Hijronning ming bitta jabrin totganda
sen menga shundoq ham guvohsan sevgi,
O‘zga qo‘lin tutib ketsam ham, ammo
pinhona sevsam gar gunohsan sevgi.

Sendan ming bor qochib yana o‘zingga
qaytaman mehr istab bolajon kabi,
Ko‘zingni och desa sira gap uqmas
ammoki nedandir ogohsan sevgi.

Xiyonat qo‘lidan gohi suv ichgan
shunchalar sodda-yu omisan nega?!
Farhod-u Majnunlar qalbida doim
o‘chmas bo‘lib qolgan ardoqsan sevgi.

Inson o‘z siyratin anglolmay qolsa
ko‘rsatib qo‘yasan o‘z kuching bilan,
Ul inson mayli-yu, o‘zgalarga sen
aksini ko‘rsatar nigohsan sevgi.

Osmonga o‘xshaysan bulut ham o‘zing
yomg‘ir-u qorlaring ivitar ko‘nglim,
Yor vasli gar bo‘lsa bir bora nasib
ko‘ksimga sho‘x esar sabohsan sevgi.

Bir ko‘ngil panohi bo‘lmoq mushkulda
yasharsan chiroy-u suratga uchib,
Turfa dil ichidan bir ko‘ngil tanlab
husniga mahliyo sayyohsan sevgi.

Hijronlar isitmamni oshirsa nogoh,
umidlar bo‘ladi yurak dorisi,
O‘zingdan malhamlar topaman men ham
eng tabiiy xushifor giyohsan sevgi.

Armonlar zanjiri uzilmay ketsa hasratim
aritmoq bo‘lasan yana,
Xiyonat yurakni ming nimta qilsa
o‘zing shifokor-u jarrohsan sevgi.

Sendan aziz baxtim topdim ming shukr
yosh umrim niholi yashnagin abad,
Bekpo‘lat Baxtiyor ko‘ngil to‘rida
qadrdon ne’mat-u panohsan sevgi.

Bekpoʻlat BAXTIYOR
“Jannatim-Onam” toʻplamidan. 2015-yil