shaxsiy veb-sayt
Nazm · She'r

SIZDAN BOʻLAK KIMIM BOR!

Muallif: Bekpo'lat Baxtiyor · 28.11.2022

Hayot gohi beshafqat,
Sabringiz berdi ragʻbat,
Boringizga ming rahmat,
Daryoda ham tinim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Bemor boʻlsam bemorsiz,
Bedor boʻlsam bedorsiz,
Yoʻllarimda xumorsiz,
Koʻp chiqmagan unim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Farzandlar oʻz yoʻliga,
Chiqib ketar toʻriga,
Shukr qilib boriga,
Yaxshi-yomon kunim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Kelib-ketar doʻstlar koʻp,
Yolgʻon-yashiq soʻzlar koʻp,
Sirli bosar izlar koʻp,
Gohi bedor tunim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

But aylagan bardoshim,
Eng samimiy sirdoshim,
Dardim olar, darddoshim,
Koʻzlarimda nurim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Siz bor, dildan masrurman,
Siz bor, metin mansurman,
Siz bor, bunda manzurman,
Ochiq, ravon yoʻlim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Baxtimning gultojisiz,
Umrimning dilrozisiz,
Ruhimning pardozisiz,
Barcha bilar sirim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Onajonim, onajon,
Koʻnglimda porlar jahon,
Men uchun aziz inson,
Nurday porloq umrim bor,
Sizdan boʻlak kimim bor!

Bekpoʻlat BAXTIYOR

Ulashish
Bekpo'lat Baxtiyor

Bekpo'lat Baxtiyor

Shoir va jurnalist. She'riyat, jurnalistika va musiqa yo'nalishlarida ijod qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan