Yodingdami onang allasi,
Seni alqab yurgan pallasi,
Asli shundan mehr chashmasi,
Bir tan, bir jon boshdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami otang duosi,
Koʻzlaringni nur-u ziyosi,
Hayotingni asli maʼnosi,
Yoddan chiqmas tushdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami bobong soʻzlari,
Sinovlardan tolgan koʻzlari,
Ortda qolgan oʻchmas izlari,
Bir ajib dam, xushdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami buving surati,
Surat ila goʻzal siyrati,
Bolalardek sodda suhbati,
Bahor-u, yoz qishdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami tugʻishgan ining,
Birga oʻynab yurgan har kuning,
U siz bedor oʻtgan goh tuning,
Toʻkilgan dur, tishdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami birinchi muhabbat,
Sevilmoqqa kutgandek navbat,
Birda azob, birida ragʻbat,
Koʻp sovigan oshdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami doʻstlar davrasi,
Shoʻxlik, quvnoq, turfa nagʻmasi,
Oʻziga xos suhbat shevasi,
Yaraqlagan toshdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami baxtli visollar,
Zavqu shavqqa egiz timsollar,
Aytsam bunda koʻpdir misollar,
Osmonoʻpar qushdir xotira
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami ota boʻlganing,
Birdan oydek, kundek toʻlganing,
Ular bilan dildan kulganing,
Koʻp eslatar ishdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami sinovli kunlar,
Yuragingni siltagan tunlar,
Gohi shod, goh baxtsiz yakunlar,
Izi qolar nishdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Yodingdami yolgʻiz damlarning,
Artilmagan koʻzda namlaring,
Dilda toʻlmay qolgan kamlaring,
Koʻksingga dogʻ, mushtdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Xotiradan tuygʻu barhayot,
Yuragingni siypalar najot –
Xotira bor – dilda bor faryod,
Gohi koʻzda yoshdir xotira,
Tuygʻularga eshdir xotira.
Bekpoʻlat BAXTIYOR
30-dekabr 2023-yil