SARA IJOD NAMUNALARI

YOMG‘IR YOG‘AR EZIB-EZIB

Yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Dardlarimni sezib-sezib.
Sen ketarsan, bir so‘z demay,
Dilimdan dil uzib-uzib.

Har tomchisi ming bir toshdek,
Yuragimga tegib ketar.
Yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Qaddi bastim egib ketar.

Yomg‘irlardek to‘kildi ishq,
Endi zavq-shavq bermas hislar.
Yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
O‘chib ketdi qancha izlar.

Endi menga begona yor,
Xotiralar begonadir,
Yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Yomg‘irlar ham bahonadir.

Yomg‘ir yog‘ar ezib-ezib,
Hislar yurar suzib-suzib.
Taqdirga tan bermoq kerak,
Ketolmaymiz undan o‘zib…

Bekpoʻlat BAXTIYOR
26-dekabr 2023-yil

Exit mobile version