Jigarlar bir birin urib-so‘karlar,
Janjalga uy-joylar asos bo‘ldimi?
Alhazar! Ba’zilar qon ham to‘karlar…
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?
Keng hovli o‘rtasin ikkiga bo‘lib,
Bundan ovsinlar shod, ko‘ngli ham to‘lib,
Vijdon ham boradi tobora so‘lib,
Loyqalangan soylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?
Ota-ona go‘rda yotgandir notinch,
Ruhi sargardon-u, sarsona betinch,
Bu qanday zalolat, qandayin o‘tinch?
Qalb ko‘zi ko‘r boylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?
Kimga o‘rnak bo‘lding, kelajakkami??
Orzularga bir-bir yetajakkami?
O‘zdan nom qoldirib ketajakkami?
Otga o‘xshar toylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?
O‘zicha oqil-u, donolar bisyor,
Keng hovliga sig‘mas yurak bag‘ri tor,
Ey do‘stim, hayotda shundaylar ham bor!
Juftin topmas poylar asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?
Bekpo‘lat Baxtiyor, bu illat yomon,
Bu gulgun chehrangni aylaydi somon,
Bundan hayot o‘zi asrasin hamon,
Goho dog‘li oy ham asos bo‘ldimi?
Jigarlik rishtasi qasos bo‘ldimi?