SARA IJOD NAMUNALARI

CHARCHADIM

Kengga kenglik yoʻq – dunyo,
Tengga tenglik yoʻq – dunyo,
Bemavrid-u, bemaʼno,
Gumonlardan charchadim.

Bir kun seni alqashlar,
Bir kuni seni qargʻashlar,
Osmon qalbing yer tishlar,
Maydonlardan charchadim.

Koʻngil gohi muallaq,
Dilni anglar faqat Haq,
Koʻp ranjitar oh, nohaq,
Isyonlardan charchadim.

Yuzga aytsang zahri yoʻq,
Qadrlasang qadri yoʻq,
Kechay desang bahri yoʻq,
Insonlardan charchadim.

Kimlar uchun naf boʻlar,
Turnaqator saf boʻlar,
Bir kun kelib daf boʻlar,
Chaqqonlardan charchadim.

Tinmaydi bu dil zori,
Tugamagan ozori,
Choychaqadek bozori,
Arzonlardan charchadim

Yuragimni tirnagan,
Sabotimni sinagan,
Ishonchimni tunagan,
Yolgʻonlardan charchadim.

Oʻng tomonda bir kuni,
Soʻl tomonda bir kuni,
Ming tuslanar har kuni,
Tomonlardan charchadim.

Kelib ketar suhbatdosh,
Husni go‘zal, qalbi tosh,
Kuydirguvchi qalamqosh,
Mujgonlardan charchadim.

Bisotimdan umidvor,
Ayyor, makkor, hiylakor,
Bemaqsad-u, beqaror,
Nodonlardan charchadim.

Xayollarim to‘zg‘itgan,
G‘azablarim qo‘zg‘atgan,
Hislarimni irg‘itgan,
Bo‘ronlardan charchadim.

Halovati yoʻq kunim,
Armon quchar har tunim,
Dilda topgan bu qoʻnim,
Figʻonlardan charchadim.

Javobi yoʻq savolim,
Oʻgʻirlagan xayolim,
Dilda ortgan malolim,
Armonlardan charchadim.

Zo‘rlar uchun zo‘r – dunyo,
Chigallikda to‘r – dunyo,
Ko‘r-ko‘rona ko‘r – dunyo,
Zamonlardan charchadim.

Bekpo‘lat BAXTIYOR
7-yanvar 2024-yil

Exit mobile version