Turkiya hamda Janubiy Koreya kinoijodkorlari tomonidan 1950-yil Shimoliy Koreya hamda Janubiy Koreya oʻrtasida boʻlib oʻtgan oʻzaro urushning real voqealari asosida suratga olingan “Ayla” badiiy filmini kuchli hayajon bilan tomosha qildim.
Film oʻsha yillar urushda bir-birini uchratgan dili va millati boshqa-boshqa boʻlgan Turkiyadan safarbar etilgan harbiy yigit, ota-onasi urushda vafot etgan koreyalik qizaloqning boshidan kechirgan voqealari aks etgan.
Voqealarni kuzatar ekansiz ota-bolalarga xos kuchli mehr, muhabbat nomoyon etgan sahnalarini hayajonlanmay koʻra olmaysiz. Urushning eng qiyin pallalarida ham Aylani oʻzidan yiroqlashtirmagan Sulaymon qiyosida bir mehribon ota timsolini koʻrish mumkin. (Ayla – film qahramoni harbiy yigit Sulaymon tomonidan, qizni topib olganda qoʻyilgan ism.)
Bir-biridan ayrilgisi kelmagan bu ikki qahramonlarning ayriliqqa taslim boʻlish sahnalari ham beixtiyor qalbingizni yumshatib yuboradi. Sulaymon Aylaga yana birga boʻlishlari uchun albatta qaytib kelishiga bergan vaʼdasining ustidan chiqa olmaslik vijdon azobi va yillar oʻtsa ham Sulaymonni tark etmagan oʻtli sogʻinchi filmning taʼsirchanligini yanada oshirgan.
Xullas, film meni juda oʻyga toldirdi. Unda, juda yaxshi fikrlar, holatlar aks etgan. Ayniqsa, Sulaymon va Aylaning ayriliq sahnalarida aytilgan mazkur gap filmning asosiy gʻoyasini ochib bergan: “Babalar evlatları için mücadele eder, onlara verdiği sözler için yaşarlar.” Tarjimasi: “Otalar farzandlari uchun kurashadilar va ularga bergan vaʼdalarini bajarish uchun yashaydilar.” Bu gapni men bejizga filmning asosiy gʻoyasini ochib bergan demadim. Chunki, chindan ham farzandlar oldida otaning naqadar masʼuliyati borligini his etish mushkul emas.
Sulaymon oradan 60 yil vaqt oʻtib, Aylani izlab topadi va ular bir-birlari bilan koʻrishadilar. Yuqorida aytib oʻtganimdek, film real voqealar asosida suratga olingani bois filmni olishga undagan jihat ham ularning 2012-yili 60 yildan keyin yana koʻrishishlaridir. Filmda ham aynan Sulaymon hamda Aylaning real holatda uchrashgan sahnalari ham oʻrin olgan. Juda chiroyli yakun! Film meni juda ruhlantirdi. Sizga ham koʻrishni tavsiya qilib qolaman.
Bir tomoshabin sifatida men ham oʻzbek kinosida shu kabi filmlar boʻlishini istardim. Zero, qaynona-kelin, boy yoki kambagʻal sevishganlar shu kabi siyqasi chiqib ketgan mavzulardan nari oʻtmas filmlardan toza zada boʻlganman. Film qanchalar yaxshi boʻlsa uni tarjimalarsiz ham koʻrish, his etish mumkin. Bekorga aytishmagan chin sanʼat dil va millat tanlamaydi.