keraksiz ma’lumotlarni vaqti-vaqti bilan tozalab turish foydadan holi bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda, yana bir muhim tavsiya odatda ko‘pchiligimiz u yoki, bu sabablarga ko‘ra qurilmalarimizni sotamiz, yangisiga almashtiramiz yoki kimgadir berib yuboramiz. Kimdir ahamiyat berar, kimdir ahamiyat bermas ko‘pchilik odamlar qurilmalarni sotishdan avval ularni shu holicha ichidagi ma’lumotlarni o‘chirmagan holda sotib ketadi. Bu yaxshi emas albatta. Biron bir qurilmani kimgadir berish yoki sotishda albatta ichidagi ma’lumotlarni o‘zingizga olib qolib, keyin tozalangan holda bering. Imkoni bo‘lsa sozlamalari zavod holiga qaytadigan holda bering shundagina sizning shaxsiy fayllaringiz, ma’lumotlaringiz ikkinchi shaxs qo‘liga o‘z qo‘lingiz bilan taqdim etilmaydi.

Shaxsiy fayllaringizni o‘chib
ketishiga yo‘l qo‘ymang

Bugungi kunda biz foydalanib kelayotgan ayrim qurilmalaring xotirasi noutbuk va kompyuterlardan bir necha marotaba ko‘p bo‘lishi odatiy holga aylandi. Avvallari, kompyuter xotiralari uchun orzu bo‘lgan xotira sig‘imlari bugun mobil qurilmalarga oddiy flesh xotira kabi o‘rnatilmoqda.
Bu sig‘imi katta bo‘lgan mobil qurilmalar ham o‘z navbatida sifatli media fayllarni tarixga muhrlashga xizmat qilib kelmoqda. Bu orqali biz shaxsiy, oilaviy surat va videolarimizni to‘plab yurishimiz, faoliyatimiz bilan bog‘liq kontentlarni to‘plashimiz, saqlashimiz mumkin.

Lekin, bunga ishonib qolmaslik kerak. Bu ham texnika qandaydir ehtiyotkorsiz, yoki turli sabablarga ko‘ra katta arxivga ega bo‘lgan ma’lumotlaringizdan bir zumda ayrilib qolishingiz hech gap emas. Keyin ularni tiklab olish masalalari ham anchagina xarajatlarni talab etadi. Shu sababli, har 6 oyda hech bo‘lmasa, 1 yilda 1 marotaba qurilmalaringizdagi ma’lumotlarni foto, video, audio fayllarni, hujjatlarni ishonchli qurilmaga yoki katta sig‘imli xotira kartalariga o‘tkazib qo‘ying. Imkoningiz bo‘lsa, oila a’zolaringizni qurilmalaridagi ma’lumotlarini ham shu tarzda saqlanishiga yordam bering.

Chunki, bugungi davrda barcha video, foto, audio fayllar to‘liq raqamli formatga o‘tib ketdi. Bundan 15-20 yil oldingidek fotoparadlarda tushilgan, qog‘ozlarga chiqarilgan suratlar davri o‘tdi. Onda-sonda to‘y-hashamlarda tushilgan, chiqarilgan suratlarni esa bugun qayerdaligini ham bilmaysiz. Chunki, bugun barcha suratlar mobil qurilmalarimizda saqlanmoqda. Shu sababli ham bu kabi ma’lumotlarni o‘chib ketmasligini ta’minlash maqsadida yuqorida keltirib o‘tilgan tavsiyalarni o‘zingizda sinab ko‘ring. Yorqin xotiralar o‘chib ketishiga yo‘l qo‘ymang.

Himoya parollardan boshlanadi

Zamonaviy texnologiyalar davrida atrofimizni turli tuman ma’lumotlar o‘rab olgani, ma’lumotlarning yangidan-yangi ko‘rinishlarda ongimizga singishi faoliyatimizda o‘zining ijobiy va salbiy jihatlarini ko‘rsatmay qolmaydi. Avvallari, kamida 10-20 nafar tanishimizni mobil, uy telefon raqamlarini hech qayerga qayd qilmagan holda yoddan bilgan bo‘lsak bugunga kelib hattoki ba’zida o‘zimizning telefon raqamimizni yoddan aytishga qiynalib qolganimiz ham haqiqat.

Biz yuqorida ta’kidlab o‘tayotgan qurilmalarning xavfsizlik masalalarida ham aynan raqam, harf, belgilarning ahamiyati kattagina. Chunki, mukammal xavfsizlik kodi – parol mana shu jihatlarga asoslanadi. Endi biz qurilmalarimiz va tarmoqlardagi sahifa va profillarimizni xavfsizligini ta’minlash uchun nafaqat raqamlarni balki raqamlarga kombinatsiya bo‘luvchi belgilarni, harflarni ham yaxlit yod olishimiz kerak. Bu esa oson jarayon emas. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, siz quyidagi tavsiyani ilgari yuraman.

Birinchidan, muntazam ravishda elektron pochtalaringiz, ijtimoiy tarmoqlardagi mavjud sahifa, profillaringiz, so‘zlashuv messenjerlaridagi akkauntlaringiz shuningdek, boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish, davlat xizmatlaridan foydalanuvchi tarmoqlaringiz, elektron raqamli imzo hamda pul mablag‘lari bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi dasturlardagi profillaringiz login-parollarini doimo yozib yuring. Imkon qadar ikki tomonlama xavfsizlik choralarini ko‘ring.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlardagi profillar hamda elektron pochtalarga ulangan telefon raqamingiz faol yoki faol emasligiga e’tibor bering. Agar ularga biriktirilgan telefon raqamlari tarmoqdan o‘chib ketgan bo‘lsa kelgusida mazkur tarmoqlarning parollari esdan chiqqanda unga qayta kirish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ham ayni damda foydalanib kelayotgan telefon raqamingizni kiritib qo‘ying.

Uchinchidan, hech bir tarmoq yoki pochtalarga biriktirilgan login-parollaringiz bir-biriga o‘xshash, yoki aynan o‘zi bo‘lmasligi lozim.

To‘rtinchidan, o‘rnatilgan parollar esa sizning tugʻilgan yil, oy, kun sanalaringiz bilan bogʻliq boʻlmasin.

Beshinchidan, sahifa yoki profilning paroli login bilan bir xil bo‘lishi lozim.

Oltinchidan, parollaringizni 1 yilda kamida 2 marotaba yangilab boring. Yangilangan parollar esa avvalgisiga o‘xshash bo‘lmasligi kerak.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki. Yoqoridagi tavsiyalar shaxsiy kuzatishlarim, o‘zim duch kelgan muammolar orqali sizlarga ma’lum qilinmoqda. Ba’zi bir fikr, yoki tushunchalarda xato-kamchiliklar yuzaga kelgan bo‘lsa to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘rayman. Zotan axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspert-mutaxassis bo‘lmasam ham o‘zim bilgan ayrim jihatlarni siz bilan o‘rtoqlashgim keldi.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
5-fevral 2024-yil