SARA IJOD NAMUNALARI

JAVOBSIZ SEVGINING UVOLI YOMON

Ey, yorim beparvo boʻlma bunchalar,
Koʻngilda soʻnadir umid gʻunchalar,
Ayt, mening gunohim nima shunchalar?
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Sahardan shomgacha diydoring koʻzlab,
Yuribman, sogʻinsam pinhona boʻzlab,
Qatra-qatra dardim suratga soʻzlab,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Chin oshiq bunda ming, xarob boʻlsa-yu,
Orzular birma-bir sarob boʻlsa-yu,
Koʻz yoshim oʻzimga sharob boʻlsa-yu,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Mendan qochib yurma, boʻlib erkatoy,
Yuragim huvullab qolgan boʻsh saroy,
Senga ham qiyindir, bilmam, hoynahoy,
Javobsiz sevgining uvoli yomon.

Bekpoʻlat Baxtiyor, kunda dard yutar,
Yoʻlingni poylab intizor kutar,
Javobin oladi kim neki tutar,
Javobsiz sevgining uvoli yomon…

Bekpo‘lat BAXTIYOR
“Mehringizdan aylanay”
she’riy to‘plamdan.

Exit mobile version