SARA IJOD NAMUNALARI

OʻZINGSAN

Sirim bilib oʻzgaga sotguvchi ham oʻzingsan,
Gʻanim kelsa poyiga tutguvchi ham oʻzingsan.

Buncha boʻlma “xokisor” yuz-koʻzingdan bilinar,
Bir kun aziz boshimga yetguvchi ham oʻzingsan.

Omad ketsa yonimdan yoʻling topolmay hayron,
Mendan oldin sen tayyor, ketguvchi ham oʻzingsan.

Mendan gumon qilma deb, “doʻstligingni” qilma pesh,
Jon doʻstim, deb ming bora aytguvchi ham oʻzingsan.

Diling boshqa til boshqa, buncha soxta odamsan,
Aytgan soʻzingdan darrov, qaytguvchi ham oʻzingsan.

Ishing bitsa baʼzida, salom bermay oʻtasan,
Soʻng kerakmas buyumdek otguvchi ham oʻzingsan.

Nafim tegib kun ora joningga oro boʻlsam,
Ostonamda itlardek yotguvchi ham oʻzingsan.

Hayot meni suysa gar, hasad senga yor boʻlar,
Iching kuyib zulmatga botguvchi ham oʻzingsan.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
“Mehringizdan aylanay”
she’riy to‘plamdan.

Exit mobile version