ALDANIB YASHAYMAN 12.08.2023 | 11:25 FacebookTwitterTelegram Yolgʻon koʻp dunyoda, yolgʻon dunyoda, Har onda qadamim qoʻrqib tashlayman. Chin soʻzni topmayman, topsam befoyda, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Dilimdan oʻtgani oʻzimga ayon, Gumon toʻlgan bagʻrim har kun mushtlayman. Goʻyoki men uchun jamiki yolgʻon, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Dardlarim boricha aytsam ne foyda, Javobsiz savoldan koʻngil gʻashlayman. Oʻzimni koʻraman loyqalik soyda, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Bir murgʻak goʻdakdek, chalgʻib, darbadar, Oʻzimni har yonga urib boshlayman. Bu koʻnglim faqatki vafo axtarar, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Dilimda iztirob, yuzimda kulgi, Begona oldida oʻzim ushlayman. Soxta mehr, muhabbat soxta har tuygʻu, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Boʻgʻzimdan chiqolmas unlarim bisyor, Biyron-biyron tilim nogoh tishlayman. Haqiqat izlayman, bu koʻnglim abgor, Aldanib yashayman, aldab yashayman. Bekpoʻlat BAXTIYOR 4-avgust 2023-yil