Gohi koʻnglimizni dardlar kemirar,
Vafosiz aytilgan ahdlar kemirar,
Bu hayot insonni shu zayil sinar,
Dardga favqulodda yem boʻlmas malham,
Besh kunlik dunyoda vaqt oliy hakam.
Omad kelsa atrof uyilib qolar,
Doʻst deganing dushman tuyulib qolar,
Suymagan yorlar suyulib qolar,
Musibatda har kim boʻlolmaydi jam,
Besh kunlik dunyoda vaqt oliy hakam.
Turfa odam, yuzi niqobli qancha,
Oʻzini men degan xitobli qancha,
Tuhmatga koʻmilgan azobli qancha,
Otashda toblanmay pishmas kabob ham,
Besh kunlik dunyoda vaqt oliy hakam.
Oʻzicha yechilmas tugunlar bisyor,
Bir zumda fosh boʻlmas yolgʻonlar bisyor,
Soxtalik yoʻgʻrilgan isyonlar bisyor,
Koʻngildan joy olar turfa oʻy, alam
Besh kunlik dunyoda vaqt oliy hakam.
Bekpoʻlat, gʻam kelsa birdam oʻzing tut,
Hikmatli dunyoning hikmatlarin kut,
Gohida eng toʻgʻri qarordir sukut,
Sinovga dosh berib ulgʻayar odam,
Besh kunlik dunyoda vaqt oliy hakam.