❦
Bugun jismim salomat,
Viqorlidir salobat,
G‘amga kelsa gar navbat,
Qaytmaysanmi orqaga?
Sevasanmi ertaga?
Sinovlarga duch kelsam,
O‘z yog‘imga qovurilsam,
Unutilmas, hech qasam,
Quloq solmay kimsaga,
Sevasanmi ertaga?
O‘tgan kunlar hurmati,
Muhabbating qudrati,
Sadoqatning fursati,
Nifoq solmay o‘rtaga,
Sevasanmi ertaga?
Yaxshi-yomon kunimda,
Dardli, bemor tunimda,
Yiroqlashmay, yonimda,
Dosh berib har zarbaga,
Sevasanmi ertaga?
Mol-u dunyo o‘tkinchi,
Tingla oshiq o‘kinchi,
Baxtdan kelsa suyunchi
Ko‘zing shoshmay foydaga,
Sevasanmi ertaga?
Bekpo‘lat BAXTIYOR
11-noyabr 2024-yil

Bekpo'lat Baxtiyor
Shoir va jurnalist. She'riyat, jurnalistika va musiqa yo'nalishlarida ijod qiladi.